• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Madaniyat Marg‘ilondagi madaniy meros obyekti nega qulab tushdi?
Madaniyat

Marg‘ilondagi madaniy meros obyekti nega qulab tushdi?

  • 18.03.2022 / 09:08
  • 2083
  • 0
111

Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zolari Marg‘ilon shahar, «Go‘ravval» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “Safel to‘da” madaniy meros obyektini o‘rgandilar.

Prezidentimizning 2018 yil 19 dekabrdagi “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va undan foydalanish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish xususida so‘z boradi.

Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlarning milliy ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra respublikamizda 8208 ta ko‘chmas moddiy madaniy meros obyektlari bo‘lib, ulardan 4748 tasi — arxeologik yodgorliklar, 2250 tasi — arxitektura, 678 tasi — monumental san’at yodgorliklari va 532 tasi — diqqatga sazovor joylardir.

Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida ham diqqatga sazovor tarixiy, betakror obidalar mavjud bo‘lib, ularga tarixiy yodgorliklar, moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari, monumental san’at, arxeologiya yodgorligi, merosi obyektlari va boshqa tarixiy joylar kiradi.

Jumladan, 363 ta – moddiy madaniy meros obyektlari, 113 ta – arxeologiya, 129 ta – arxitektura, 38 ta – monumental san’at yodgorliklari,  83 ta – diqqatga  sazovor joylar, hattoki eramizdan avvalgi I va VII-VIII asrlarga tegishli bo‘lgan tepaliklar bo‘lib, ba’zi obyektlarning yaratilishi, vujudga kelish vaqti yoki u bilan bog‘liq bo‘lgan tarixiy voqea haqida ma’lumotlar bizga noma’lum sabablarga ko‘ra yo‘q bo‘lib ketganligi bois, hamon olimlarni ilmiy va amaliy izlanishlar olib borishga chorlamoqda.

Endi yuqorida tilga olgan asl muammoga qaytadigan bo‘lsak, deputatlarning o‘rganishlari natijasida quyidagi ma’lumotlar aniqlandi. Unga ko‘ra asl sabab, shu kunlarda respublikamizning deyarli barcha hududlarida kuzatilayotgan tinimsiz yog‘ingarchilik ekanligi va afsuski, bu noqulay ob-havo madaniy meros obyektlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

Albatta, yomg‘ir sabab avloddan avlodlarga o‘tib kelayotgan madaniyat beshiklarini xonavayron qilib, ko‘pchilikni sarosimaga solib qo‘ymoqda. Marg‘ilon shahridagi «Go‘ravval» mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Safel to‘da” madaniy meros obyekti devorining bir qismi qulab tushganligi shular jumlasidandir.

E’tiborli jihati shundaki, o‘tgan yili partiya vakillari va deputatlardan tashkil qilingan ishchi guruh a’zolar shahardagi 43 ta madaniy meros obyektlari o‘rganilganida aynan “Safel to‘da” masjidi xususida quyidagi xulosalar berilgan edi: “Qishki namozxona va ayvoni yaxshi saqlangan. Shiftlarga solingan ba’zi naqshlar “Sirli masjid”dagi naqshlarga o‘xshash. To‘sinlar orasiga masjidning qurilgan yili yozilgan, lekin quruvchi va naqqoshning ismi yozilmagan. Bino tadbirkorga foydalanish uchun ajratib berilgan, biroq unda obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmagan. Bino ta’mirga muhtoj holatda. “Safel to‘da” hududida Mir Sayyid Ahmad ibn Alovuddin Billuriy ismli alloma dafn etilgan maqbara mavjud bo’lib, qarovsiz holatda saqlanib qolingan”.

Lekin ming afsuslar bo‘lsinki, yuqorida aniqlangan kamchilik va takliflar inobatga olinmagani yoki madaniy mehros obyekti bir tadbirkor tomonidan egallab olinganligi sababli ham “otangga bor, onangga bor” qabilida koptok bo‘lgan. Dono xalqimizda “Kasalni yashirsang, istimasi oshkor qiladi” degan naql bejiz aytilmagan. Tabiiyki, yog‘ingarchilik yashirin sirlarni yaqqol ochib tashladi.

Bu gal ishchi guruh a’zolari tomonidan Farg‘ona viloyat hokimiga yakuniy xulosa va holat yuzasidan qator takliflar kiritildi. Buning natijasida sektor rahbarlarining e’tibori ham obyektga qaratilgan.

Madaniy meros xalq mulkidir, uni saqlash va kelgusi avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz!

Vatanimiz betakror tarixiy obidalar, asrlarga teng madaniy meros obyektlariga boy. Ammo faqatgina borligining o‘zi yetarli emas. Ularni har taraflama muhofaza qilish, kelajak avlodga bezavol yetkazish har birimizning asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak.

 

O‘zMTDP Farg‘ona viloyat Kengashi axborot xizmati

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar