• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Atirgullar ochdi chiroy
Jamiyat

Atirgullar ochdi chiroy

  • 02.06.2022 / 11:49
  • 1473
  • 0
111

– Qadimgi obidalarning guvohlik berishicha, bu o‘simliklardan odamlar 5,5-6 ming, gulsafsar va xrizantemadan 4 ming yil avval foydalana boshlagan. Krit orolida izlanishlar olib borgan olimlar 3500 yil ilgari tasvirlangan atirgul timsolini topishgan.

Qadimgi Yunonda atirgul go‘zallik xudosi Afroditaga bag‘ishlangan, uning ehromi atroflarini atirgullardan tashkil topgan go‘zal bog‘lar o‘rab turgan.

Rimliklarda atirgul jasorat timsoli hisoblangan. Atirguldan tayyorlangan gulchambarlar g‘oliblarning boshlariga kiydirilgan, – deb so‘z boshladi suhbatdoshimiz Elyorjon Jalolov.

Mana shunday tarixga ega bo‘lgan, ifori va go‘zalligi bilan barchani maftun etuvchi atirgullar Elyorjon Jalolov tomonidan tashkil etilgan Quva tumanidagi 281 gektar yer maydoniga ega beshta “Gullar olami”, “Ashurov Mo‘minjon”, “Guljahon vodiy ko‘chatlari”, “Vodiy turfa gullari” MChJ va “Gullar vodiysi” oilaviy korxonasini o‘zida birlashtirgan gulchilik klasterida parvarishlanmoqda.

– Hozirda 168 gektar yerga atirgul urug‘i, 81 gektarga atirgul niholi, 32 gektarga atirgul ko‘chati ekildi. Bu maydonlar biz yuqorida sanagan beshta atirgulchilik kooperatsiyalariga biriktirildi, – deydi Elyorjon Jalolov.

Uning aytishicha, atirgulchilik serdaromad soha hisoblanadi. Masalan, bir gektar maydonda 50 sentner hosildorlik bilan 5 tonna paxta xom ashyosi yetishtirilsa, taxminan 35-40 mln. so‘m daromad olinadi. Bir gektar yer maydonida 150-160 ming dona atirgul ko‘chatlari yetishtirilganda esa 750-800 mln. so‘m daromad olish mumkin.

Tadbirkor atirgul ko‘chatini ko‘paytirib, uni sotish bilan 1996 yildan shug‘ullana boshlagan. 1997 yilda esa ilk marta atirgul ko‘chatlarini eksport qilgan. 2021 yilda 2,0 mln. dollarlik eksportni amalga oshirgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatgichni 3,5-4,0 mln. dollarga yetkazish niyatida. Gulga bo‘lgan talab shu tariqa oshib boraversa, 2023 yilga kelib 8,0 mln. dollarlik atirgul ko‘chatlari sotish mumkin, deb hisoblamoqda ko‘chatchilar.

– Bu juda katta hamjdagi ish va katta summa. Bunday daromadni olish uchun o‘ziga yarasha xarajat ham talab etiladi. Haqiqatdan ham atirgulchilikdan shunday daromad qilish mumkinmi? – deb so‘raymiz Elyorjondan.

– Albatta, O‘zbekistonda gulchilik, aniqrog‘i gul ko‘chati bilan shug‘ullanish nisbatan yangi soha hisoblanadi. Aholi yaqin-yaqingacha ham serdaromad soha paxta va g‘alla deb o‘ylagan. Vaholanki, dunyoning eng rivojlangan davlatlarining iqtisodiy rivojlanishida gulchilik katta o‘rin tutadi, – deydi Elyorjon.

Ko‘pchilik tushunmaydigan yoki adashtirib yuboradigan yana bir jihat bor ekan. Ya’ni gulchilik bilan shug‘ullanish bu alohida soha. Siz guldasta sotib olsangiz buni yetishtiruvchilarga ham ko‘chatlarni yetishtirib beruvchilar bo‘lar ekan. Masalan Elyorjon Jalolov aynan atirgulchilikning ko‘chatchilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadi. U atirgul urug‘larini ekadi, unib chiqqan nihollarni turli navlarga payvandlaydi va turli yangi navlar yaratadi. Uning asosiy xaridorlari Rossiya, Polsha, Qozog‘iston, Turkmaniston, Germaniya hisoblanadi.

– Masalan, bizdan atirgul ko‘chatini sotib olgan xaridorlar, uni yana issiqxonaga ekadi va o‘sha yerda sizu biz sotib oladigan atirgullarni yetishtiradi. Ana shu eksportyorlarimiz bozorlarga guldasta chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bizning tumanda esa mahalliy gul bozoriga guldasta uchun atirgul yetishtiruvchi gulchilar sanoqli hisoblanadi. Chunki biz yetishtirayotgan mini atirgullar, bir tupida yetti xil rangda ochiluvchi atirgul ko‘chatlariga chetda talab yuqori. Shuning uchun bizning ko‘chatlarimiz faqat eksportga tayyorlanadi, – deya tushuntiradi Elyorjon.

Suhbatdoshimiz oliy ma’lumotli mutaxassis. U Toshkent agrar universitetining dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta tayyorlash texnologiyasi yo‘nalishida tahsil olgan. Shuningdek, o‘zi ham usta mirishkor gulchilar oilasida o‘sib-ulg‘aygan.

– Men gullarni, manzarali o‘simliklarni bir so‘z bilan aytganda go‘zallikni yaxshi ko‘raman. Har bir hovlida, ko‘chalarimizda, shaharlarimizda gullar go‘zallik timsoli bo‘lib, atrofni ko‘rkam qilib turishini juda juda istayman. Ayniqsa, Gollandiya, Italiya, Turkiya davlatlariga borganimda ko‘chalarda, xiyobonlarda ochilib turgan gullarni ko‘rganimda, qaniydi bizning Farg‘ona shahrida ham shunday go‘zalliklar yarata olsak deb ko‘p o‘ylardim. Qaysi davlatga borsam ham albatta o‘sha yerdagi noyob gullarning urug‘laridan, ko‘chatlaridan olib kelaman. Ba’zan noqulay bo‘lsa ham aytaman, ko‘chalarida ochilib turgan gullarning urug‘laridan olib cho‘ntagimga sovolaman. Bir dona noyob gul urug‘ini olib kelsam ham, ana o‘shani keyinchalik ko‘paytirib, turli navlar bilan chatishtirib, o‘ziga xos biror nav yarataman, – deydi Elyorjon.

U rahbarlik qilayotgan “Gullar olami” MChJ hududidagi 12 gektar yer maydoniga bu yil faqat 400 xildan ortiq mini atirgullar ekildi. Bu ko‘chatlarning ham xaridori tayyor.

U ana shu 12 gektarlik maydonning burchagiga katta yo‘l yoqasiga chiroyli shiypon qurib qo‘ygan. Va shiypon atrofini ham turfa gullar bilan bezatgan. Buning sababini so‘raganimizda u “Har bir kishi go‘zallikdan zavq olishi kerak. Keyinchalik bu yerda turizmni ham rivojlantirish niyatidamiz. Kelgan sayyohlar bepoyon dalada zsayotgan turfa atirgullarni ko‘rib, ularning chiroyidan zavqlanib, mana shu shiyponchada hordiq chiqarib, bir piyola choy ichib ketishini xohlayman” degan javobni berdi. Shiyponchada kelgan mehmonlarga suv, sharbatlar, issiq ko‘k va qora choy ham taklif qilinar ekan.

Gul bu go‘zallik. Atirgulni sevmaydigan, uning chiroyiyu iforidan ko‘ngli sururga to‘lmaydigan odam bo‘lmasa kerak.

Yaqin yillarda quvaliklar uchun atirgul nafaqat ko‘z quvontiradigan, balki xonadonga baraka va farovonlik olib kiradigan o‘simlik bo‘lib qoldi.

Sharifa MADRAHIMOVA, jurnalist.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar