• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Fargʻonada “shahar bedarvozami” yoki eski rahbarlar “shaltoqlarini” yangilari tozalay olmayaptimi?
Jamiyat

Fargʻonada “shahar bedarvozami” yoki eski rahbarlar “shaltoqlarini” yangilari tozalay olmayaptimi?

  • 06.08.2022 / 19:57
  • 224
  • 0
111

Vodiy24.uz tahririyatiga qilingan navbatdagi murojaat, yaʼni Fargʻona shahar Fargʻona koʻchasida joylashgan 35 va 37-koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning murojaatiga asosan tahririyat muxbirlari hududga borib oʻrganish olib bordi.

Fuqarolarning noroziligiga sabab boʻlayotgan holat shuki, koʻp qavatli turar joy binosi yoniga AGTKSH (metan gaz zapravkasi) qurilayotganligidir. 

Oʻrganishlar davomida shu narsa maʼlum boʻldiki, “zapravka” qurilayotgan joyda “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJning “Fargʻona uchinchi suv koʻtarish inshooti” mavjud boʻlib, u 1995-yil 1-yanvarda qurilib, foydalanishga topshirilgan. Mazkur hududda sigʻimi 18 ming m3 hajmdagi 3 ta yangi suv saqlash rezeruvarlari, eski foydalanilmayotgan rezeruvarlar, diametri 350 mmli yer osti suv qudugʻi, 2 dona magistral suv yoʻnalishida diametri 1000 mmli  hamda diametri 800 mmli ichimlik suvi quvurlari oʻtganligi, 1 ta 6 kVt li yer osti elektr energiya tarmoqlari mavjudligi qayd etilgan.

Mazkur inshoot orqali Fargʻona shahrining Qirguli mavzesi, Margʻilon shahrining bir qismi hamda Toshloq tumani aholisining bir qismi, jami 24 mingdan ortiq isteʼmolchini toza ichimlik suvi bilan taʼminlab kelinmoqda. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 2-may kungi PQ-855-sonli qaroriga asosan Fargʻona va Margʻilon shaharlari hamda unga tutash boʻlgan 600 mingdan ortiq aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida yana 2 dona diametri 1000 mm li markaziy suv tarmogʻi olib kelinishi koʻzda tutilgan. 

Shunday boʻlsada, “Fargʻona uchinchi suv koʻtarish inshooti” hududining bir qismi Fargʻona shahar hokimining 2019-yil 30-dekabrdagi 1222-sonli qaroriga asosan “Fargʻona shahar Fargʻona koʻchasidagi 35-sonli koʻp qavatli turar joy binosi oldi hududida joylashgan 3220 kv.m boʻsh yer maydoni “MIG OIL METAN” MCHJga avtomobillarga gaz toʻldirish shahobchasi (AGTKSH) qurish uchun” berib yuborilgan.

Oradan biroz vaqt oʻtib, Fargʻona viloyati prokuraturasi tomonidan 2020-yil 28-mart kuni shahar hokimining 2019-yil 30-dekabrdagi 1222-sonli qarorini bekor qilib, uni qonun talablariga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida protesti kiritilgan.

2020-yilning 11-aprelida Fargʻona shahar hokimining 2019-yil 30-dekabrdagi 1222-sonli qarorini qonun talabiga muvofiqlashtirish haqida 188-sonli qarori qabul qilingan.

Fargʻona shahar prokuraturasi tomonidan 2021-yil 3-may kuni kiritilgan protestda esa Fargʻona shahar hokimining 2019-yil 30-dekabrdagi 1222-sonli va 2020-yil 11-apreldagi 188-sonli qarorlarini bekor qilish talab etiladi.

Shundan soʻng, shahar hokimligi 2021-yilning 10-may sanasida 344-sonli qaror bilan Fargʻona shahar hokimining 1222-sonli va  188-sonli qarorlarini bekor qilish haqida qaror chiqaradi.

Mazkur qarordan norozi boʻlgan “MIG OIL METAN” MCHJ tomonidan sudga daʼvo ariza kiritiladi. Fargʻona tumanlararo maʼmuriy sudi 2021-yil sentyabr oyining 9-kuni ishni koʻrib chiqadi va daʼvogarning arizasini rad etib, Fargʻona shahar hokimligining 344-sonli qarorini oʻz kuchida qoldiradi.

Ammo, Fargʻona tumanlararo maʼmuriy sudining 2021-yil 16-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan shahar hokimligining 2021-yil 10-maydagi 344-sonli qarori haqiqiy emas, deb topiladi.

Shundan soʻng tadbirkor tomonidan mazkur hududda qurilish ishlari davom ettiriladi. Hozirgi kunda tahminimizcha, qurilish ishlari yakuniy bosqichga yetib kelgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi suv obyektlarining suvni muhofaza qilish va sanitariya muhofaza zonalarini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 981-sonli qarorining: 

44-bandida xoʻjalik-ichimlik suvi taʼminoti yer osti manbai sanitariya-muhofaza zonasining birinchi mintaqasi chegaralari yakka suv olish joyidan yoki guruhli suv olishda eng chekkadagi suv olish inshootidan boshlab yetarlicha muhofaza qilinmagan yer osti suvlaridan foydalanganida – 50 metrni tashkil etishi;

50-bandida xoʻjalik-ichimlik suvi taʼminoti tizimi boʻylab sanitariya-himoya mintaqalari belgilanishi, ularning kengligi eng chekkadagi suv tarmogʻidan boshlab hisoblanishi va suv tarmogʻi qurilishi tugallanmagan hududda quruq tuproqda yotqizilganda – diametri 1000 mm gacha boʻlganda kamida 10 metr muhofaza zonasi saqlanishi koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitar shifokorining 2007-yil 29-dekabrdagi buyrugʻi bilan tasdiqlangan №0244-07-sonli sanitariya qoidalari va normalarining: 
-  3.1.1-bandida yer osti suv quduqlari ishlab chiqarish tashkilotlari va aholi yashash hududlaridan tashqarida joylashishi, tik quduqning birinchi qatʼiy muhofaza zonasi quduqning eng chekka chizigʻidan 30-50 metr radiusni tashkil etishi;

-  5.3-bandida ichimlik suvi tarmogʻi diametri 1000 mm boʻlganida ikkala yon taraflaridagi muhofaza zonasi kamida 10 metrni tashkil etishi;

-  6.1.1-bandida esa sanitariya muhofaza zonalarida suvni yetkazib berish faoliyatidan tashqari boʻlgan obyektlar qurilishi taʼqiqlanadi, deb koʻrsatilgan boʻlsada, shahar hokimligi tomonidan yuqoridagi talablarga zid ravishda qaror qabul qilingan.

Shuningdek, tadbirkor tomonidan ham yuqorida keltirilgan talablarga zid ravishda qurilish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Oʻrganishlar davomida,

“Fargʻonadavekoekspertizasi” markazi DUK tomonidan qurilishga ijobiy xulosa berilganligi maʼlum boʻldi. Eʼtiborni tortgan jihati shuki, ushbu hududda mazkur obyektni qurilish meʼyori qoidalari va sanitariya talablari asosida joylashtirishga qarshilik bildirilmasligi toʻgʻrisida Fargʻona shahar “Madaniyat” MFY faollari va sharq tomonda joylashgan 35-sonli koʻp qavatli turar joyda yashovchi 20 nafar xonadon egalari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, yigʻilish bayoni taqdim etilganligi taʼkidlandi. Lekin oʻsha yigʻilish bayonidan nusxa soʻraganimizda esa taqdim etilmadi.

Bundan tashqari “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ masʼullari tomonidan 2021-yil 28-aprelda tuzilgan dalolatnomaga asosan shu narsa maʼlum boʻldiki, Fargʻona shahar hokimining 1222-sonli qarorida 3220 kv.m yer maydoni ajratilgan boʻlishiga qaramay, “MIG OIL METAN” MCHJ tomonidan suv inshooti hududidagi 1540 kv.m yer maydoniga oʻzboshimchalik bilan qoʻshimcha bino-inshootlar qurib olinganligi aniqlangan.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, Fargʻona shahar hokimining 2019-yil 30-dekabrdagi 1222-sonli qarorini asos qilib olib, qurilish Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan qonuniy talablarga zid ravishda amalga oshirib kelinmoqda.

Mazkur holat yuzasidan tegishli organlar hamda mutasaddi tashkilotlardan, masʼul rahbarlardan nazoratga olib, qonuniy chora koʻrilishini soʻrab qolamiz.

Vodiy24.uz tahririyati

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar