• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq Ogohlikka da’vat: Odam savdosi qurboniga aylanib qolmang!
Huquq

Ogohlikka da’vat: Odam savdosi qurboniga aylanib qolmang!

  • 07.02.2020 / 09:37
  • 2926
  • 0
111

Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Insonlar boylik orttirish maqsadida o‘z qavmini, qarindosh-urug‘larini, mahalla-ko‘yda yashab turgan mahalladoshlarini turlicha aldovlar bilan Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreyada yaxshi haq to‘lanadigan ishlarga joylab qo‘yishni va’da qilib noqonuniy yo‘llar bilan olib chiqib ketib, sotib yubormoqdalar. Bunday holat millatimizning fojiasidir. Ayniqsa, bu ishlarga ayollarning aralashgani kechirib bo‘lmaydigan holatdir.

Dunyo bo‘yicha turli manbalardan olingan ma’lumotlarga qaraganda, odam savdosidan jabr ko‘rganlar soni salkam 200 millonga yetgan, deb qayd qilinmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra esa, har yili dunyoda o‘rtacha 2,5-3 million kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Har yili qariyb 1 millionga yaqin ayollar va bolalar aldov yo‘li bilan chet ellarga olib ketilib sotib yuborilmoqda. Rasmiy ma’mumotlarga ko‘ra, 2008 yilda Respublikamizda mingdan ortiq shaxs odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlardan jabrlanganlar. Ularning 35-40 foizini ayollar, 10-15 foizini esa bolalar tashkil etadi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida mamlakatimizni halqaro maydondagi ijobiy imidjini olg‘a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni ta’sirchan tizimini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 iyuldagi “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5775-sonli Farmoniga asosan  “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi.

Ushbu Prezident farmoniga asosan, 2019 yilning 25 sentyabr kuni viloyat hokimi raisligida “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish viloyat komissiyasi tashkil etildi.

O‘tgan davr mobaynida viloyat komissiyasi tomonidan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Jumladan, odamlarni ogohlantiruvchi ko‘rgazmali vositalar shahrimizda tuman markazlarida ko‘rinadigan joylarga o‘rnatilmoqda. Xorijda mehnat qilish istagi bo‘lganlar bilan suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Shunga qaramay, hozir xorijda ko‘plab erkak va ayollar bu baloga giriftor bo‘lib jafo chekmoqdalar. Ularning ko‘plari hali ham o‘z huquqlarini anglab etmagan, adashgan va vataniga qaytish yo‘llarini izlayotgan kimsalardir.

Bunga misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin. Farg‘ona shahrida yashovchi “D” ismli shaxs Marg‘ilon shahridan bo‘lgan 1995 yilda tug‘ilgan Z. ismli  shaxsni daromadli ish topib berishni va’da qilib, 2015 yilda  Ummon davlatining poytaxti Maskat shahriga olib borgan.

U erda  fuqaro Z.ga va’da qilingan daromadli ish topib bermay, fuqarolik pasportini olib qo‘yib 5 yil davomida, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlab kelingan.

Ushbu holat bo‘yicha olingan ma’lumotga asosan, Farg‘ona viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi va Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi bilan hamkorlikda zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilib, 2020 yilning 23 yanvar kuni Dubay-Toshkent yo‘nalishidagi aviareys bilan O‘zbekiston Respublikasiga olib kelindi hamda odam savdosidan jabrlanganlarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish Respublika reabilitatsiya markaziga joylashtirildi. Hozirda “D” ismli fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritish bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, Farg‘ona viloyati Quva tumanida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan M. ismli shaxs bir necha yillardan buyon Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh shahrida Qirg‘iziston fuqarosi tomonidan mehmonxona binosida tashkil etilgan fohishaxonaga Farg‘ona hamda Andijon viloyatlaridan bo‘lgan 30 ga yaqin qiz va ayollarni fohishalik yo‘lida foydalanish maqsadida olib borib yurgan.

Ushbu fuqaro har bir olib borgan qiz va ayollar uchun Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lgan mehmonxona egasidan ko‘p miqdorda moddiy manfaatdor bo‘lib kelgan.

2020 yilning 18 yanvar kuni Farg‘ona viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi hamda viloyat prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti bilan hamkorlikda  o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, M. ismli shaxs Buvayda tumanida yashovchi 19991 yilda tug‘ilgan YU. hamda Farg‘ona shahrida yashovchi 1995 yilda tug‘ilgan G. ismli ayollarni daromadli ish topib berishni vada qilib, aslida shahvoniy maqsadda foydalanish uchun navbatdagi o‘lja sifatida Andijon viloyatining “Do‘stlik” chegara posti orqali olib chiqib ketayotgan vaqtda tadbir ishtirokchilari tomonidan qo‘lga olindi.

Hozirda M. ismli shaxsga nisbatan O‘z.R. JKning 135-moddasi 2-qism “b” hamda “e” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Shu bilan birga, Quvasoy shahrida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan L.ismli fuqaro N. ismli ayolning taklifi bilan enagalik qilib, ishlash maqsadida 2019 yilning sentyabr oyida Turkiya davlatining Istambul shahriga borib, u erda N.ismli  ayolning bosimi ostida 2 oy mobaynida fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlangan.

Ushbu holat yuzasidan, Farg‘ona viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limitomonidan Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi bilan hamkorlikda L.Aripjanovani O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish choralari ko‘rilib, 08.11.2019 yil kuni yashash manziliga olib kelindi.

Hozirda Quvasoy shahar IIB Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro L.ning arizasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagilardan xulosa kelib chiqadiki, mamlakatimizning o‘zida tirikchilik qilish imkoniyati bo‘laturib, ba’zi yurtdoshlarimizning xorijga olib ketib sotilishi, xo‘rlanishi, qullikka yollanishida fuqarolarimizning soddaligi va ishonuvchanliklari, tez vaqt ichida moddiy muammolarni hal etish ilinji, yengil ish topish orzusi, huquqiy bilimlarga ega bo‘lmaslik, jinoyatdan jabrlanganlarning dunyoqarashining torligi, sayozligi kabi xislatlari bilan ko‘p hollarda o‘zlari sababchi bo‘lib qolmoqdalar.

Biz ushbu chiqishlarimiz orqali, respublikamizning barcha fuqarolari hamda xorijiy davlatlarda mehnat migranti sifatida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni aldanib, odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi kimsalar tuzog‘iga tushib qolmaslikka, oson va mehnatsiz boyish kabi yolg‘on vadalarga ishonib qolmaslikka, atrofda ro‘y berayotgan global muammolarga qarshi kurashish jarayonlarini faol kuzatishga va eng muhimi ogoh bo‘lishga chaqirib qolamiz.

 

Gulmira Qo‘ziyeva,

Farg‘ona viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga

qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va

noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi

katta tezkor vakili, mayor

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar