• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq Shoir qo‘shiqchini sudga berdi. Nima uchun?
Huquq

Shoir qo‘shiqchini sudga berdi. Nima uchun?

  • 11.05.2022 / 09:09
  • 489
  • 0
111

Yaqin o‘tmishda mualliflik huquqlari bo‘yicha murojaatlar yoki shu mavzuda sudgacha borgan arizalarni hech eshitmaganmiz. Bu fakt! Biroq so‘nggi yillarda bu borada huquqiy savodxonlik anchayin jonlandi. Hatto el-ulus orasida hurmatga ega bo‘lgan mashhurlarni ham soddadil shoirlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun sudga bera boshladi. Bu esa mualliflik huquqlari bo‘yicha qonuniy mehanizmning real hayotda ishlay boshlaganidan dalolat. Endilikda ijodkorlar o‘z asarlariga mashhurlarning e’tibori tushganidan shunchaki xursand bo‘libgina qolmay, o‘z mehnati, ijodiy mahsuliga nisbatan hurmat bilan qarashga o‘rgatishmoqda.

Masalan, mualliflik huquqlarining buzilish holatlari nafaqat internet ijtimoiy tarmoqlarida audiovizual asarlar va fonogrammalarni sotish, balki, shoir-yozuvchining ruxsatini olmasdan qo‘shiq qilib ijro etish mumkin emas, aslida.

Bu esa O‘zbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunining 62-moddasida o‘z aksini topgan. Ya’ni ushbu moddaga ko‘ra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’ektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.

Farg‘onalik shoir Behzod Fazliddinov Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasiga ariza bilan murojaat qildi. Gap shundaki, uning “Kutmagan kunlarim, kutgan kunlarim” she’riy to‘plamidan joy olgan “Hushyor do‘stlarim” she’riga muallifning hech qanday roziligisiz qo‘shiqchi A.Shermatov kuy bastalab ijro qilgan va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan.

Ushbu murojaat muallifning arizasi asosida viloyat adliya boshqarmasi mutasaddilari tomonidan o‘rganib chiqilib, qonuniy baho berildi.

Sodda qilib aytganda, biron nimadan foydalanmoqchi bo‘lsak, albatta, uning egasi oldidan bir bor o‘tib qo‘yiladi. Ruxsat so‘raladi. Bu holat esa muallifga, mulk egasiga va mulkka bo‘lgan hurmat sanaladi.

O‘rganishlar natijasida shoir B.Fazliddinga tegishli bo‘lgan “Hushyor do‘stlarim” she’ri muallifning roziligisiz va litsenziya shartnomasi tuzmasdan qonunga xilof ravishda ijro qilinganligiga oydinlik kiritildi. A.Shermatovga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan u O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, tegishli tartibda muallifning huquqlari tiklandi. Huquqbuzarga esa ma’muriy jarima jazosi tayinlandi.

Darhaqiqat, jamiyatimizda huquq egasining intellektual mulkiga nisbatan hurmat hissini shakllantirish zarur. Chunki qonunan huquqlar mustahkamlansagina yirik ijodiy asarlar dunyoga keladi va muallif moddiy va ma’naviy foyda topadi. Xulosa shuki, bu kabi holatlarga hali quloqlarimiz o‘rganmagan. Lekin katta ishlar mana shunday kichik epizodlardan boshlanadi. Nima bo‘lganda ham, mualliflik huquqini-da moddiy mulk kabi ko‘rish va uni hurmat qilishni o‘rganishning allaqachon fursati yetgan.

 

Umidjon Nazirov,

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

Intellektual mulk huquqlarini

himoya qilish bo‘lim boshlig‘i.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar