• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Madaniyat Abdulhay Karimov: «Muxlislar qalbiga yetib bormagan qo‘shiq hech kimga kerakmas buyumdek bir gap»
Madaniyat

Abdulhay Karimov: «Muxlislar qalbiga yetib bormagan qo‘shiq hech kimga kerakmas buyumdek bir gap»

  • 26.11.2019 / 09:57
  • 1718
  • 0
111

«O‘z yo‘lingni topish uchun izlan, mehnat qil!»

— Farg‘ona pedagogika instituti(hozirgi Farg‘ona davlat universiteti)ning matematika fakultetida tahsil olib yurgan kezlarim bo‘sh vaqtlarda Quva tumanidagi «Anor» ashula va raqs dastasida havaskor xonanda sifatida ishtirok etib yurardim. 1985 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan «Chashma» ko‘rik-tanlovida «O‘tar» qo‘shig‘ini ijro etib, ustozlar e'tirofiga sazovor bo‘lganman. Bu esa meni katta san'at olamiga etakladi. Harbiy xizmatdaligimda el suygan san'atkorlar — Ikromjon Bo‘ronov, Abduhoshim Ismoilov singari soha bilimdonlari bilan yaqindan tanishib, ulardan qo‘shiq yaratish sir-asrorlarini o‘rganganman. «O‘zbekiston bulbuli» deb e'tirof etilgan ustoz san'atkor Tavakkal Qodirov bilan kechgan damlarim meni ijodkor sifatida tobladi, pishitdi. Ustoz bir o‘gitini ko‘p takrorlardi: «Taqlidchi bo‘lib qolmagin, o‘z yo‘lingni topish uchun izlan, mehnat qil!» degandi.

«Qo‘shiq kuylashning mas'uliyati, tosh-tarozisi bor»  

— Farg‘ona azaldan o‘ziga xos san'at maktabiga ega bo‘lib kelgan. Shu bois ham bu dargohda ijod qilish, qo‘shiq kuylash, shinavandalar ko‘ngliga yo‘l topishning o‘ziga yarasha mas'uliyati, tosh-tarozisi bor. Ijodkordan, avvalo, qunt bilan ishlash, izlanish talab qilinadi. Bu yo‘lda biroz to‘xtagan odam «karvon»dan ajralib qoladi. Ijod qilayotganimga o‘ttiz yildan oshgan bo‘lsa-da, hanuz izlanish, o‘rganish, mehnat qilish bilan bandman. Shu maktabga munosib bo‘lish, uning o‘ziga xos jihatlarini ko‘rsatib berishga harakat qilyapman. Chunki qo‘shiqchi sifatida elda obro‘-e'tibor, shuhrat topish uchun, avvalo, odamlar ko‘ngliga «qo‘l solish» kerak. Qolaversa, shinavandalar hayoti, ichki kechinmalariga begona bo‘lgan qo‘shiq yuksak darajada ijro etilsa-da, muxlislar ko‘nglidan joy ololmaydi, tez unutiladi. Yaxshi qo‘shiqni o‘tkir qilichga o‘xshatishadi. Qilich ikkala tomoni ham birdek keskir bo‘lgan o‘tkir qurol. Uni qanday ishlata bilish qurol egasining bilim va mahorati, sinchkovligiga bog‘liq. Xususan, bugun muxlislarga manzur bo‘lgan qo‘shiqlarimni yaratish uchun yillab mehnat qilganman, kunlarni tunga ulaganman. Qolaversa, san'atkor kuy-qo‘shiq yaratishni kun tartibidagi oddiy ish deb qaramasligi kerak. Qo‘shiq ijod mahsuli, u bir yoki ikki kunda paydo bo‘lib qoladigan narsa emas. Yaxshi qo‘shiq uchun har qaysi davrda ham mehnat, ijodiy izlanish kerak bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi.

«Har bir qo‘shiqda maqsad va g‘oya bo‘lishi kerak»

— Bugun o‘zbek san'ati, ayniqsa, qo‘shiqchilik maktabida o‘ziga xos rivojlanish, taraqqiyot jarayoni ketmoqda. Ko‘plab yangi ovozlar, yangi yo‘nalishda ijod qilayotgan yoshlar sahnaga chiqib kelmoqda. Albatta, bu quvonarli. Biroq yoshlarimiz har bir qo‘shiq biror-bir maqsad, ezgu g‘oya asosida yaratilishi lozimligini unutmasliklari zarur. Qo‘shiqni tinglagan odam uni o‘z qalbida his qilishi va shunga monand ish tutishi kerak. Lekin bu kimgadir taqlid qilish, «o‘g‘irlash» kerak degani emas. Afsuski, keyingi paytlarda yosh qo‘shiqchilar ijrosidagi san'at namunalarini tinglab, u qaysi millat yoki elatning kuy va ohangida kuylayotganini anglash qiyin. Sahnada bir nimalar deb u yoqdan bu yoqqa  to‘tidek «g‘udrab» borib kelayotgan qo‘shiqchilarni ko‘rib, bular qaysi «maktabda tahsil oldi ekan», deya taajjublanaman. Ular nima demoqchi, nimani ko‘rsatmoqchi? Sahna, kiyinish, muxlislar bilan muloqot madaniyati ular uchun begona. Bu bilan zamonaviy uslubdagi qo‘shiqlar yaratilmasligi kerak degan fikrdan yiroqman. San'at har doim ezgulikka xizmat qilishi zarur va yoshlarimizning bugungi ijrolari mumtoz musiqamiz, o‘zbek qo‘shiqchilik maktabiga munosib bo‘lishi, uning chinakam rivojiga salbiy ta'sir etmasligi, tomoshabin, ayniqsa, farzandlarimizni chalg‘itmasligi kerak. Yengil-yelpi kuy-qo‘shiqlarni tinglab, ularga oshufta bo‘lib ulg‘aygan bola, hayotga ham ana shu  ko‘z bilan qaraydi.

«Loqayd san'atkorning o‘zi e'tibordan chetda qoladi»

— Qo‘shiq yaratish har kimning ovoz imkoniyati, oilaviy muhit, ma'naviy dunyoqarishiga bog‘liq. Elga manzur bo‘lgan ko‘plab qo‘shiqlarim turmush o‘rtog‘im, shoira Marhaboxon Karimova qalamiga mansub. Oilamizda ijodiy hamjihatlikka alohida e'tibor beramiz. Marhaboxon ijodida oddiy odamlarning qalb kechinmalari, hayot tarzi o‘ziga xos ohang, sodda va ravon tilda bayon etiladi. Chunki o‘zingiz uchun dilkash suhbatdosh, maslakdosh bo‘lgan kishilarning kundalik orzu-maqsadlari bilan hisoblashmay turib, yaxshi qo‘shiq yaratib bo‘lmaydi. Atrofga e'tiborsiz, loqaydlik bilan nazar tashlagan san'atkorning o‘zi e'tibordan chetda qoladi. Shu o‘rinda bir jihatga e'tibor qaratish zarur. Aksariyat qo‘shiq kuylayotgan yoshlar aytilayotgan she'r egasi nomini sir saqlaydi, uni hech qaerda ko‘rsatmaslikka harakat qiladi. Holbuki, she'r ijod mahsuli, shoir ko‘ngil kechinmalari, qalb tug‘yoni tufayli qog‘ozga tushadi. Uni qo‘llab-quvvatlasak, hurmatini joyiga qo‘ysak, yanada yaxshi she'rlar, qo‘shiqlar yaratilaveradi.

Qimmat qo‘shiqlar qadri qancha?

— Bugun qo‘shiqlarga «klip» ishlash an'anaga aylandi. To‘g‘ri, bu ham zamonaviylik, taraqqiyot belgisi.  Men birinchilardan  bo‘lib «To‘y bola» qo‘shig‘imga klip olganman. Unda havoyi narsalar emas, aksincha, milliyligimiz, o‘zligimizga mos bo‘lgan an'analar jonli so‘zga monand tarzda ko‘rsatib berilgan. Shu bois ham undan samarali va o‘rinli foydalanish lozim. Aytmoqchimanki, qo‘shiqda yangrayotgan so‘zlar klipdagi muhit, unda ko‘rsatilayotgan manzaraga mos bo‘lishi kerak. Bugun ayrim kliplarni ko‘rib, bu qo‘shiq Amerika  yoki Dubayga qanday aloqasi bor ekan, deb o‘ylanib qolaman. Eng muhimi, katta xarajat, ovoragarchilik bilan ishlangan bunday  «mahsulot»dan hech kimga manfaat yo‘q. Aksincha, uning bugungi hayotimiz, yoshlar ta'lim-tarbiyasiga salbiy ta'siri bor. Eng achinarlisi, katta mablag‘ hisobiga suratga olingan bunday klip va qo‘shiqlar biroz vaqt o‘tib, hech kimga keraksiz buyumdek «sandiq»larda qolib ketmoqda.

«Jonli ijro — muxlislar oldidagi hisobot»

— Jonli ijro – har qanday qo‘shiqchiga qo‘yiladigan eng birinchi talab bo‘lishi kerak. Axir, bitta qo‘shiqni o‘z ovozida maromiga etkazib ayta olmagan san'atkor bu chamanda nima qilib yuribdi? Qolaversa, muxlislar oldida jonli qo‘shiq ayta olish san'atkorda faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi kerak. Yashirmaymiz, zamonaviy qo‘shiqchilikda fonogrammaning o‘ziga xos o‘rni bor. U ham o‘z davrining taraqqiyoti, rivojlanish mahsuli sifatida hayotga kirib kelgan. Ammo bu hamma ishni ana shu «beminnat yordamchi» zimmasiga tashlab qo‘yish kerak, degani emas. Har narsaning o‘z o‘rni, me'yori bo‘lishi zarur. Bu borada qo‘shiqchilar, sozandalar tashabbus ko‘rsatishlari kerak. Jonli ovozda kuylay olish muxlislar oldida o‘ziga xos hisobot vazifasini o‘taydi. San'atkor o‘z imkoniyatlari, kelgusidagi reja va maqsadlarini ana shu jarayonda obdon toblab olish imkoniga ega bo‘ladi.

Bugungi qo‘shiq shinavandalarining didi, talabi o‘zgardi. Endi qo‘l uchida ijod qilib bo‘lmaydi. Talabga yarasha «mahsulot» deganlaridek, san'atkor hamisha izlanishda bo‘lishga majbur. Tinglovchilar faqat yangi va yaxshi qo‘shiqlarni talab qiladi. Shu bois ayni paytda yaxshi ijod namunalari ustida ish olib boryapmiz. Bugungacha bir nechta yangi qo‘shiqlar yaratdik. Asosiy maqsad, xalqimizga sidqidildan xizmat qilish.

 

Rasuljon KAMOLOV yozib oldi.

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar