Farg‘ona viloyat kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov Uchko‘prik tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida qo‘shimcha daromad manbaini yaratish va mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Kasb-hunar maktabida tomorqachilikka va tadbirkorlikka katta e’tibor berilmoqda. Jumladan, bu yerda mavjud 30 sotix yerda sarimsoq piyoz, 5 sotix yerda ko‘katlar, 2 sotix yerda terak, anor va tol qalamchalari parvarishlanmoqda. Shuningdek, 7 sotix maydonda issiqxona tashkil etilgan bo‘lib, limon va pomidor ko‘chatlari ekilgan. Bularning barchasi qo‘shimcha daromad topish imkonini bermoqda.
Kasb-hunar maktabida byujetdan tashqari mablag‘ ishlab topish bo‘yicha ibratli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ustoz-murabbiylar boshchiligida bir qancha tashabbusli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Misol uchun, payvandlovchi kasb yo‘nalishida tahsil olayotgan o‘quvchilarning qo‘shimcha daromad topishlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida homiylar tomonidan payvandlash uskunasi olib kelingan. Ushbu uskuna yordamida qurilishda foydalaniladigan xomashyo materiallari ishlab chiqarilib, qurilish ob’ektlariga peshma-pesh yetkazib berilmoqda. 12 nafar o‘quvchi yoshlar bugungi kunda payvandlash ishlarini mustaqil bajarishmoqda. O‘z mehnatlari orqali daromad ham topishmoqda.
Davlat granti asosida Yaponiyadan keltirilgan qandolatchilik jihozlari yordamida esa 10 nafar o‘quvchi qizlar turli pishiriqlar tayyorlab, buyurtmachilarga yetkazib berishyapti.
Maktabda tikuvchilik kasbi bo‘yicha 30 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Ayni paytda 15 ta tikuv mashinasi mavjud bo‘lib, o‘quvchi qizlar tomonidan bolalar va ayollar uchun turli kiyimlar tikilib, qo‘shimcha pul mablag‘lari ishlab topilmoqda. Ular ishlab chiqargan bejirim kiyim-kechaklar allaqachon o‘z xaridorlarini topib ulgurgan.
Boshqarma boshlig‘i mazkur ishlar bilan yaqindan tanishib, maktab ma’muriyatiga minnatdorlik bildirdi va bu ibratli faoliyat bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
– Budjetdan tashqari mablag‘larni shakllantirish, mavjud yer maydonidan unumli foydalanish bo‘yicha hali qilinadigan ishlar ko‘p. Bunda maktab direktorlari, o‘qituvchi va murabbiylar ko‘proq izlanishlari talab etiladi. Topilgan daromad o‘quv muassasasining moddiy texnik bazasini mustahkamlashda, turli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda qo‘l keladi, – dedi To‘ychiboy Boymatov. – Mazkur kasb-hunar maktabida amalga oshirilgan ishlar boshqa ta’lim dargohlarida ham ommalashtirilishi kerak.
Yana bir jihat. Kasb-hunar maktabida o‘quvchilarga qo‘shimcha ixtisoslik sifatida “В” va “ВС” toifadagi haydovchilik guvohnomasi berish yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi kunda 11 ta guruhda 275 nafar o‘quvchilar haydovchilik bo‘yicha o‘qitilmoqda.
843 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan maktabda jami 15 xil yo‘nalishda kasb-hunar o‘rgatiladi. Elektromontyor, avtomobillarni ta’mirlash chilangari, kompyuter grafikasi va dizayn operatori, sartarosh-modeler kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan yoshlar yaqin kelajakda o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish taraddudida.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari