Obuna bo`ling!
USD9384.00
EUR10393.72
RUB140.14
Rishtondan reportaj: Bo‘lar-bo‘lmasga majburiy mehnat deyaversak, mehr-oqibat tuyg‘ularimizni boy berib qo‘yamiz
Jul 31, 2019
395

Ayni kunlarda Rishton tumani ulkan qurilish maydoniga aylangan. Aslida minglab quruvchilar, xasharchilar, ko‘ngillilar mehnat qilayotgan bu yurtdagi yangilanishlar yorqin kelajakdan daxldor.

Sir emas, bugun bu yurtda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari turli ommaviy axborot vositalari tomonidan turli qarashlar asosida yoritilayotir. Aslida bir voqelikka nisbatan yuzlab fikrlarning shakllanishi va bildirilishi mamlakatimizda plyuralizm – fikrlar xilma-xilligining yanada rivojlanib borayotganidan darak beradi. Bu – quvonarli holat. Biroq Rishton tumanida olib borilayotgan ommaviy hashar ishlariga nisbatan ayrim ommaviy axborot vositalari tomonidan majburiy mehnat, deya tamg‘a urilayotgani, bizningcha, umuman boshqa mavzu.

Tumanda mehnat qilayotgan keng jamoatchilik vakillari orasida bo‘lib, ularning xolis fikrlari bilan qiziqdik:

Odiljon AHMADJONOV,

Buvayda tumani, Oqqo‘rg‘on qishlog‘i faoli:

Bizning qishloqliklar anjirchilik bilan shug‘ullanadi. Qish mavsumida sovuq olmasligi uchun uni mahalladoshlar bilan hashar qilib ko‘mamiz. Iloji yo‘q! Bo‘lmasa ulgurmaymiz. Rishtonda ham boshlangan bu hayrli ishlar shunchalik salmoqliki, rishtonliklarning o‘zi bu ishlarni qisqa muddatda bajara olishlariga jismonan qodir emas. Bu esa bunyodkorlik ishlarining samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq. Shuning uchun ham ularga ko‘mak va rag‘bat zarur. Aslida, xalqimiz qadriyatlaridan biri hashar ham mana shunday vaziyatlarda qilinadi. Mahalla fuqarolar yig‘inidan ko‘ngillilarni so‘rashdi. Mahalladoshlar bilan uch-to‘rt kishi bo‘lib kelaverdik. Savobidan umidvormiz.

O‘tkir QOSIMOV,

Bag‘dod tumani Cho‘rindi qishlog‘i:       

         Negadir bugunga kelib hashar ishlariga majburiy mehnat sifatida qarash shakllanib boryapti. Rishtondagi qurilish va yangilanishlar xususidagi materiallar bilan muntazam tanishib boryapman. Menimcha, hashar ishlarini noto‘g‘ri talqin qilishda ayrim internet nashrlarining “hissasi” bor. Har narsani pulga bichish, unga salbiy ruh berish shart emas, fikrimcha. Masalan, har yili qishloqlarda darveshonalar o‘tkazilib, mahallalar, qabristonlar, ko‘chalar obod qilinadi. YOlg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotganlar holidan xabar olinadi. Bunga hech kim majburlanmaydi-ku. Har bir oila vakili ongli tarzda bel bog‘laydi bu ishlarga. Rishtondagi bunyodkorliklarga ham shu go‘zal an’analarimizning biri sifatida qarash lozim. Razm solsangiz, mehnatkashlarga kimdir suv tutgan, kimdir ularning samarali mehnatlariga sharoit yaratgan... Vaholanki, ular bir-birlarini yaxshi tanishmasa ham, bir zamin farzandlari. Xullas, o‘zbekona hasharning haqiqiy ko‘rinishi. O‘rtog‘im Jahongir bilan Rishtonga kelganimizga mana 4 kun bo‘ldi. Bizni hech kim majburlagani yo‘q, hoxish-irodamiz bilan o‘zimiz kelganmiz. Oziq-ovqatlarimizni  qilib berishyapti. Ilgarilari hasharlarda biror marta ishtirok etmaganlar buni tushunishlari qiyin, menimcha.

Sodirjon HAYDAROV,

Qurilish ishlari bo‘yicha Rishton tuman hokimi o‘rinbosari:

– Nega ayrim OAV olib borilayotgan bu hayrli ishlarga majburiy mehnat sifatida baho berishyapti, hayronman. Aksariyat nashrlar Rishtonga kelganida faqat aholi yoki ayrim nosog‘lom fikrdagi fuqarolar bilan suhbatlashishyapti. Mayli, kelishsin, bemalol! Barcha aholimiz, hasharchilarimiz bilan suhbatlashishsin. Lekin tarozining pallasini teng ushlashsin-da. Biz bilan ham suhbat qurishsin. YAngiliklar, muammolar, bo‘lajak ishlar haqida so‘rashsin. Lekin xolislik pozitsiyasidan chetga chiqishmasin. Nega noxolis yondashaverishadi?! Ayrim jurnalistlarning Rishtonga kelganligini materiallarining e’lon qilinganidan keyin bilamiz. Yoki bu yerga kelmasdan, tanishmasdan, haqiqiy vaziyat va sharoit qanday ekanligini bilmasdan, faqatgina telefon orqali suhbatlashib, fotosuratlarni tarmoqlar orqali olib maqola chop etayotganidan ham habarimiz bor. Axir, viloyat va tuman hokimliklari hamda shu ishlarga mas’ul shaxslarning ham niyatlari, harakatlari yaxshilikka-ku!

Rishton chindan ham bugun mardlik va jasorat, ezgulik va saxovat, yuksak odamiylik maydoniga aylangan. Shuning uchun ham minglab hamyurtlarimiz ongli tarzda faol fuqarolik pozitsiyasi bilan hasharga otlanishgan. 

– To‘g‘risi, xalq katta kuch ekanligiga shu ommaviy hasharda amin bo‘ldim, – dedi Kulalon ko‘chasida istiqomat qiluvchi mehnat faxriysi SHodmonjon Alimov. – Sovuq kunlar kelguncha qurilish ishlariga ulguramizmi, deb ilhaq edim. Bir haftada qiladigan yumushlarimizni bag‘dodlik quruvchilar bir kunda amallashdi. Baraka topishsin. Hashar uyushtirilmaganda nima qilar edik, hayronman.

Tumanda qurilish-bunyodkorlik ishlari viloyat sektor rahbarlari, viloyatdagi barcha mutasaddi tashkilot va korxonalar tomonidan ahillik va hamjihatlikda jadallik bilan olib borilmoqda.

Yana bir narsani qo‘shimcha qilmasam bo‘lmaydi. Faqat buni viloyat hokimini olqishlash, unga “paxta qo‘yish” deb tushunmang, aslo!

Sh.G‘aniyev tumanga har kuni, vaqt topdi deguncha kelib turibdi. Bu kelishlardan maqsad ham fuqarolarning turli muammolariga o‘rnida echim topish, ularni qiynayotgan masalalarni bartaraf etish ekanligi kunday ravshan. Uning piyodami, velosipeddami, skuterdami borib, xalq bilan samimiy muloqoti, obodonlashtirish va bunyodkorlikka to‘g‘anoq bo‘layotgan muammolarni hal etish bo‘yicha o‘z qo‘l ostidagilarga berayotgan topshiriqlariga guvoh bo‘ldim. Undan o‘rnak olibmi, tuman-shahar hokimlari, o‘rinbosarlar ham tuflisi chang bo‘lib qolishidan, “pastga tushib qolishdan” qo‘rqmay, xalq bilan, hasharchilar bilan bir jon-bir tan bo‘lib mehnat qilishlarini, bir piyoladan (ha, bitta piyolada) suv ichib, yonma-yon, elkadosh bo‘lib masalalarni hal qilayotganlirini ko‘rdim...

Tuman markazida chin dildan ishlayotgan yozyovonlik hasharchilar oldiga borib, bir muddat ularga ko‘mak berishimni aytdim. Kiyimlarimni almashtirib, to‘kib ketilgan bir uyum g‘ishtni quruvchilarga yaqinroq joyga olishga yordamlasha boshladim. Bilmadim, kun issig‘i ta’sir qildimi yo bunaqa ishlarni har zamonda qilganimiz sababmi, birpasda terga botib ketdim. Shu topda bu ishga barvaqtroq kelmaganim, oldinroq vaqt topib hasharga bosh qo‘shmaganimdan biroz uyalayotganimni ham ich-ichimdan his qilardim. Ammo ruhim baland edi.

Siz ham keling, muhtaram yurtdosh. Uzoqdan qarab-qarab ketib qolmang. Hasharga qo‘shiling, ezgu maqsadlar yo‘lida javlon urib mehnat qilayotganlar safiga qo‘shiling. Samimiyat, mehr-oqibat epkinlarini his qilasiz bu yerda. Xalqimizning naqadar bag‘rikengligi, muhtojlarga ko‘mak uchun hamisha tayyorligidan dilingiz yayraydi.

 Davlatyor Himmat    

 

Mavzuga oid

Reklamangiz uchun ajoyib joy
+998-93-372-03-50