• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Toshda o‘sayotgan gul” yohud orzulari tomon intilayotgan Muxlisa
Jamiyat

“Toshda o‘sayotgan gul” yohud orzulari tomon intilayotgan Muxlisa

  • 18.08.2022 / 13:30
  • 1044
  • 0
111

Muxlisa Tohirova 19 yoshda. U Farg‘ona viloyati, Uchko‘prik tumanidagi Qatag‘on qishlog‘ida yashaydi. Uning oilasi “Temir daftar”da turadi. Onasi Odinaxon qishloqning kichik bir oshxonasida ishlaydi. Dadasi Mo‘ydinjon qishloq ustalariga yordamchilik qilib yuradi.

Muxlisa tumandagi 1-maktabni o‘tgan yili tamomladi. U yaxshi niyatlar bilan dizaynerlik yo‘nalishida oliy maʼlumot olmoqchi edi. Аmmo o‘qishga kirolmadi.

Qishloq qizi Muxlisa yengilmoqchi emas. U kelajagini o‘zi qurmoqchi. Oliy maʼlumot olib, dizaynerlik va tikuvchilik yo‘nalishida o‘z brendiga asos solmoqchi. Shuningdek, jajji bolajonlarga dizaynerlik sir-asrorlarini o‘rgatmoqchi.

photo_2022-08-01_16-23-23 (1)

4-sinfdan boshlab qo‘g‘irchoqlarga “kiyim tika boshlaganman” – deydi biz bilan suhbatda Muxlisa. – Аvval tikuvchilikka qiziqar edim. Keyin dizaynerlik tikuvchilikdan ko‘ra qiziqarliroq ko‘rindi. Аsta-sekin turli – oqshom, kundalik, sport, klasssik, bolalar liboslari yo‘nalishida kiyim dizaynlarini yarata boshladim.

Muxlisa oilasidagi sharoit tufayli uzoqqa to‘garakka yoki biror studiyaga qatnay olmasdi. Shuning uchun tumandagi “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi rassomchilik to‘garagiga bordi.

-U yerda yangi narsa o‘rgana olmaganman, - deydi Muxlisa.- Ustozlar yaxshi o‘rgatishga harakat qilardi, ammo menga o‘zim bilgan narsalar qiziq emasdi.

Shundan so‘ng u 20-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida dizaynerlik yo‘nalishi borligini eshitib qoladi. U yerda Raʼnoxon Yusupovadan dizaynerlik borasidagi nazariy bilimlarni o‘rgana boshlaydi.

- Аvval shunchaki oq qog‘ozga biror ko‘ylak yoki shimning rasmini shunchaki chizaverardim, ustozga borganimdan keyin kompozitsiya nima, simmetiriyani qanday chiqarish kerak, ranglarni uyg‘unlashtirish nima degani kabi savollarga javob oldim.

photo_2022-08-01_16-22-57

photo_2022-08-01_16-23-21

photo_2022-08-01_16-22-49

Muxlisa rasm chizishdan tashqari tikuvchilik, to‘quvchilik, soch turmaklashni ham qoyillatib uddalaydi. Uning uyi sochini mayda va turli usullarda o‘rdirishni istovchi qizaloqlarga to‘lib ketadi.

Muxlisa Tohirova hech qanday tanlovlarga qatnashmagan. Nima uchun?

Oilamiz kam taʼminlangan oilalar qatorida turadi. Shuning uchunmi yoki boshqa sababmi maktabda o‘qituvchilarim meni hech qanday tanlovlarga olib bormagan. Yoki tanlovlar haqida xabardor qilishmagan. Rasm o‘qituvchimiz mendagi qobiliyatni rivojlantirish uchun alohida ishlamagan. Аmmo kimyo fani o‘qituvchisi bir kuni “Muxlisa, sen juda chiroyli rasm chizar ekansan, tanlovlarga qatnashsang albatta g‘olib bo‘lasan”, deb ruhimni ko‘targan.

photo_2022-08-01_16-22-52

photo_2022-08-01_16-22-55

Musiqa maktabidagi ustozi Raʼnoxon Yusupova dizaynerlikdan tashqari sopol laganga portret chizishni ham bilar ekan. Muxlisa qobiliyatli emasmi, darrov sopolga portret chizishni ham o‘rganib oldi.

Eng katta orzularimdan biri Qo‘qon shahridagi sanʼat maktabida o‘qish edi, - deydi Muxlisa, - 9-sinfni bitirganimda o‘sha yerga hujjat topshirdim. Аmmo pulimiz yo‘qligi uchun o‘qiy olmadim.

Men ham boshqa tengdoshlarim kabi Toshkentdagi Kamoliddin Behzod nomidagi dizayn va rassomchilik institutida o‘qishni juda-juda orzu qilaman. Аmmo moddiy imkoniyatimiz yetmaydi. Shuning uchun bu yil Namangan muhandislik-texnologiya institutining dizaynerlik yo‘nalishiga imtihon topshirdim.

photo_2022-08-01_16-22-45 (1)

O‘z oldimga katta maqsadlarni qo‘yganman. Birinchi eng katta niyatim oliy taʼlim olish va olgan bilimlarimni yosh bolalarga o‘rgatish. Kelajakda orzularim juda ko‘p. O‘zimning shaxsiy art studiyamni ochib, o‘sha yerda o‘quv ustaxonasi, dizaynerlik studiyasi, tikuvchilik sexi ochib bolalar kiyimlari bo‘yicha o‘z brendimni yaratmoqchiman, - deya to‘lqinlanib so‘zlab berdi Muxlisa.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar