• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Adliya: Intellektual mulk himoyasi bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasiga vazifalar yuklatildi
Jamiyat

Adliya: Intellektual mulk himoyasi bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasiga vazifalar yuklatildi

  • 18.05.2022 / 14:37
  • 324
  • 0
111

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 26 apreldagi “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Ushbu muhim xujjat - tadbirkorlik sub’ektlarining ishlab chiqarayotgan maxsulotlarini eksport qilishda hamda tovar brendini shakllantirishda qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.

Kuni kecha ana shu masala yuzasidan Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Aytish joizki, mazkur qaror bilan O‘zbekiston tarixida ilk marotaba 2022-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasida intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi. Ayni kunlarda qaror mazmun mohiyatini tadbirkorlar va ishbilarmonlarga tushuntirish va yaratilgan imokniyatlarni yetkazish maqsadida joylarda keng qamrovli targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda. Ana shu tadbirlar samarasi o‘laroq adliya organlarining huquqiy ko‘maklashishlari natijasida birgina Farg‘ona viloyatida 280 ga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari ortiqcha sarsongarchiliksiz o‘z brendlariga ega bo‘lishdi.

Tadbir davomida ta’kidlandiki, “Intellektual mulk sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, endilikda intellektual mulkni himoya qilish bo‘yicha Davlat bojxona qo‘mitasi, Farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish va O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentliklariga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Respublika bojxona chegarasi orqali intellektual mulkni himoya qilish tartiblari takomillashtirilib, bojxona organlarining bu sohadagi faoliyati aktivlashtirildi.

Intellektual mulk ob’ektlari va savdosida qulay shart-sharoitlar yaratish uchun “Intellektual mulk – barcha uchun” maxsus internet-auksion savdo platformasi ishga tushirilishi belgilandi. U orqali olimlarning ixtirolari va ishlanmalarini, tadbirkorlar va hunarmandlarning brendlari va nomlarini, ijodkorlarning asarlari va musiqalarini, IT-mutaxassislarining dasturlarini sotish uchun elektron maydon yaratiladi. Shu bilan birga, yosh avlodning o‘zgalarga tegishli intellektual faoliyatiga hurmat hissi bilan tarbiyalash hamda ularga o‘zlari yaratgan intellektual mulkni moddiy manfaat keltiruvchi aktivga aylantirish bo‘yicha bilimlarni berish maqsadida ta’lim dasturlarini takomillashtirish ham qarorda nazarda tutilgan.

– Ilgarilari bojxona organlari chegaralar orqali olib kiriladigan tovarlarda intellektual mulk huquqiga rioya qilinishiga huquq egalarining arizalari asosida (!) chora ko‘rilar edi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Begzod Ro‘ziev. – Endilikda yangi qaror bilan bojxona organlari o‘z tashabbuslari (!) bilan tovar belgilarini aniqlaydilar va chalg‘ituvchi yoki o‘xshash tovar belgili maxsulot olib kirilayotganda huquq egasiga bevosita ma’lumot berishi belgilab qo‘yildi. Va ushbu ma’lumot asosida huquqbuzarga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi. Bundan tashqari, eski taomil bo‘yicha huquq egalari tovar belgilarini himoya qilish uchun vakolatli organlarga ariza topshirganda keragidan ortiq qog‘ozbozliklarga yo‘l qo‘yilar edi. Masalan, yuk olib keluvchi va olib chiquvchi, tovar turgan joy, eksportyor va importyor haqida ma’lumot olib kelish talab qilinar edi. Amaliyotda esa ushbu normalarni bajarish igna bilan quduq qazishdek gap edi. Shu bois Bojxona kodeksining 388-moddasiga o‘zgartirish kiritish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, yangi qonunchilik bo‘yicha bu kabi ma’lumotlarni taqdim etish bekor qilinadi.  

E’tiborli jihati shundaki, qarorga binoan tizimli ravishda “qaroqchi”lik bilan shug‘ullanuvchi va ijodkorlarning huquqlarini buzuvchi ko‘ngilochar veb-saytlar faoliyatiga chek qo‘yiladi.

Intellektual mulk muhofazasi va qonuniy himoya tizimining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi esa, investitsiyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilishi, ixtirochilik salohiyati va texnologiyalarining keng yoyilishiga yo‘l ochadi. Bu esa, o‘z navbatida, inson kapitalining rivojlanishi va qo‘shimcha moddiy daromadlarning oshishiga olib keladi.

Tadbir yakunida intellektual mulk sohasida o‘z brendlariga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga guvohnomalar toshirildi.

 

Elyorjon EKSANOV,

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar

bo‘yicha yetakchi maslahatchisi.

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar