• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Iqtisodiyot Markaziy Farg‘ona cho‘lida yangi korxona ish boshladi
Iqtisodiyot

Markaziy Farg‘ona cho‘lida yangi korxona ish boshladi

  • 05.11.2019 / 12:08
  • 3531
  • 0
111

Bugun, 5 noyabr kuni Yozyovon tumanining eng chekka hududlari sirasiga kiruvchi “Toshhovuz” mahalla fuqarolar yig‘inida “Yozyovon baraka chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z faoliyatini boshladi, deb xabar berdi Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati.

Korxonaning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev ishtirok etib, ayollarning bandligini ta’minlash orqali ularga to‘laqonli turmush sharoiti yaratib berish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

“O‘zbekpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bunyod etilgan yangi korxonada ishlash uchun 130 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur korxonani qurilishi uchun 1 milliard 700 million so‘m mablag‘ sarflanib, Xitoydan tikuv mashinalari olib kelib o‘rnatildi.

Belgilangan rejaga ko‘ra, joriy yilda viloyatning 7 ta hamda 2020 yilda 8 ta tumanida shu kabi tikuvchilik korxonalari ishga tushiriladi, deydi “Fargona baraka chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Davronbek Jo‘raboyev. – Hozirda Rishton tumani hamda Farg‘ona tumanining Shohimardon qishlog‘ida loyihalarimiz amalga oshirilib, ko‘plab xotin-qizlarning bandligini ta’minlashga erishildi. Ta’kidlash joizki, mazkur korxonalarga nogironligi bor xotin-qizlar ham ishga jalb etiladi. Ular imkoniyatiga yarasha mehnat qilsalar-da, bir yil davomida belgilangan tartib va miqdordagi ish haqi to‘lanadi.

Korxona ish boshlagan hududda yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qad rostlab, obod massivga aylanyapti. Yangi uy-joylarga ko‘chib o‘tgan ayollarni ish bilan ta’minlashda  bu loyihaning o‘rni katta. Mazkur korxonada “Toshhovuz” va “Takalik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi xotin-qizlar ishli bo‘lib, ularning safida 10 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ham bor. Bu yerda mehnat qilayotgan 34 nafar xotin-qizlar tikuvchilik kasbiga qayta tayyorlandi.

Viloyat hokimi korxonaning har bir ishchisi bilan suhbatlashib, ularning oilaviy sharoiti, muammolari, uy-joyi va ijtimoiy ahvoli bilan qiziqdi. Ular tomonidan bildirilgan fikr, taklif va mulohazalarni tingladi hamda o‘z munosabatini bildirdi.

“Jasorat” medali sohibi, 2-guruh nogironi Nodira Ahmadaliyevaning ham orzusi ushaldi. U yaqinda “Toshhovuz” mavzesidagi yangi uyga ko‘chib o‘tgandi. Bugun esa o‘zining sevgan kasbi – tikuvchilik bo‘yicha ham ishli bo‘ldi.

Yangi korxonadagi kiyim-kechaklarning o‘z buyurtmachisi bor. Shuningdek, yozyovonlik qo‘li gul chevarlar tomonidan tayyorlanadigan keng assortimentdagi mahsulotlarni qo‘shni davlatlarga eksport qilish ham rejalashtirilmoqda.

Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev korxonaning tantanali ochilish marosimidan so‘ng mahalla aholisi, oqsoqolu onaxonlar bilan samimiy suhbatlashdi. Ular davlatimiz rahbarining xalqqa ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligidan minnatdor bo‘lib, duo qildilar.

 

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar