• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat ET BILAN TIRNOQNI AJRATIB BO‘LMAYDI!
Jamiyat

ET BILAN TIRNOQNI AJRATIB BO‘LMAYDI!

  • 06.07.2022 / 21:15
  • 586
  • 0
111

Maqolani nega bunday nomladim?! Tasavvur qiling, etni tirnoqdan ajratib bo‘ladimi?! Axir, tanangizning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan bo‘lsa?! Nazdimizda ajratish aslo mumkin emas. Bugun dunyo xaritasida Markaziy Osiyo nomi bilan e’tirof etiladigan O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston xalqlari ayniqsa et bilan tirnoq. Azal-azaldan barcha qadriyatlari bir bo‘lgan, maqsadi mushtarak bo‘lgan yurt.

Endi shu o‘rinda mana shu et bilan tirnoqlardan biridagi tinch hayotni ko‘ra olmayotgan g‘alamislar undagi eng oliy ne’matlardan biri tinchlikka rahna solishsa, yuragingiz larzaga kelmaydimi?! Qalbingiz titramaydimi?! Dilingiz og‘rimaydimi?! O‘ylaymanki, yuragida yurtga daxldorlik hissi bor har bir inson oniy lahzalarda shu og‘riqni bir lahza bo‘lsa-da, ko‘nglidan o‘tkazadi. Albatta, tinchlik bo‘lgan joyda hayot go‘zal, yashamoq baxti tuhfa etilgani undan-da go‘zal tuyuladi. Ayni shu onlarda Muhtaram Yurtboshimizning quyidagi purma’no so‘zlarini yodga olgim keldi: "Odamlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – insoniylikning eng oliy mezonidir".

Ha, darhaqiqat, bugun yurtimizda inqilobiy siyosiy o‘zgarishlar ketayotgani, har bir yurtdoshimizning hayotdan rozi bo‘lib yashashlari uchun qilinayotgan ulkan harakatlarning ijobiy natijasini ko‘rib, Al-Muallim as-soniy” – “Ikkinchi muallim”, “Sharq Arastusi" degan nomlar bilan ulug‘langan Abu Nasr Forobiyning "Odamlarga nisbatan ularni birlashtiruvchi boshlang‘ich asos insoniylikdir. Odamlar insoniyat turkumiga kirganliklari uchun o‘zaro tinchlikda yashamoqlari lozim" degan so‘zlari beixtiyor yodimga tushadi.

Bugun jannat o‘lkasi Yangi O‘zbekistonda hukm surgan tinchlik va osoyishtalik yana qayerda bor, degingiz keladi. Hazrati inson maqomiga loyiq bo‘lgan odamzod uchun barcha-barchasi shu tabarruk zaminda yaratilgan. Tinch elga bayramlar, shodiyonalar, to‘ylar yarashadi. Ha, qalbingiz beixtiyor tinchlik baxsh etgan sururdan to‘lqinlanadi. Ammo...

Jannat o‘lkasi bo‘lgan Yangi O‘zbekistondagi tinchlikni ko‘ra olmagan g‘arazgo‘ylar, hasadchilar, inson nomiga nomunosib bo‘lganlar Qoraqalpog‘istonda amalga oshirgan tartibsizliklarni eshitib, voqealarni ijtimoiy tarmoq sahifalaridan kuzata turib, yuragim larzaga keldi. Dunyoga dong‘i ketgan To‘labergan Qaipbergenov, Berdaq, Ibroyim Yusupovlardek buyuk yozuvchi, shoirlarni bergan xalqqa nima bo‘ldi?! Nega tinchlikni qadriga yetmayapmiz?! Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan qanchadan-qancha bedor tunlar evaziga fidoyilik bilan qilinayotgan mehnatga, yaratilayotgan sharoitga minnatdorligimiz shumi?! Tartibsizliklar oqibatida vafot etgan 18 nafar yurtdoshlarimizning farzandlari ko‘zlari to‘la jiqqa yosh mo‘ltirab so‘ragan savollariga javobni qayerdan izlaymiz?! Axir, bu yurt yagona. Biz bir xalqmiz. O‘z tarixida ne-ne azobli kunlarni, qonli voqealarni boshidan kechirgan, hamisha har qanday holda ham boshi sarbaland bo‘lgan, el farzandi ekanligimizdan qalbimiz faxr va g‘ururga to‘ladi. Dunyo xobida "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asari bilan mashhur bo‘lgan Beruniy, yurt uchun jonini fido qilgan Jaloliddin, 27 ta davlatni Turon bayrog‘ining ostiga birlashtirib, markazlashgan davlat tuza olgan hamda bugungi kunda harbiy san’atini dunyo o‘qiyotgan Amir Temur avlodi ekanligim, so‘z mulkining sultoni hazrat Navoiy ummonidan terilgan durlarimni Berdaq ijodi bilan tugata olishim yuragimga cheksiz iftixor bag‘ishlaydi.

Men qoraqalpog‘im sevgan mashhur baxshi Jiyen Jirovman, umri muhtojlikda o‘tgan Kunxo‘ja Ibrohim o‘g‘liman, o‘z asarlari bilan vatanparvarlik g‘oyasini tarannum etgan shoir Ajiniyozman.

Bilasizmi, aziz zamondoshim, men yuragim bilan ayta olamanki, men qoraqalpoqman, ha, to‘g‘ri eshitayapsiz, men qoraqalpoqman. Har bir qoraqalpoq,har bir o‘zbek mening qondoshim, jondoshim!

Sizdan iltimos, hayratlanmang! Chunki Siz to‘g‘ri eshityapsiz, men ham noto‘g‘ri gapirmayapman. Bugun har bir o‘zbek qoraqalpoq, har bir qoraqalpoq o‘zbekdir.

Men dahshatli urush olovi yongan damlarda turli millatga mansub 14 nafar bolaning boshini silagan Bahri aya va Shomahmud Shorahmedovlarning bolasi, mehribon o‘zbekman, 5 nafar farzandini tuproqqa topshirsa-da, yurt uchun jonini xatarga qo‘ygan Zulfiya momoning bolasi bo‘lgan o‘zbekman, el ozodligi, mustaqilligi uchun o‘z umrini bergan Qodiriyman, o‘z xalqini dengizga qiyos etgan olovqalb Cho‘lponman, qamoqxonaning dahshatu azoblarini tortib tursa-da, ovqat o‘rniga qog‘oz so‘rab tinmay yozaverib, ma’rifat tarqatgan Usmon Nosirman, burro tilini bergan Oybekman, sog‘ligidan kechgan Abdulla Qahhorman, minbarda bo‘g‘ziga she’r tiqilib qolgan Muhammad Yusufman!

Endi ayting-chi, aziz zamondosh, ochlikda xiyonat qilmay, turli millat bolasini o‘z bag‘riga olgan o‘zbek to‘qlikda kimga xiyonat qiladi?! Yo‘q, aslo!!!

Aslida ona allasidan boshlanadigan muqaddas Vatanni asrash, uni ardoqlash har bir o‘zbek, har bir qoraqalpoqning zimmasidagi sharafli burchidir. Har bir o‘zbek, har bir qoraqalpoq millatning asl farzandlari bilan faxrlana oladi. Demak, ana shunday buyuk millat avlodlari ekanmiz, kelinglar, ajdodlarimizga munosib bo‘laylik!

Biz bir mushtmiz. Biz birlashsakkina, ulkan kuchga aylanamiz. Boshqacha aytganda, o‘zbek bilan qoraqalpoq – et bilan tirnoq. Et bilan tirnoqni esa ajratib bo‘lmaydi.

Kezi kelganda aytish joizki, tinchlik-xotirjamlikka muqaddas dinimizning dasturi, eng ulug‘ kitobimiz Qur’oni karim oyatlarida ham e’tibor qaratilganidan anglash mumkinki, tinchlik xotirjamlik masalasi hamisha diqqat markazidagi muhim masala bo‘lib kelgan.

Qur’oni Karimning “Isro” surasi 83-oyatida “Alloh taolo: “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” deb, tinchlik-osoyishtalik to‘g‘risida marhamat qiladilar. Ko‘rinadiki, ushbu oyatda tinchlik-osoyishtalik farovon yashashning eng muhim shartlaridan biri ekanligi uqtirilgan. Va yana shuning bilan birga “Hujurot” surasining 9-oyatida “Alloh taolo bandalarini o‘zaro ittifoqlikda, ahillikda, tinchlik-omonlikda yashashga da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!” degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.

Albatta, tinchlik bo‘lgan joyda baraka, fayz bo‘ladi, rivojlanish bo‘ladi. Taraqqiyot yuksak nuqtalar sari dadil odimlaydi. Mamlakatning har bir fuqarosi erkinlik shabadasidan rohat qilib yashaydi. Shu fursatdan foydalanib aytish o‘rinli deb bilaman. Biz avvalo kimlarning avlodi ekanligimizni unutmaylik! Axir, ikki tilli bir millatmiz!!!

Biz inson qadri ulug‘langan, ezgu qadriyatlar barqaror bo‘lgan Yangi O‘zbekistonda yashar ekanmiz, dunyo xobida shu yurtning borligini namoyon etib, ma’naviyatimizning asl sarchashma namunalarini yaratib ketgan ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanadigan hamda g‘ururlanadigan, yuksak ma’naviyat sohiblari jamlangan diyorga munosib bo‘laylik, har xil ig‘volarga, turli fasod, fitnalarga uchmaylik!!! Inson baxtiyorligining ramzi bo‘lgan tinchlikni doimo qadrlaylik!!!

Mirzohid Botirov,

FarPI birinchi prorektori.

 

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar