• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Oila – muqaddas, unga osonlik bilan erishib, osonlik bilan ajrashib ketish yaramaydi
Jamiyat

Oila – muqaddas, unga osonlik bilan erishib, osonlik bilan ajrashib ketish yaramaydi

  • 27.12.2021 / 16:52
  • 213
  • 0
111

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida aholining tug‘ilish va o‘limni qayd qilish, nikoh, otalikni belgilash, farzandlikka olish, ajrimlar bilan bog‘liq holatlarni umumiy raqamlarda kundek ravshan kuzatish mumkin. Ushbu raqamlarni tahlil qilarkansiz minglab xonadonlarda yangi farzand quvonchidan porlab ketasiz. Gohida aynan shu statistika orqali ko‘nglingiz xira tortadi.

Farg‘ona viloyatida ajrimlarni oldini olish oyligi doirasida targ‘ibot tashviqot tadbirlari boshlangan. Jumladan, davlat xizmatlari agentligi viloyat boshqarmasi tizimidagi 21 ta fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida ana shunday anjumanlar uyushtirildi. Unda ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar yarashtirildi. Shar’iy nikoh asosida yashayotgan yuzlab xonadonlar qonuniy asosda nikohlari qayd etildi.

Yashab turgan shu jamiyatimiz uchun bir dona ajrim ham ko‘p aslida. Chunki har bir raqam ostida minglab taqdirlar yashirin. Farg‘onadagi FHDYО bo‘limlarida tashkil etilgan targ‘ibot tadbirlarida esa keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda, yangi oila qurish istagidagi yoshlar, ajralish arafasida turgan oilalar ishtirok etdi.

Tadbirlar davomida nikohning muqaddasligi, ajrimlarning asl sabablari va mohiyati ochiqlandi. Uzoq yillar birga tinch-totuv yashagan, hayotning turli sinovlaridan matonat va sabr bilan yashab kelgan piru badavlat oilalar, nuroniylar va kayvoniy onalar yoshlarga o‘rnak qilindi. Ularning hayotiy tajribalari o‘rtoqlashilib, minnatdorchilik sifatida e’tirof etildi. 

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish bo‘limlarida ajrimlar bilan bog‘liq xolatlarni umumiy raqamlarda kuzatish mumkin. Gohida aynan shu raqamlar ko‘ngilni xira qiladi. Masalan, joriy yilning shu davriga nisbatan ajrimlar soni viloyatda 3 225 tani tashkil qilgan. Bu esa o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘p.

– Bizningcha, ajrimlarni jamiyatda kamaytirish uchun asosiy e’tiborni nikohga qaratish lozim, – deydi Farg‘ona tuman 2-son FHDYО bo‘lim boshlig‘i Shaxnoza Imomova. – Uning qadr-qimmatini imkon qadar oshirish lozim. Nega? Chunki bizda nikoh arzon-garov bo‘lib qolgan. Asosiy e’tibor to‘y va to‘ygacha bo‘lgan marosimlarga qaratiladi. Marosimlar birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Kim nimaga qiyinchilik bilan erishsa, uni shunchalar qadrlashi tabiiy, albatta. Hozirda esa o‘zimizning shaxsiy orzu-havaslarimiz tufayli yoshlarimizga nikoh va kelin bo‘lmishni osongina berib qo‘yayotgandekmiz.

Toshloq tumanining “Qamchipurush” MFYda istiqomat qiluvchi bir farzandli Qudrat Mahmudjonovich turmush o‘rtog‘i Kamolat Mirzaaliyeva bilan 5 yildan buyon yashab kelayotgan edi. Ushbu fuqarolar ajrimga qaror qilgan oilalardan. Ularning muammolari keng jamoatchilik vakillari bilan birgalikda muhokama qilindi. Ajrimga sabab bo‘layotgan muammolari o‘rganilib tahlil qilindi, oila vakillariga yana bir imkoniyat berildi.

Shu tumanning Tog‘liq qishlog‘ida istiqomat qiluvchi, 2 nafar farzandlarni tarbiya qilayotgan yosh oila – Anvarjon Siddiqov va Soxiba Halilovalar ham ajrimga ariza berishgan edi. Masala shundaki, uchinchi shaxsning aralashuvi hamda maishiy muammolar sabab ajralish yoqasiga kelib qolishgan. Keng jamoatchilik vakillari bilan birga ularga 4 oy davomida tushintirish ishlari olib borildi. Targ‘ibot tadbirlari davomida hayot tajribasiga ega namunali oila vakillari o‘z hayotlari davomida uchragan ana shunday vaziyatlardan misollar keltirib, tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Oila vakillari yarashtirilib, ular hayotga butunlay yangidan qadam qo‘ydilar.

Oila kodeksining 13-moddasiga asosan, diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikoh huquqiy ahamiyatga ega emas. Raqamlarga e’tibor bersak, viloyatda o‘tgan davr mobaynida rasmiy e’tirofsiz, shar’iy nikoh bilan 1200 dan ortiq farzandlar dunyoga kelgan.

Shar’iy nikoh bilan yashash o‘tgan yilga nisbatan salmog‘i kamaygan. Lekin shar’iy nikohlab qo‘yish holatlari hali ham davom etmoqda. Buning asosiy sababi ajrimlarning ko‘pligida. Bu ikki masala esa bir biri bilan chambarchas bog‘liq. Ajrashib uylanganlar ajrim uzoq jarayon ekanligi uchun ikkinchi nikohni deyarli qonuniylashtirishmaydi. Bu bor haqiqat. Bundan tashqari, ajralishayotgan oilalarning aksariyati sudda yoki FHDYО bo‘limlarida o‘zaro kelisha olishmaydi. Jarayon shu bilan uzoq davom etaveradi. Bu kabi holatlar esa qonuniylashtirmasdan, shar’iy nikoh asosida yashashga keng yo‘l ochadi.

Yulduzxon Ashurova 5 yildan buyon shar’iy nikoh asosida turmush o‘rtog‘i bilan yashab keladi. Targ‘ibot tadbirlari davomida ularning hayotlari rasman qayd etilib ularga qonuniy nikoh rasmiylashtirib berildi. Yulduzxonning esa hayajoni cheksiz.

 – Shar’iy nikohda ham turmush o‘rtog‘im bilan baxtli yashay oldik,  – deydi Yulduzxon Ashurova. – Biroq qonuniy tan olinmasangiz, qonuniy huquqlaringiz himoya qilinmagan bo‘lsa, yuragingizning bir cheti kemtik bo‘lib turaverarkan. FHDYО bo‘limi xodimlarining yordami bilan mana shu nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomaga ega bo‘ldik. Endilikda chinakamiga baxtli bo‘la oldim, deb ayta olaman.

Farg‘ona viloyatining 19 ta tuman va shaharlaridagi 21 ta FHDYО bo‘limlarida tashkil etilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘z samarasini berdi. Keng jamoatchilik vakillari hamda FHDYО bo‘limlari xodimlari, mahalla faollari ishtirokida viloyatda jami 40 dan ortiq ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi.

Sharq mamlakatlari tajribasiga tayanadigan bo‘lsak, kelinga ham, kuyovga ham qo‘yiladigan talablar juda yuqori. Uning ustiga ayolning haq-huquqlari qat’iy belgilab qo‘yilgan. Xonadonda “kelin xizmat qilishi kerak, oyligini qaynonasi va yoki qaynotasiga berishi shart”, degan tushunchalar umuman yo‘q. Ushbu tamoyillar ertaga oilaning ajralish yoqasiga kelishi har ikki tomon uchun ham qattiq ijtimoiy va moliyaviy zarba bo‘lishini juda yaxshi bilishadi. Bizda-chi? Aksariyat ajrimlar aynan mana shunday mayda-chuyda, bema’ni shartlardan kelib chiqayotgani bor haqiqat.

 Ming afsuski, uchinchisiga, to‘rtinchisiga ham to‘y-tomosha qilib qiz bola kelin olayotgan oilalar har bir viloyatda uchraydi. Buning ustiga, har bir qurgan oilasidan bir, ikki nafar farzandi borlari ham yo‘q emas. Ertaga albatta aliment, nikoh, ajrim masalalarida bu oilalarda janjal, chigal vaziyat yuzaga kelish ehtimoli yuqori.

Oilaviy ajrimlarning oldini olish masalasining birdan-bir yo‘li esa turmushdan avval oila qurish yoshidagi yoshlarga to‘liq tushuncha, ko‘nikmalarni berish va targ‘ibot ishlarini yoshlar orasida, mahallalarda izchil olib borishdir.

 

Elyorjon EHSONOV,

DXA Farg‘ona viloyat boshqarmasi

Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar

sho‘basi yetakchi maslahatchisi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar