• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jahon Milliarder Alisher Usmonov boyligini kimlarga meros qilib qoldirishini aytdi
Jahon

Milliarder Alisher Usmonov boyligini kimlarga meros qilib qoldirishini aytdi

  • 04.01.2020 / 04:11
  • 1923
  • 0
111

Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan milliarder Alisher Usmonov Financial Times nashriga intervyu berdi, deb yozmoqda “Spot”. Jurnalning Lunch with the FT ruknida jurnalistlar biznesmenlar va top-menejerlar bilan restoranda birga tushlik qilib, suhbat quradi.

Alisher Usmonov bilan FT Moskva byurosi bosh muharriri Genri Foy Bavariya Alplaridagi Tegernzee ko‘li bo‘yidagi mehmonxonada uchrashib suhbat qurgan.

Intervyu so‘nggi daqiqada amalga oshmay qolishi ham mumkin edi. Usmonov kun og‘ir o‘tganini bildirgan:

“Rostini aytsam, hayotim haqida ko‘proq narsa bilishni istasangiz, ikkimiz ikki shisha aroq ichishimizga to‘g‘ri keladi”, deya jurnalistni shoshirib qo‘ygan.

Shunga qaramay intervyu amalga oshdi. Suhbat bavariyalik an’anaviy kiyingan ofitsiantlar xizmat qiladigan, klassik interyerga ega besh yulduzli mehmonxonada o‘tdi, deya qayd etgan Foy.

Bavariya an’anaviy taomlari tanovul qilingan va Usmonovning tarjimoni ham birga ular bilan o‘tirgan tushlik 288 yevroga aylangan. Ushbu to‘lovning chorak qismidan ko‘prog‘i (62 yevro) aroq uchun sarflangan.

“Aroqsiz ham suhbat qurib bo‘ladimi?”, degan Usmonov. Foyning yozishicha, milliarder “do‘stlik”, “tanlov mustaqilligi”, “sport, do‘stlar va bebaho ayollar” uchun qadah ko‘targan. Quyida intervyudan parchalar keltiramiz.

Oligarxiya haqida

Alisher Usmonov hech qachon o‘zini “oligarx” deb hisoblamagani, ixtiyoridagi boyliklar uchun davlatga qarzdor emasligi, o‘z aktivlarini bozordan xarid qilganini ta’kidladi.

“Men va mening hamkorlarim Rossiyadagi barcha aktivlarni ikkilamchi bozordan xarid qilganmiz va davlat mulkini o‘zlashtirmaganmiz. Bizga hech kim hech qachon tekinga ko‘chmas mulk bermagan”, deydi u.

Milliarder davlatning o‘ziga ko‘p marta yordam qilganini ham tan oldi.

“Katta biznes, katta sanoat aktivlarini boshqarish bilan shug‘ullanishni boshlaganimdan beri hukumat, davlat menga ko‘p jabhada foyda keltirib, bizga ko‘mak bergan”, — deya ta’kidlagan Usmonov.

Foto: Forbes

Sanksiyalar haqida

Alisher Usmonov amerikalik ayrim senatorlar talab qilayotgan AQSh sanksiyalari ostiga tushib qolishi mumkinligidan qo‘rqish yoki qo‘rqmasligi to‘g‘risida berilgan savolga bu kabi tahdidlardan aslo cho‘chimasligi, sababi hayotda bundan-da jiddiy muammolarga duch kelganini aytib javob qaytardi.

“Men sanksiyalarga munosib emasman, shu sababli ular qo‘llanilsa menga og‘ir bo‘ladi. Men bu kabi siyosiy masalalarga aralashmayman”, degan milliarder.

2014-yilda Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishi oqibatida Usmonov USM xoldingidagi ulushini 58 foizdan 48 ga tushirgan va kompaniyaga o‘ziga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilganida zarar yetmasligini ta’minlashga uringan.

Alisher Usmonovning fikricha, siyosiy va harbiy vositalarni biznesga aralashtirish noto‘g‘ri qaror bo‘ladi.

“Rossiya – katta mamlakat, dunyo yetakchilaridan biri. Ushbu davlat jahonda o‘z obro‘si uchun kurashishi lozim. Hamkorlik buni qanchalik erta tushunsa, bu borada kelishuvga erishish shuncha oson bo‘ladi. Millionlab odamlar men kabi fikrlaydi deb o‘ylayman”, — deydi u.

Facebook’ga tikkan investitsiyalari haqida

Alisher Usmonov Facebook’ga dastlabki bosqichlarda investitsiya kiritgan sarmoyadorlardan biri.

“Men ushbu kompaniyaning bir kun kelib dunyoning oyog‘ini osmondan qilib yuborishini bilardim”, — degan biznesmen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u hamkori Yuriy Milnyer bilan birga kompaniyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri 460 million va fond orqali yana 420 million dollar tikkan va Facebook’ning 8 foiz aksiyasini nazorat ham qilgan. Investitsiyalar Usmonovga besh baravar ko‘paygan holda qaytgan.

Merosi haqida

Milliarder o‘z boyliklarini qarindoshlari va kompaniyasini boshqarayotganlarga bo‘lib bermoqda.

“Hayot abadiy emas. Ko‘p odamlar menga yordam bergan. Shu sababli o‘z oilam va menejerlarimga ulushlarimni meros qoldirib ularga yordam bermoqchiman”.

Milliarderning so‘zlariga ko‘ra u boyligining 50 foizini oilasiga, qolgan yarmini esa bunga munosib bo‘lgan menejerlariga qoldiradi.

“Ayni vaqt kompaniyalarimda yuqori lavozimni egallab o‘tirgan inson o‘ziga munosib ulushni oladi. Fe’lim shunaqa. Taqdir bergan ne’matlar bilan bo‘lishish zarur”, — deydi tadbirkor.

O‘zbekiston haqida

Usmonov O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va uning jamoasiga ko‘mak berish maqsadida mamlakatdagi notijorat loyihalarga millionlab dollar mablag‘ ajratganini bildirgan.

Shuningdek, suhbat davomida 2017-yilda Mirziyoyev Nyu-Yorkga uchgan Usmonovning shaxsiy samolyoti bozor narxida ijaraga olinganini tasdiqlagan.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar