• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Madaniyat Arxivarius kim? Uning vazifalari nimalardan iborat?
Madaniyat

Arxivarius kim? Uning vazifalari nimalardan iborat?

  • 28.07.2022 / 19:07
  • 952
  • 0
111

Ma’lumki, O‘zbekiston qadimdan o‘zining boy tarixi hamda madaniyatiga ega bo‘lib kelgan davlatlardan biri hisoblanadi. Milliy tariximiz va madaniyatimizning bizgacha yetib kelishida turli xil moddiy va nomoddiy yodgorliklarimiz, madaniy merosimiz va qolaversa, tarixiy hujjatlarimiz muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Ushbu tarixiy xotirani saqlash hamda uni kelajak avlodga borligicha yetkazib berishda arxivlar alohida o‘rin egallaydi.

Avvalo arxiv – arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi muassasa hisoblanadi. Arxiv ishi esa – arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish bo‘yicha faoliyatdir. Fuqarolar, jamiyat va davlat uchun ahamiyati bois saqlanishi lozim bo‘lgan matnli qo‘lyozma va mashinada o‘qiladigan hujjatlar, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinolentalar, fotosuratlar, fotosurat plyonkalari, chizmalar, sxemalar, xaritalar, shuningdek boshqa moddiy jismlardagi yozuvlar arxiv hujjatlari hisoblanadi.

Hujjatlarni jamlash, hisobini olib borish, saqlash va ulardan foydalanishni tashqil etish, shuningdek ilmiy-tadqiqot (ayrim toifadagi davlat arxivlari uchun) ishlari olib boruvchi muassasa bu Davlat arxividir.

Davlat arxivlari davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining faoliyati jarayonida vujudga kelgan hujjatlardan, shuningdek ular tomonidan qo‘lga kiritilgan yoki ularga boshqa yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan topshirilgan hujjatlardan butlanadi.

Yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmasi idoraviy arxiv deb yuritiladi.

Sud tizimida ham idoraviy arxiv faoliyat ko‘rsatadi.

Tumanlararo sudlarida arxiv – arxiv mudiri (arxivarius)dan iborat tarkibda faoliyat ko‘rsatadi.

Arxiv mudiri (arxivarius) zimmasiga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

- arxiv pasportini yuritadi va unga fond hajmi va tarkibi bo‘yicha o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni kiritib borish;

- sud raisining buyruq va farmoyishlarini, sudning moliya-xo‘jalik faoliyatiga oid hujjatlarini, shaxsiy ishlar yig‘majildlarini, ko‘rilib tamomlangan iqtisodiy ishlarini va ishga oid boshqa materiallarni, sud amaliyotini umumlashtirishga oid hujjatlarni va statistik hisobotlarni belgilangan tartibda to‘g‘ri rasmiylashtirilganligini tekshiradi va saqlash uchun qabul qilib olish;

- arxivga qabul qilingan ishlar va boshqa hujjatlarni axborot tizimida ro‘yxatga oladi va ularni tartib raqamlari asosida joylashtirish;

- ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochilari tomonidan yuborilgan barcha ma’lumotlar (sud hujjatining to‘liq yoki qisman ijro etilganligi, ijrosini ta’minlash imkoniyati yo‘qligi va shu kabi ma’lumotlar) axborot tizimida belgilangan shakllar asosida to‘liq kiritib, ushbu sud hujjatini yuborgan sudyani tanishtiradi hamda tegishli ishlarga qo‘shib qo‘yish;

- arxivda saqlanayotgan ishlar va boshqa hujjatlarning hisobini yuritadi, zarur hollarda ular yuzasidan ma’lumotnomalar tayyorlash;

- sud rahbariyatining ruxsatiga ko‘ra arxivda saqlanayotgan ishlar va hujjatlar bilan tegishli shaxslarni tanishtiradi, belgilangan tartibda hujjatlardan nusxa yoki ko‘chirmalar beradi hamda so‘rovnomalarga asosan ma’lumotnomalarni tayyorlash;

- arxivdagi ishlar va boshqa hujjatlarni saqlanishini ta’minlash; har yili kamida bir marotaba arxivda saqlanayotgan arxiv hujjatlarini saqlash va yo‘q qilishga ajratish; doimiy saqlanishi lozim bo‘lgan ishlar va boshqa hujjatlarni tegishli arxivga topshirish choralarini ko‘rish;

- sud rahbariyati topshiriqlaridan kelib chiqadigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish kabi vazifalar yuklatilgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, arxiv ishi sohasida ish yuritish keng qamrovli masalalarni qamrab olgan bo‘lib, bu o‘z navbatida ushbu sohada faoliyat yuritayotgan barcha xodimlardan arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlardan bevosita xabardor bo‘lishni va ularni amalda qo‘llay bilishni taqozo etadi.

Jasurbek Umurzakov,

Farg‘ona tumanlararo iqtisodiy sudi arxiv mudiri.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar