Farg‘onadagi “Gold citi” firmasi asoschisi, taniqli tadbirkor Habibullo YUnusov Istambuldagi “Atilla Karat” kompaniyasi rahbari Atima Onli bilan oltin buyumlar ishlab chiqarish zargarlik korxonasini va “Gold citi” – “Oltin saroyi” savdo shaxobchalari tarmog‘ini tashkil etish yuzasidan amaliy uchrashuv o‘tkazdi.
– O‘zbekistonda oltin va qimmatbaho toshlarni qayta ishlash, ishlab chiqarish, eksport qilish borasida eng qulay qonuniy asoslar yaratildi, – deydi Habibullo Yunusov. – Jumladan, endi tadbirkor – zargarga davlat soliq imtiyozi berdi, oltin va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlarni eksport qilishga ruxsat etildi. Oltin buyumlar sotib olish uchun kredit berish yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, endi tadbirkor – zargar oltinni xom ashyo sifatida O‘zbekistonning o‘zida sotib olish va keyin uni qayta ishlab zargarlik buyumlari ishlab chiqarishi mumkin.
– Men O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning islohotlarini qo‘llab quvvatlayman, – dedi Atima Onli. – Zero so‘nggi 50 yil ichida yurtingizda oltin va qimmatbaho toshlar savdosi asosan qora bozor qo‘lida edi. Bundan davlat ham naf ko‘rmasdi, mijoz ham. Chunki O‘zbekistonga tilla, brilliant taqinchoqlar yashirin, kontrabanda sifatida kiritilar edi. Ikkinchidan, qora bozor savdogarlari Istambulning Lalili, Oqsaroy bozorlaridan sotib oladigan tilla taqinchoqlari sifatsiz, tamg‘a ko‘rsatkichiga mos kelmasdi. Aynan, noinsof savdogarlar Turkiya shirkatlarida Rossiyada ishlab chiqarilgan degan soxta tamg‘a bosib berishni, tilla ko‘rsatkichini esa yuqori deb muhr qo‘yishni talab qilardilar.
O‘zbekiston hududi zargarlik rivoj topgan dunyoning eng qadimiy o‘lkalaridan biridir. Oltin va qimmatbaho toshlardan taqinchoq ishlab chiqarish, savdo hamda eksportini legallashtirish juda to‘g‘ri, ikki tomonlama foydali hodisadir.
Men jahon oltin va qimmatbaho taqinchoqlar ishlab chiqaruvchilar kengashi a’zosi sifatida O‘zbekistonda zargarlikni qayta tiklashga sidqidildan yordam berishga tayyorman. Bunda zargarlik texnologiyalari, laboratoriya uskunalari, mutaxassislar o‘quvini tashkil etish, ekspertlik xizmati kabi yo‘nalishlarda beminnat yordamchingiz bor, deb hisoblayvering. Zero biz turkiy tilda so‘zlovchi bir e’tiqoddagi xalqmiz va bir-birimizga ko‘maklashish burchimizdir.
“Atilla Karat” kompaniyasi Farg‘ona viloyatida qo‘shma korxona tashkil etish, savdo uylari ochish yuzasidan hamkorlik qilishga rozilik bildirdi.
– Men dekabr oyida Samarqandda bo‘ladigan zargarlar anjumanida ishtirok etaman. O‘ylaymanki, o‘shanda biz Farg‘onada ochilajak “Oltin saroyi” ishlab chiqarish – savdo majmuasi shartnomasini imzolaymiz, – dedi Atima Onli.
Farg‘onalik tadbirkorlar qurilish, charm-poyafzal, qo‘nchilik, kimyo va aqlli texnologiyalar borasida ham hamkorlik qilish yuzasidan turkiyalik ishbilarmonlar bilan muzokaralar olib borishmoqda.
Muhammadjon Obidov (Istambul)
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari