• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Adolatli yurtboshim ochiqlik siyosatini amalda tadbiq etib, biz oddiy halqni koʻkragiga oftob tegdi, deganda...
Jamiyat
Huquq

Adolatli yurtboshim ochiqlik siyosatini amalda tadbiq etib, biz oddiy halqni koʻkragiga oftob tegdi, deganda...

  • 05.08.2022 / 22:49
  • 820
  • 0
111

Kecha, 4 avgust kuni Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibi Tursanali Akbarov “Rishton sudida oʻzboshimchalikmi? Sarson-sargardonda yurib otilgan Xayrullo” nomli videomurojaatga rasmiy bayonot eʼlon qilgan edi. Yaʼni, “bu sud ishiga aralashish va sudyaga nisbatan bosim”, deya tariflangan bayonotda.

Vodiy24.uz tahririyati Oltiariq tumanida yashovchi Toshpoʻlatov Xayrulloni yordam soʻrab bir necha bor qilgan murojaatidan soʻng, holisona video murojaatini yoritdi. Chunki, Xayrullo ham shu yurt farzandi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi, uni “qimmat” advokatlarni yollashga puli yoʻq, uni faqat davlat rahbari yoki yuqori turuvchi organlar rahbarlariga murojaati bor holos! U oddiy dehqon oilasining farzandi.

Bizda, Tursunali Akbarovning rasmiy munosabati yuzasidan unga beradigan savollar tugʻildi. Chunki rasmiy munosabat, yolgʻon va tuhmatdan iborat boʻlgan, kimnidir yonini olish, sudyalar oliy kengashi maqomidagi nufuzli bir organ kimni tomonida turganini ochiq-oydin koʻrsatishga urinish deb baholaymiz! 

Tursunali Akbarov aytingchi, siz bu bayonotingiz bilan sudyani himoyasiga otlandingizmi yoki oddiy fuqaroni qamoqqa tiqishga otlandingizmi? Bu bayonotingizdan nimani kutish mumkin? Kelgusida Xayrulloni onasini mulkini tortib qoʻyishga qoʻyilgan ilk qadammi bu? Nima uchun siz bayonotingizda sudya M.Umarovani ish yurituvida boʻlgan, 8-avgust kuni koʻrilishi tayinlangan MIB Oltiariq tumani boʻlimi boshligʻi Z.Yulbarsovning arizasi boʻyicha maʼlumot bermadingiz? 

Xayrulloning videomurojaatida nima uchun hamma arizalar sudya M.Umarovaga tushyapti, bu arizalar elektron variantda tushyaptimi yoki toʻgʻridan-toʻgʻri Umarovaga olib kirib berilyaptimi, degan mazmundagi savol oʻrtaga qoʻyilgan edi.

Aslida, MIB Oltiariq tumani boʻlimi boshligʻi Z.Yulbarsov 2022-yil 6-apreldagi ijro xujjati boʻyicha 4 oydan keyin tushuntirish soʻraydimi? Yoki Xayrulloni 14 000 AQSH dollari qiymatidagi ishi bilan bogʻliq ish, sizni ish yurituvingizda ekan, oʻsha ishni koʻrib chiqqinungizcha ijroni toʻxtataymi yoki davom ettiraymi qabilida sudga ariza kiritmoqdami? Bu bilan sud ishiga davlat ijrochisi aralashmayaptimi?

Davlat ijrochisini nima haqqi borki, Toshpoʻlatova Xaitxonni uydan koʻchirish bilan bogʻliq ijro ishiga Toshpoʻlatov Xayrulloni yetkazilgan zarar bilan bogʻliq ishini aralashtirib, shu bahona ijroni toʻxtatishga urinishga? Siz boʻlsangiz bu holatni yashirmoqdasiz. Davlat ijrochisi bu arizadan avval bir necha marotaba ijroni toʻxtatgan, ijroni kechiktirgan boʻlsada, yana Bosh prokurorga shikoyat qilibdi, keling shunga ijroni toʻxtatib qoʻyaveraylik, demoqchi boʻlganmi? Davlat ijrochisini nima haqqi bor Toshpoʻlatovalarni huquqlarini poymol qilishga? 

Siz bayonotingizda M.Madumarova beva ayol, 3 nafar farzandni onasi, deb qavs ichida yozib ketibsiz. Siz bu bilan kimni rahmini keltirib Xayrulloga qarshi qayramoqchi boʻlyapsiz? Xayrulloni otasi insult boʻlgani, onasi 45 gradus jaziramada sudlarda sarson boʻlgani, soat 9:50 ga sudga chaqirib, shu vaqtda borishsa, sizni soat 15:00 ga chaqirganmiz, deb yolgʻon gapirib turgan sudya yordamchilarining oʻyinlaridan xabaringiz bormi? 

Nima haqlaring bor, oddiy qonunni bilmaydigan mehnatkash xalqimizni bunchalar sarson qilishga? Yetar endi, boʻldi endi. Shundogʻam 30 yil qonunni bilmagan Xayrulloni oilasiga oʻxshaganlarni yuqoridagi kabi nayranglar bilan yetalab kelindi. Endi peshonasiga oftob tegib, adolatli yurtboshim ochiqlik siyosatini amalda tadbiq etib, biz oddiy halqni koʻkragiga oftob tegdi, deb turganda, siz bu ochiqlikni bugʻmoqchi boʻlyapsizmi?

Kimlardir bu ishda oʻtgan davrni qumsab qolmayaptimi?  Xayrulloni ichkariga olib kirib, qiynoqlar qoʻllab, boʻyniga bir nimalarni ilib, qamoqqa tiqvorishni maqsad qilinganmi yo? 

Siz bayonotingizda qavs ichida aytilayotgan summaga hozir bitta yangi Jentra beradi, deb shama qilib ketibsiz, aytingchi, 2015-yilda Xayrullo qoʻliga olmagan aksincha, siz himoya qilayotgan daʼvogar, ukasi Jaxongirga bergan 14 000 AQSH dollari QIYMATIDAGI 36 552 460 soʻmga bitta yangi Jentra berarmidi? Siz bu gapingiz bilan sudyaga maksimal darajada bos man himoyangdaman demoqchimisiz yoki oʻzingiz yangi Jentra haydagingiz kelib qoldimi?

Bizningcha, sizlar fikringizni bildirib qoʻydilaring, toʻgʻrimi? Xayrullo MIBni ustidan shikoyat qilgan edi, biroq, sizlar uchun ayni muddao boʻlgan koʻrinadi. Ichlaringdagi boshqa rejani chiqarib yubordinglar.

Nima uchun siz ishni puxta oʻrganmasdan, kimnidir shaxsiy adovatini himoya qilibmi, yoki bu ishdan alamzada, siz uchun yaqin boʻlgan odamni (kim boʻlishidan qatʼiy nazar) yonini olibmi, ishdan MIBni arizasini yashirib, goʻyoki sudya M.Umarovani qoʻlida bitta zarar undirish haqida ish bor qilib koʻrsatishingiz, kim uchun zarur boʻldi? Sudya M.Umarovani qoʻlida Xayrullolar oilasiga bogʻliq ikkita ish borligini endi yashirolmaysiz-ku!

Xayrulloni murojaatini tushunarsiz, deb shuning uchun tartib bilan bayon qilishga toʻgʻri keladi, debsiz. Toʻgʻri Xayrullo oddiy dehqon bolasi, u sizdek oliy malumotli emas. Biroq, siz oliy malumotli boʻla turib, nimani tartib bilan bayon qildingiz? MIBni arizasini yashirganingizni oʻzi yolgʻon maʼlumot berish hisoblanmaydimi?

Yolgʻon maʼlumot berish bilan bir vaqtda nima uchun Xayrulloni oʻta ogʻir jinoyatni sodir etganlikda ayblab, tuhmat qildingiz, Tursunali Akbarov?

Siz bayonotingizda, “Sudda yutqazgach, M.Madumarova X.Toshpulatov ustidan ichki ishlar organiga murojaat qiladi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida X.Toshpulatov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgani qayd etiladi”, deb koʻrsatgansiz. 

Aytingchi, siz tergovchini qarori bilan tanishganmisiz? Siz yuqoridagi tuhmatingiz bilan bir insonni huquqini poymol qilib, ommaviy axborot vositalari orqali butun dunyoga Toshpoʻlatov Xayrulloni oʻta ogʻir jinoyatni sodir etganlikda ayblab, tuhmat qilmoqdasizku! Buning uchun javobgarlik borligini ham bilasiz. 

InShot_20220805_224554414

Tergovchining qaroriga qarang nima yozilgan, fuqaro Toshpoʻlatov Xayrullo Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan. Bu uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar turiga kirarmidi, hurmatli Tursunali Akbarov? Ayting, nima uchun Xayrulloga tuhmat qildingiz?

Sizga oxirgi savolimiz, mulk huquqi, yaʼni egalik huquqini bilmagan sudya, sudya boʻlib ishlashi mumkinmi? Siz bayonotingizda, sudya M.Umarovani qarori viloyat sudida oʻzgarganini yozgansiz, lekin nima uchun oʻzgarganini maʼlum qilmagansiz. Sudya M.Umarova mulkdor X.Toshpoʻlatovani xususiy mulkiga oʻzi istaganicha egalik qilishini bilibmi yo bilmaymi, uni mulkdorligini tan olmay qaror chiqargan. Ana shu qaror viloyat sudida bekor qilinib, Toshpoʻlatovani mulk huquqi himoya qilingan. Yaxshiyam apellyatsiya instansiyasi bor, boʻlmasa Toshpoʻlatova bir umr mulk huquqidan mahrum boʻlib qolarmidi? 

Bu ishlardan soʻng, sudya O.Jiyanovga oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas, deb topish daʼvosi tushdi. Sudya O.Jiyanov nima qildi, sharta oʻzini qoʻlidagi ishga bogʻliq boʻlmagan ishni, yaʼni viloyat sudining uydan koʻchirish haqidagi ajrimi ijrosini toʻxtatib qoʻydi. Bu ajrim ham viloyatda bekor boʻldi, yaxshiyam apellyatsiya instansiyasi bor ekan, boʻlmasa nima boʻlardi, Tursunali Akbarov? 

Shu ishlardan keyin ham Xayrullo yuqoriga murojaat qilmasinmi? Aytgancha, oldindan bilib turib noqonuniy hal qiluv qarori va ajrim chiqargan sudyalarga jinoyat kodeksida jazo belgilanganmi?

Tursunali Akbarov, siz advokatmisiz, tergovchimisiz yoki sudyalar oliy kengashi matbuot kotibimisiz? Yuqoridagi bayonotingiz shaxsiy adovat urugʻini sochmayaptimi? 

Sizni bayonotingizni men, sud ishiga aralashish, sudga yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, sunʼiy ravishda daʼvo summasini oshirish (aytilgan pulga hozir yangi Jentra beradi), Xayrulloga nisbatan birorta jinoyat ishi yopishtirish, uni qamatib yuborishga urinish, Xayrulloni oʻta ogʻir jinoyatni sodir etganlikda ayblab ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, taraflarni shaxsiy hayotiga aralashish (beva uch farzandni onasi, aslida farzandlar uyli joyli, oilali boʻlib ketishgan. Qoʻlida goʻdagi, voyaga yetmagan 2-3 ta goʻdaklari bor bevalar bor bilasizmi), tarafkashlik qilish deb hisoblashga haqlimanmi?

Shuxrat Esanov
Vodiy24.uz muxbiri

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar