• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Qiziqarli Dunyo ummonlari bo‘ylab suzgan o‘zbek kemalari
Qiziqarli

Dunyo ummonlari bo‘ylab suzgan o‘zbek kemalari

  • 18.01.2022 / 11:11
  • 525
  • 0
111

 «Titanik», «Britanik», «Avrora». Ko‘pchiligimiz bu mashhur kemalar haqida yaxshi bilamiz. Odatda mashhur kemalarning arxitektori, davlati yoki qaysi kompaniyaga tegishli ekanidan ko‘ra, uning nomi mashhur bo‘ladi.

 Hozirgi kunda dunyodagi eng katta kruiz kemasi «Harmony of the Seas» («Dengizlar garmoniyasi») deb ataladi. Uning qurilishiga 1 mlrd dollar sarflangan. O‘z bag‘riga 6300 yo‘lovchi va 2100 ekipaj a’zolarinini sig‘dira oladigan 16 palubali laynerning uzunligi 362 metr (Eyfel minorasidan 50 metr uzun), kengligi 66 metr, vazni 120 ming tonna.

 O‘zbekiston dunyo ummoniga bevosita chiqa olmaydigan jahondagi eng yirik davlatdir. Ilgari O‘zbekistonda Amudaryo va Orol dengizida kemalar qatnagan, yuklar va yo‘lovchilar tashilgan. 1924 yili O‘rta Osiyo suv yo‘llarida 20 kema, 1500 qayiq qatnagani aytiladi. Amudaryoda «Astraxan», «Kiev», «Narva», «Termiz», «Xiva», «Yuriy Gagarin», «Qoraqalpoq», «Toshkent» nomli kemalar qatnagan. Hozirda esa kemalar asosan Amudaryoda harakatlanadi. Orolda esa qatnov allaqachon to‘xtagan.

 O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Daryo transporti bo‘limining Kemachilik inspeksiyasi ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi ichki suv yo‘llarida va suv havzalarida foydalanishda bo‘lgan jami 224 ta suv transporti vositasi (kemalar) hisobga olingan.

 Xo‘sh, o‘zbek kemalari dunyo ummoniga chiqqanmi? SSSR va keyingi davrda boshqa mamlakatlar bayrog‘i bilan dunyo kezgan kemalarning 20 ga yaqini O‘zbekiston bilan bog‘liq. Ularning aksariyati yuk tashuvchi kemalar bo‘lgan. Quyida ulardan ba’zilari haqida ma’lumot beramiz.

«Alisher Navoiy» kemasi

 1969 yili Yugoslaviyaning Rieka zavodida qurilib, shu yili Vladivostok shahrida suvga tushirilgan. 1992 yili Rossiya tarkibiga o‘tgan. 1994 yilgacha «Alisher Navoiy» nomi bilan dunyo kezgan kema shu yili Malta davlatiga sotilib, nomi «Eastern Star» deb o‘zgartirilgan. Kema 1999 yili utilizatsiya qilingan. Kema AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Kanada, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarga yuk tashigan.

«Toshkent» kemasi

 1914 yili AQShning Maryland Steel Co. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ikkinchi jahon urushi paytida Tinch okeani portlarida SSSR va uning ittifoqdoshlari orasida ekport-import amaliyotlarini bajargan. 1945-1966 yillarda Tinch okeanida harbiy yuklarni tashigan. 1966 yili kema SSSR dengiz floti vazirligi hisobidan chiqarilib, KXDRga berilgan.

«Buxoro» kemasi

1965 yili Polshaning Gdansk shahrida ishlab chiqarilgan. Vladivostok shahrida suvga tushirilgan. Asosan dengizda yog‘och mahsulotlarini tashish bilan shug‘ullangan. 1988 yili utilizatsiya qilingan.

«Samarqand» kemasi

 1986 yili Germaniyada ishlab chiqarilgan. 1996 yilgacha shu nomda jahon bo‘ylab konteyner, yengil avtomobil va avtobuslar, g‘ildirakli texnikalarni tashigan. 1992 yili SSSRdan Rossiya hisobiga o‘tgan. 1996 yili Gresiya hisobiga o‘tib, nomi «Oasis»ga, 2004 yili Panama hisobiga o‘tib, nomi «Hyundai Hawk»ga, 2005 yili Shveysariya hisobiga o‘tib, nomi «Ocean Wave I»ga, 2007 yili Liberiya hisobiga o‘tib, nomi «KKG 1»ga o‘zgargan. 2011 yili utilizatsiya qilingan.

«Andijon» kemasi

 1958 yili Germaniyada ishlab chiqarilgan. 1985 yilgacha shu nom bilan harakatlangan. Asosan quruq yuklarni tashigan. 1985 yili Vetnam hisobiga o‘tkazilib, nomi «Song Da 02»ga o‘zgargan. 1996 yili utilizatsiya qilingan.

 

«Qo‘qon» kemasi

 1985 yili yili Polshaning Gdansk shahrida ishlab chiqarilgan. Ummon va dengizlarda baliq tutishga mo‘ljallangan. 1992 yili Rossiya hisobiga o‘tgan. 2020 yili kema nomi «Axtiar»ga o‘zgargan.

 

«Marg‘ilon» kemasi

 1965 yili Polshaning Gdinya shahrida ishlab chiqarilgan. 1992 yili Ukraina hisobiga o‘tgan. 1996 yili utilizatsiya qilingan. Teploxod asosan Hind va Atlantika okeanlari bo‘ylab yuk tashigan. Marg‘ilon shahrining tarix muzeyida ushbu kemaning maketi saqlanadi. Kema dunyo ummoni bo‘ylab 30 yil davomida Marg‘ilon nomi bilan harakat qilgan.

 

«Hamza» kemasi

 O‘zbek yozuvchisi Hamza Hakimzoda Niyoziy sharafiga shunday nomlangan. 1982 yili Rossiyaning Navashino shahrida ishlab chiqarilgan. 1992 yili Ukraina hisobiga o‘tkazilgan. 1999 yili Malta hisobiga o‘tkazilgach, nomi «Sagitta»ga o‘zgargan. 2012 yili utilizatsiya qilingan.

 Shuningdek, dunyo suvlarida «O‘zbekiston», «Qoraqalpog‘iston», «Farg‘ona», «Namangan», «Urganch», «Orol», «Sadriddin Ayniy» kabi kemalar ham harakatlangan.

 

Davronbek TOJIALIYEV

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar