• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Tish do‘xtiri bo‘lishni orzu qilardim. O‘qituvchilik qismatim ekan”- fan doktori bo‘lish niyatidagi maktab o‘qituvchisi
Jamiyat
Fan va ta'lim

“Tish do‘xtiri bo‘lishni orzu qilardim. O‘qituvchilik qismatim ekan”- fan doktori bo‘lish niyatidagi maktab o‘qituvchisi

  • 30.09.2022 / 13:36
  • 1011
  • 0
111

O‘zbekistonda 1-oktabr - “O‘qituvchi va murabbiylar” kuni umumxalq bayrami sifatida katta tantanalar bilan nishonlanadi. Hatto bu kunni rasmiy dam olish kuni, deb ham eʼlon qilingan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev saylovlar arafasida o‘qituvchilarning oyligini 1000 dollarga yetkazish haqida gapirgan edi.

Mana qariyb uch yildirki, o‘qituvchilarning mavqei va obro‘si ham mustahkamlanib bormoqda. Ular o‘tgan shu yillar davomida majburiy mehnatga jalb etilmadi, yo‘llarni tozalashga, uy-joylar qurishga, paxta terimiga chiqarilmadi.

Haqiqatdan ham o‘qituvchining shaʼni, qadri-qimmati yuksalib bormoqda.

Oddiy qishloq maktablarida mehnat qilib, ilmiy izlanishlar olib borish bundan o‘n yillar avval ham yetib bo‘lmas orzu edi. Sen qachonki Toshkentda yoki viloyat markazlarida yashaysan, o‘sha yerdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida ilmiy ish olib borishing mumkin degan sterotiplar shakllangan edi.

Bugungi kunda esa O‘zbekistonda ham baʼzi qarashlar o‘zgardi. Endi ilmiy salohiyating, o‘z oldingga qo‘ygan maqsading, intilishing bo‘lsa bemalol eng chekka qishloqda yashab ham katta yutuqlarga erishish mumkin.

Oxunjon Karimov ham hamma qatori oddiy o‘qituvchi. U Uchko‘prik tumanidagi 56-maktabda kimyo fanidan dars beradi. Xushchaqchaq, kirishimli, doimo kulib turuvchi bu yigit qishloqda yashab ham ko‘p narsaga ulgurayotganlardan.

photo_2022-09-28_19-57-40

- Uchko‘prik tumanining Oq oltin qishlog‘ida tug‘ilganman, - deydi Oxunjon biz bilan suhbatda. Uch opamdan keyingi oiladagi yagona o‘g‘il farzandman. Dadam avval maktabda chaqiruvgacha harbiy taʼlim fanidan dars bergan. Onam ham fizika fani o‘qituvchisi bo‘lganlar. Bolaligimda hamma qatori oddiy bola bo‘lganman. Sho‘x, o‘yinqaroq, to‘palonchi. Tish do‘xtiri bo‘lishni orzu qilardim. Men maktabda o‘qiyotgan paytda dadam mehnat muhojiri sifatida Rossiyaga ishga ketgan. Maktabni tamomlab, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish tanlovi qarshisida qolganimda dadamga qo‘ng‘iroq qilganman. U kishi “O‘g‘lim, sizga bir marta imkoniyat beraman, agar bu yil o‘qishga kira olmasangiz, keyin oliy taʼlim olish haqida o‘ylamaysiz. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanasiz” deganlar. Bu gap meni ikkilantirib qo‘ygan. “Osilsang baland dorga osil” deyishganidek Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga borsamu imtihonlardan o‘tolmasamchi, keyin nima bo‘ladi” degan hadikda hujjatlarimni Qo‘qon davlat pedagogika institutining kimyo fakultetiga topshirganman. Chunki tibbiyot sohasi bilan pedagogika sohasidagi raqobat qanchaligini, bilimim bemalol pedagogika yo‘nalishiga yetishini bilardim. Va talaba bo‘ldim. Dadam uzoqdaligi uchun u kishi meni “tibbiyot yo‘nalishiga o‘qishga kiribdi” deb o‘ylagan ekanlar. Keyinchalik pedagogikani tanlaganimni olqishladilar.

- 2011 yildan boshlab o‘qituvchilarim mendan pastki sinflarga dars o‘tishimni so‘rashgan. O‘zimdagi bor bilimni o‘quvchilarga berishga harakat qilib, jaydari tilda aytganda “jon-jahdim” bilan dars o‘ta boshlaganman.

photo_2022-09-28_19-57-39 (2)

-Oxunjonning kimyo haqidagi fikrlarini, kimyoning sehrli dunyo ekanligini har bir misol bilan isbotlashini ko‘rib, undagi iqtidor va isteʼdod oddiy qishloq maktabida xor bo‘lmayaptimikan deb o‘yladik. Mashhur “Suyunchi” filmida “Bu tog‘u toshlar orasida nomim chiqmay o‘lib ketishni istamayman” degan ibora bor. Siz ham shuncha bilim va ishtiyoq bilan bu yerlarda qolib ketyapman, deb hech o‘ylamaysizmi, deb so‘raymiz suhbatdoshimizdan.

-Nega endi, hali nomim chiqadi. Xudo xohlasa, fan doktori darajasiga erishaman, - deydi kulib Oxunjon. Uning aytishicha, hozirgi kunda maktabda o‘qituvchilik qilish bilan birga Qo‘qon davlat pedagogika institutining kimyo yo‘nalishi magistraturasida o‘qimoqda. Ilmiy rahbari kimyo fanlari doktori G‘olibjon Ochilov bilan birgalikda “Sanoat korxonalaridan chiqadigan oqava suvlarni faollashgan ko‘mir ishtirokida tozalash” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

-Ilmiy izlanishim mavzusi eng dolzarb muammolar yechimini izlashga qaratilgan, - deydi Oxunjon Karimov. – Hozirgi kunda butun dunyoda ichimlik suvi muammosi eng og‘riqli masalalardan biri bo‘lib turibdi. Biz sanoat korxonalaridan chiqadigan oqava suvlarni tozalashga erishsak, bu O‘zbekiston aholisi uchun foydali ishlardan biri bo‘ladi. Magistratura tahsilidan so‘ng, ilmiy izlanishlarimni yana davom ettirib, fan doktori darajasigacha yetmoqchiman.

photo_2022-09-28_19-57-38 (2)

Oxunjon Karimov tinib-tinchimas, zamonaviy o‘qituvchi qiyofasiga, zamonaviy o‘qituvchi imidjiga mos keluvchi mutaxassislardan biri.

-Maktabda ishlashdan tashqari abiturientlarni oliy o‘quv yurtiga tayyorlash maqsadida repetitorlik ham qilaman, - deydi u. – Birinchidan, repetitorlik qilib moddiy ahvolimni mustahkamlayman, ikkinchidan oliy taʼlim olish istagida bo‘lgan yoshlarni orzulariga yetishiga yordam beraman. Repetitorlikni menga eng yoqadigan jihati shuki, avgust oyining oxirida uyimizda haqiqiy bayram bo‘lib ketadi. Chunki men tayyorlagan abiturientlarning kamida 90 foizi talabalik baxtiga erishadi. Аna shularning ota-onalari uyimizga kelib ota-onamga shunday o‘g‘ilni katta qilganiz uchun rahmat, deb duo qilib ketishadi. Аna shunday paytlarda o‘qituvchilik kasbi mening qismatim ekanligini tushunaman. Chunki men tish do‘xtiri bo‘lish uchun hujjatlarimni Toshkentdagi tibbiyot institutiga topshirish uchun yo‘lga chiqqan bola edim. Taksi haydovchisi bilan Toshkentga olib borib kelishini gaplashib moshinaga o‘tirgandim. Qishlog‘imdan yo‘lga chiqib Qo‘qon shahrida tushib qolishim ham taqdirning menga bergan inʼomi bo‘lsa kerak, deb ko‘p o‘ylayman.

photo_2022-09-28_19-57-37

O‘quvchilarning kimyo faniga qiziqishi qanday, tabiiy fanlarni o‘qitishda maktablarda qanday muammolar mavjud, degan savolimizga Oxunjon Karimov shunday javob berdi:

-Hamma bola kimyo faniga qiziqadi. Chunki bu fan haqiqatdan ham qiziqarli. Har bir mavzu hayotdan olingan. Hayotimizning o‘zi kimyo. Masalan, oddiy chaqaloq tug‘ilishini olaylik. U tug‘iliboq kimyo bilan yuzlashadi, yaʼni nafas oladi. Nafas olishi uchun esa unga havo kerak. Havo bu kislorod. Yoki mana ikkalamizning gaplashib turishimizda ham kimyoviy elementlar katta rol o‘ynayapti. Yaʼni biz kislorod qabul qilyapmiz, atrofimizdagi daraxtlar esa karbonant angdrid yutib, bizga kislorod chiqarib beryapti. O‘quvchi mana shu narsalarni tushuna borgani sari kimyoga muhabbat qo‘ya boshlaydi. Аyniqsa, kimyoviy reaktsiyalarni o‘z qo‘li bilan qilib ko‘rsa, unda bu fanga qiziqish yana ham kuchayadi.

-Bitta bizning maktabda emas, barcha maktablarda laboratoriya mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun kimyoviy moddalar, laboratoriya jihozlari yetishmaydi. Maktabdagi bor imkoniyatdan foydalanib o‘quvchilarga laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazamiz, - deydi Oxunjon.

photo_2022-09-28_19-57-39

U O‘zbekistonda olib borilayotgan taʼlim islohotlarini maʼqullaydi va qo‘llab-quvvatlaydi.

-2011 yillarda yaʼni men maktabni bitirgan paytda abiturientlar faqat bitta oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishi mumkin edi xolos. Sizning bilimingiz qanchalik zo‘r bo‘lmasin baʼzan raqobat kuchliligi tufayli 100 balldan ko‘p ball olsangiz ham talaba bo‘la olmasligingiz mumkin edi. Hozirgi kunda esa oliy taʼlim sohasida qilingan eng katta islohotlardan biri abiturientning avval uchta, keyin beshta oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirib, imtihonda to‘plagan bali asosida shu beshta o‘quv yurtidan birida o‘qishidir.

So‘zimiz avvalida Oxunjonning repetitorlik qilishi haqida ham gapirib o‘tgan edik.

-Unga “Nega o‘quvchilar maktabda kimyo fani o‘tilsa ham, yana repetitorga borib dars olishadi. Ular maktabdagi o‘qituvchining o‘zlariga berayotgan bilimidan qoniqmaydimi yoki buning boshqa sababi bormi?” deb so‘radik.

-Maktabda 7-sinfdan kimyo darsi o‘tiladi. Darslik ham zamon talablariga moslab tuzilgan. Аmmo bilasizmi, hozirgi kunda oliy taʼlim olish istagida bo‘lgan yoshlarning ko‘payganligi kimyo yo‘nalishi bor oliy o‘quv yurtlarida ham raqobatni sezilarli darajada kuchaytirdi. O‘qituvchi maktabda haftada bir soat o‘quvchiga yetarli bilimni beradi, ammo o‘quvchi qo‘shimcha dars olmasa albatta juda katta raqobat maydonida yengilib qolishi mumkin. Chunki kimyo qiziqarli fan bo‘lish bilan birga murakkab ham. Turli formulalar, masalalar, laboratoriya mashg‘ulotlarining natijalarini yodlab olish kerak. Shuning uchun asosan shifokorlikni tanlamoqchi bo‘lgan o‘quvchilar qo‘shimcha dars olishi kerak deb hisoblayman.

photo_2022-09-28_19-57-38

Undan yana “Mana endi oliy o‘quv yurtlariga kirish oson bo‘lib qoldi. Hozir shifokorlikka hujjat topshirsangiz bemalol talaba bo‘lishingiz mumkin. Kasbingizni o‘zgartirish haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?” deb so‘radik.

-Yo‘o‘o‘q, - dedi Oxunjon faxr bilan. O‘qituvchilik mening qismatim, o‘quvchilarimning har birini o‘z farzandimdek yaxshi ko‘raman. Аslida dunyoda eng sharafli kasb o‘qituvchilik ekanligini o‘tgan yillar davomida yanada teranroq angladim. Hozir kimdir do‘xtir bo‘lmoqchiman, repetitorlik qiling” deb kelsa avval o‘sha o‘quvchini bir oy sinayman. Unga turli qiyin topshiriqlar berib ko‘raman. Аnchagina uni “suvini siqaman” agar u mening sinovimdan o‘tsa, o‘sha bola kelajakda kimyo yo‘nalishidagi biror kasbning ustasi bo‘lib yetishishiga ishonsam mashg‘ulotlarni davom ettiraman. Bo‘lmasa, ota-onasi bilan gaplashib, farzandini qobiliyatiga qarab boshqa kasbga yo‘naltirishini aytaman. Shundayam baʼzi ota-onalar “yo‘q o‘qitavering, qancha bo‘lsa pulini beramiz, bu albatta do‘xtir bo‘lishi kerak, o‘qish davomida qiziqib qoladi, bilish qobiliyati ham kuchayib qolsa ajabmas” deb aytishadi. Keyinchalik o‘sha bola baribir boshqa kasbni yoki hunarni boshini tutadi.

Oxunjon bilan yangi pedagogik texnologiyalar, o‘quvchilarning yoshlikdanoq ilmiy izlanishlarga yo‘naltirish, o‘quvchining isteʼdodini rivojlantirish, kimyo sanoatida yuzaga kelayotgan muammolarga o‘qituvchilarning qarashlari, o‘g‘il va qiz bolalar taʼlimi haqida ham uzoq suhbatlashdik.

Yakunda “Ilm o‘zni bilmakdir” degan xulosaga keldik. O‘z ustida tinmay ishlab, katta-katta g‘oyalar bilan yashayotgan, yaxshi o‘qituvchi albatta boy bo‘ladi degan yangicha qarashni isbotlagan Oxunjonga kelgusi ishlarida rivoj tilaymiz.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar