• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Qadr va e’zoz: Bojxonachilar faxriylar huzurida
Jamiyat

Qadr va e’zoz: Bojxonachilar faxriylar huzurida

  • 08.05.2022 / 11:32
  • 168
  • 0
111

Xotira va qadrlash kuni arafasida Farg‘ona viloyati Bojxona boshqarmasi jamoasi xayrli ishga qo‘l urdilar. Boshqarma boshlig‘i, bojxona xizmati polkovnigi Ixvoljon Azimov hamda boshqarma shaxsiy tarkibi viloyatda istiqomat qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari holidan xabar olishib, ularga sovg‘a-salomlar ulashishdi.

Quva tumanida umrguzaronlik qilayotgan Mo‘min ota Toshmatov bugun 97 yoshni qoralayapti. Urushdan keyingi yillarda turli tashkilot va idoralarda namunali xizmat qilgan bobo qarindosh-urug‘lari, mahalla-ko‘y e’zozida.

Yuzlab nevara-evaralariga urush yillari mashaqqatlari, jangu jadallar, vatan himoyachilarining qahramonliklari haqida so‘zlab beradi. Uning biri-biridan qiziq hikoyalari har safar el-yurtga beminnat xizmat qilish, tinchlik va farovonlikning qadriga yetish, asrab-avaylash borasidagi nasihatlar bilan yakunlanadi.

– Urush hech qachon yaxshilik olib kelmaydi. Insoniyat hamisha tinchlikka, do‘stu birodarlikka intilishi kerak. O‘zbekistondek jannatmakon yurt dunyoda yo‘q. Barchamizning maqsadimiz uni gullatib-yashnatish, yanada go‘zallashtirish, aossiysi, tinchlikni asrab qolishimiz kerak. Tinchlik, ozodlik bor joyda doim rivojlanish bo‘laveradi, – deydi asrga tengdosh nuroniy. – Davlatimiz rahbari biz kabi veteranlarga katta e’tibor qaratayotganidan cheksiz minnatdormiz. Bojxona mutasaddilari hamisha holimizdan xabar olib turishadi.

Bojxonachilar tashrifidan Farg‘ona shahrida istiqomat qilayotgan urush qatnashchisi Tatyana Usmonovaning ham boshi osmonga yetdi. Yurtboshimizni, xalq xizmatidagi rahbarlarni uzoq alqadi.

– Fashizm, irqchilik va millatchilik insoniyat boshiga yog‘iluvchi balodan boshqa narsa emas, – deydi 99 yoshli Tatyana Usmonova. – Leningrad qamalida barcha yaqinlarimdan ajraldim, mislsiz yovuzlik, shafqatsizlik guvohi bo‘ldik. O‘zbekiston degan bag‘rikeng diyordan qo‘nim topganimiz, o‘zbeklardek qalbi mehrga to‘la xalqqa xizmat qilganimdan baxtiyorman.

Shu kuni bojxonachilar tomonidan topshirilgan sovg‘alar, taqdim etilgan guldastalar urush va mehnat faxriylari kayfiyatini ko‘tardi, ularning yashashga ishtiyoqini yuksaltirdi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar