• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Vodiyning ochilib turgan go‘zal lolasi edi!
Jamiyat

Vodiyning ochilib turgan go‘zal lolasi edi!

  • 30.05.2022 / 09:44
  • 685
  • 0
111

O‘zbekiston Qahramoni, Oltiariq tumanidagi «Nurli obod» fermer xo‘jaligi rahbari, «El-yurt hurmati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari sohibasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi Lolaxon Murodova mamlakatimizning eng mashhur fermerlaridan biri edi. Zero, u qishloq xo‘jaligi sohasidagi qirq besh yildan ortiq faoliyati davomida juda katta hayotiy va ilmiy tajribaga ega mutaxassis sifatida paxtachilik va g‘allachilik sohasida ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgani sir emas.

Otasi Ne’matjon aka Poloson qishlog‘idagi jamoa xo‘jaligi traktor parkida mexanik bo‘lib ishlagani bois Lolaxon opa texnikaga juda qiziqqan. O‘quvchilik paytidayoq otasiga ergashib, traktor boshqargan. Ana shu qiziqish tufayli u bilim yurtida mexanizatorlik kasbini egalladi. Bu kasbni egallaboq, dalada taxta terish mashinasini boshqardi. O‘sha yiliyoq Oltiariqqa va viloyatga nomi ovoza bo‘ldi.

Oradan bir yil o‘tmayoq, uni jamoa xo‘jaligi yoshlar paxtachilik brigadasiga rahbar etib tayinlashdi. O‘t-olov qizning sa’y-harakatlari bilan bu brigadada har yili davlat rejalari muddatidan avval va ziyodi bilan bajarila boshlandi. Ana shularni hisobga olib, tuman rahbariyati uni bo‘lim boshlig‘i etib tayinladi. Bo‘limdagi qator muvaffaqiyatlar esa Lolaxon Murodovani «Nurobod» shirkat xo‘jaligi raisi darajasiga ko‘tardi.

Oradan yillar o‘tdi. Qishloq xo‘jaligidagi islohotlar tufayli yurtimizda fermerlik harakati rivojlana boshladi. L.Murodova ham birinchilar qatorida hosildor yerlardan emas, aksincha, qumloq, dehqonchilik qilish og‘ir bo‘lgan cho‘l hududidan yer olib, yangi fermer xo‘jaligiga asos soldi va uni mahorat bilan boshqara boshladi.

U mexanizatorlik qilib yurgan yillari ham, paxtachilik brigadasi va bo‘lim boshlig‘i, keyinchalik shirkat xo‘jaligi raisi vazifalarida ishlab yurgan yillarida ham qishloq hududidagi ekin maydonlarining past-balandini atroflicha o‘rgangan edi. U hatto qish kunlari ham qadrdon dalasiga yo‘l olardi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, hosildorlikni yanada oshirish, tuproq unumdorligiga qarab urug‘ navini tanlash bo‘yicha rejalar tuzar, bu rejalarni amalga oshirishning eng maqbul yo‘llarini o‘ylardi.

Ana shu omilkorlik va tajribalarning barchasi unga fermer xo‘jaligi dalalaridagi dehqonchilik bilan shug‘ullanish jarayonida juda asqotdi. Har bir ishning boshlanishi, muqaddimasi juda qiyin bo‘ladi. Bu xususda Lolaxon Murodova suhbatlarimizning birida shunday degandi:

– Fermer xo‘jaligiga asos solib, ishni yangi boshlaganimizdayoq bahor juda injiq keldi. Ayrim maydonlarda chigit ekish ishlarini ikki, uch martadan takrorlashga to‘g‘ri keldi. O‘zingizga ma’lum, bir marta chigit ekishning o‘ziga qancha urug‘, qancha ishchi va texnika kuchi, qancha yonilg‘i sarf bo‘ladi? Ana endi takror-takror ekilgandagi sarf-xarajatlarni ko‘z oldingizga keltiravering. Buning ustiga, inson omili degan ibora ham bor. Qanchalar asab tolalari yemirilmaydi deysiz bunday vaziyatda...

Shunday deya Lolaxon Murodovaning nigohlari olislarga qadalgan edi. Bu nigohlarda nafaqat fermer xo‘jaligi o‘tmishining, balki o‘tgan umri davomidagi mehnat faoliyatining, mashaqqatli mehnatlari, chekkan zahmatlarining tarixi mujassam edi go‘yo. Biroz o‘tgach esa bu nigohlarda, bu chehrada tabassum paydo bo‘ldi va qahramonimiz so‘zida davom etgandi:

– Yaratganga beadad shukurki, g‘o‘zalarimiz baravj rivojlanib ketdi. Tinimsiz harakat qildik – Alloh harakatimizga yarasha barakot berdi. O‘sha yili ishni mexanizatorimizning o‘ziga tashlab qo‘ymadim. O‘zim ham ikkinchi traktorni minib, g‘o‘za qator oralariga peshma-pesh ishlov bera boshladim. Axir, seryog‘in kelgan bahordagi qatqaloqni zudlik bilan yumshatish shuni taqozo qilardi. Vaqt esa kutib turmasdi. Xayriyat, kuzda yuzimiz yorug‘ bo‘ldi: davlat shartnoma rejasini bir necha foiz ortig‘i bilan uddaladik.

Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, cho‘l yerlaridagi hosildorlikni ko‘tarish oson bo‘lmadi. Fermer xo‘jaligi dastlab tashkil etilgan yillari yerlarning har gektari arang 15-20 sentnerdan hosil berardi. Tajribali dehqon ayolning sa’y-harakatlari, mahorati, dehqonchilik ilmidagi izlanishlari har yili o‘z samarasini bera boshladi. Keyinchalik hosildorlik 35-40 sentnergacha, so‘nggi 4 yilda esa 55-60 sentnergacha ko‘tarildi.

Rahmatli Ne’matjon akaning shunday so‘zlari bor edi:

– Qizim, cho‘lni izmingga solish oson ish emas. Qachonki, unga mehr bersang, undan istagan hosilingni olasan. Yerga ko‘zbo‘yamachilik qiladigan bo‘lsang, u ham seni aldab qo‘yganini o‘zing bilmay qolasan. Ona zaminga hamisha ko‘z nuring bilan birga, qalb qo‘ring va mehringni ham bergin.

Fermer ayol otasining o‘gitlariga hamisha amal qilib keldi. Hatto yerlarining hosildorligi 60 sentnergacha yetsa ham, u bu hosildorlikni yanada oshirish maqsadida izlanib, intilib, innovatsion loyihalar ustida bosh qotirdi. Natijani esa butun mamlakat ko‘rib, bilib turibdi!

Fidoyi fermer peshona teri evaziga orttirgan daromadidan tumandagi ehtiyojmand oilalarni ham ma’nan, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatladi, har yili o‘nlab bolakaylarning sunnat to‘ylariga bosh bo‘ldi. Shuningdek, hosildorlikni yanada oshirish maqsadida turli texnika vositalari xarid qildi. Oltiariqliklar fermer ayolni qo‘li ochiq, saxiy va saxovatpesha inson sifatida ham yuksak qadrlaydilar.

Jonajon mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik bayrami arafasida Prezidentimiz Farmoni asosida Lolaxon Murodova “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlandi. Bu yuksak unvon uning fidokorona mehnatlari, ko‘p yillik samarali va ibratli faoliyati, shuningdek, ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun berilgan yuksak mukofot ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish joiz.

Fidoyi fermer ayol dala ishlaridan ortib, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida ham faol ishtirok etdi. Jumladan, uning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputati sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovordir.

Mamlakatimiz Prezidenti har safar Farg‘ona viloyatiga tashriflari davomida, albatta, O‘zbekiston Qahramoni Lolaxon Murodova bilan uchrashib, dildan samimiy suhbatlashardilar.

Ha, Lolaxon opa chin ma’noda vodiyning barq urib ochilib turgan go‘zal lolasi edi! Bu lola nafaqat vodiyga, balki butun O‘zbekistonga ko‘rk bag‘ishlab turardi. Ming afsuski, bugun “edi” degan so‘zni ishlatishga majburmiz. O‘lim haqligini yana bir marotaba isbotladi. Oltiariq xalqi, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi og‘ir judolikka uchradi. Butun hayoti va mehnat faoliyatini qishloq xo‘jaligi rivojiga bag‘ishlagan Lola Murodova 64 yoshida vafot etdi.

Lolaxon opa bilan oxirgi uchrashuvimiz joriy yil 1 may sanasida bo‘lgandi. O‘shanda uzoq suhbatlashgandik. Albatta, sog‘ligi, kelgusi ishlari, agrotexnik tadbirlar xususidagi suhbatimiz juda mazmunli bo‘lgandi. Yurtimiz tinchligi, islohotlar bardavom bo‘lishini Allohdan tilab duo qilgandilar.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasining ulkan namoyandasi, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson, yurt, millatning asl Qahramoni Lola Murodovaning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

 

Shohsulton To‘xtamatov,

Oltiariq tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar