• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq 18 yoshda olingan “metirka”, yillar davomida to‘lanmagan ustama... “Adliyachi”lar xalq xizmatida
Huquq

18 yoshda olingan “metirka”, yillar davomida to‘lanmagan ustama... “Adliyachi”lar xalq xizmatida

  • 24.05.2022 / 12:22
  • 548
  • 0
111

Aholining huquqiy madaniyatini yanada mustahkamlash maqsadida joylarda huquqiy targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu bilan birga, tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan fuqarolarning yuzlab murojaatlari o‘rganilib, masalalarga o‘z o‘rnida, ortiqcha hujjatbozliklarsiz, tez va oson huquqiy baho berilmoqda.

Bag‘dod tumanida istiqomat qiluvchi Sayfullo Ubaydullaev O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasini tamomlagan. Vazirlar Mahkamasining maxsus qaroriga asosan, akademiya bitiruvchisiga, oylik maoshiga qo‘shimcha tarzda o‘zi ishlayotgan joyidan 20 foizli ustama to‘lanishi kerak. Biroq bir necha yillar davomida Sayfullo bu qo‘shimcha imkoniyatidan foydalana olmadi. Imtiyozli ustamani qonuniy tartibda to‘lab berilishini ta’minlash uchun uning bormagan joyi, qoqmagan eshigi qolmadi.

Vohalik kursdoshining maslahati bilan u tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Masala Bag‘dod tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan ijobiy hal etildi.

– Bormagan idoram qolmadi, – deydi Sayfullo. – Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori bilan biz kabi kasb egalariga berilgan imkoniyat va imtiyozdan to‘liq foydalana olishimiz juda zarur deb hisoblayman. Shuning uchun ham “adliyachi”larga o‘z arzimizni aytdik va ular buzilgan huquqlarimizni tiklab berishdi.

Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi Ruqiya Alieva ota-onasi vaqtincha xorijda yashaganligi bois Moskva shahrida tug‘ilgan. Biroq oilasi O‘zbekistonga qaytgach, uning hujjatlarida ayrim xatoliklar borligi aniqlandi. Shu sababdan u 18 yil davomida tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ololmadi. Tuman adliya hamda FHDYo bo‘limlari xodimlarining sa’y-harakatlari bilan uning bu muammosi tez va ijobiy hal etildi. Sud tartibida ish ko‘rib chiqilib, Ruqiyaga yangi tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma tantanali topshirildi.

– Xorijdan qaytgach, ota-onamning aytishicha, bir parcha ma’lumotnoma bilan maktabga qabul qilishgan, – deydi Ruqiya Alieva. – O‘z vaqtida hal etilmagan muammo kun kelib katta muammolar tug‘dira boshladi. Masalan, o‘qishga topshirish uchun pasport shart bo‘ladi. Ololmadim. Hujjatim yo‘qligi sabab ommaviy tadbirlarga qatnasha olmadim, uzoq safarlarga borolmadim. Xullas, shu muammolardan batamom qutilish uchun adliya bo‘limiga murojaat qildim. E’tiborimni tortgan jihat – ular mulohaza va bosiqlik, ortiqcha vahimalarsiz muammoyimni qonunlar doirasida hal qilishdi. Bugun tantanali tarzda o‘z hujjatimni oldim.

Joylarda adliya organlariga nisbatan fuqarolarning ishonchi ortib bormoqda. 3 oy davomida birgina Dang‘ara tumani adliya organlariga aholidan 200 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, Bag‘dod tumanida ushbu ko‘rsatkich 395 tani tashkil qiladi. Ushbu arizalarning deyarli 90 foizga yaqini murojaatchilarning foydasiga ijobiy qanoatlantirilgan.

 

Elyorjon EKSANOV,

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

jamoatchilik bilan aloqalar

bo‘yicha yetakchi maslahatchisi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar