• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat Konstitutsiya – eng yuksak insoniy qadriyatlar qomusi
Siyosat

Konstitutsiya – eng yuksak insoniy qadriyatlar qomusi

  • 24.11.2022 / 23:25
  • 538
  • 0
111

Davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan qomusnoma – bu Konstitutsiyadir.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu e’tirofi bugun Asosiy qonunimizga berilgan oddiy ta’rif emas, balki O‘zbekistonning kelajagi, jahon miqyosida tutgan o‘rni mustahkamlanib borishiga oid bashorati kabi jaranglaydi.

Darhaqiqat, davlat o‘z huquqiy hujjati – Konstitutsiyasi bilan dunyo sahniga qadam qo‘yadi. Shu jihatdan har tomonlama mukammal va xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan Asosiy qonunimizning yaratilishi xalqimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi bilan birga, ulug‘ maqsadlar sari sobit qadam tashlashida mustahkam huquqiy zamin bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2021 yil 7 dekabrda O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tabrigida “Ayni vaqtda biz Konstitutsiyamiz normalarini hayotga to‘la tatbiq etish, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini, inson huquq va manfaatlari, uning qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash borasida hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini yaxshi tasavvur qilamiz”, deb huquqiy davlatning muhim talablari haqida ta’kidlab o‘tgan edi.

Mazkur tabrikda “...hozirgi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat qurish sari dadil bormoqda. Shu sababli “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashning vaqti-soati yetdi”. “Ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. U shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi.

Shu bilan birga, ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir.

Shular qatorida yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi”, deb bayon etilgan edi.

Ushbu qo‘shimcha bilan O‘zbekiston davlatining siyosiy-huquqiy maqomiga yangi uchta, ya’ni “huquqiy davlat”, “ijtimoiy davlat” va “dunyoviy davlat” tushunchalari qo‘shimcha qilinmoqda.

Huquqiy davlat – bu demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir. Qolaversa, qonunlarning butun davlat hududidagi ustuvorligi, xokimiyatlar vakolatining bo‘linishi, shaxs va davlatning o‘zaro ma’sulligi, inson huquqlari va erkinliklarining himoyalanishidir.

2017-2021 yillarda Harakatlar strategiyasi asosida inson huquqlarini ta’minlash va sud hokimiyati mustaqilligini kuchaytirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi tuzildi, Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi birlashtirildi, ma’muriy sudlar, tumanlararo iqtisodiy sudi tashkil etildi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi, Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tuzildi.

Ijtimoiy davlat – bu har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modelidir.

Eng muhimi, oxirgi olti yilda ijtimoiy davlatning asosiy talablari amalda qo‘llanildi, xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi, “Monomarkaz”lar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari tashkil etildi. Ishlayotgan pensionerlarga pensiyalar 100 foiz to‘lanishga o‘tildi.

Ijtimoiy davlatda ta’lim va tibbiyot juda katta ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan qarasak, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 40 foizga oshirildi. Oliy ta’lim muassasalari soni 2 baravarga oshirildi, 2017 yilda respublikada 72 ta oliy ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda bu raqam 160 dan ortib ketdi.

2017 yilda 5211 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2021 yilda muassasalari soni 19 316 taga yetkazildi, respublika bo‘yicha qamrov 62,4% ga yetdi. Yoki, Xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 3 810 tadan 6 527 taga yetdi.

Umuman olganda, O‘zbekistonni ijtimoiy davlat, deb e’lon qilishga asoslar yaratildi.

Dunyoviy davlat – davlat hokimiyati dindan ajratilgan, boshqaruv diniy qoidalar bilan emas, balki fuqarolik qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan, qarorlar qabul qilishda diniy asoslarga tayanilmaydigan davlatdir. Shuningdek, hech qanday din va mafkura davlatning majburlov kuchi bilan o‘rnatilmasligini, ularning davlatdan ayri ekanligini tavsiflaydi.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, dunyoviy davlatda din davlatdan va siyosatdan ajratilsada, jamiyatdan ajratilmaydi.

Ijtimoiy davlat funksiyalari – bu ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlash; ishsizlikka qarshi kurashish; tadbirkorlarga yordam; aholining bandligini va daromadlarini doimiy o‘sishini ta’minlash; ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va ma’naviy-madaniy rivojlanishning qulayligini ta’minlash; jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta taqsimlash orqali munosib turmush sharoitini yaratish.

Ijtimoiy davlat belgilari – bu sifatli ta’lim, malakali va maqbul tibbiy xizmat; ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyot; fuqarolik jamiyatini rivojlanganligi; ijtimoiy davlat dasturlarini ishlab chiqishi va amalga oshirish; davlatning har kimga munosib turmush sharoiti, ijtimoiy ta’minot va shaxsning o‘zini o‘zi anglashi uchun teng boshlang‘ich sharoitlarini ta’minlash maqsadlarini tasdiqlash; fuqarolar oldidagi ijtimoiy mas’uliyat; ijtimoiy sohaga to‘lovlarning yuqori miqdori; ijtimoiy hayotni yaxshi rivojlangan tartibga solish tizimi; budjetdan ijtimoiy to‘lovlarning mavjudligi; ijtimoiy himoya, ijtimoiy ta’minot va bandlik davlat tizimlarining mavjudligi; jamiyatning barcha muhtoj a’zolarini istisnosiz ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mavjudligi; fuqarolarning farovonlik darajasi uchun davlat tomonidan javobgarlikni qabul qilish.

“Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi” IV bobida “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, mazkur strategiyaning 43 ta maqsadi bevosita har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasini ko‘tarishga qaratilgan.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasi birinchi marta XIX asr o‘rtalarida Lorens fon Shteyn tomonidan ilgari surilgan. U davlat g‘oyasi tenglik va erkinlikni tiklash, kam ta’minlangan sinflarni boy va kuchlilar darajasiga ko‘tarish, davlat “barcha a’zolarining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotini amalga oshirishi, chunki birining rivojlanishi boshqasining rivojlanishining sharti va natijasidir”. Ijtimoiy davlat – umumiy tamoyillari (aralash iqtisodiyot, ijtimoiy muammolarni hal qilishda ishtirok etish va boshqalar) dunyoning iqtisodiy rivojlangan aksariyat mamlakatlarida amalga oshirilgan model.

Ijtimoiy davlat modeli Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvesiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Finlyandiya, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gresiya, Yaponiya, Niderlandiya, Shveysariya, AQSh kabi davlatlarda qo‘llanilmoqda. Huquqiy va dunyoviy davlat tushunchasi Germaniya, Ispaniya, Italiya, AQSh, Fransiya kabi davlatlar Konstitutsiyalarda ifodalangan.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan norma va prinsiplar demokratik huquqiy davlat qurish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda muhim dasturulamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Hech shubhasiz, oradan yillar, asrlar o‘tadi, lekin xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Konstitutsiyamiz yangi-yangi avlodlar uchun hayot qomusi, davrning o‘zi o‘rtaga qo‘yadigan dolzarb muammolarni yechish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Sizlarni, Konstitutsiyamizning qutlug‘ bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, kelgusi ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman.

 

Lazizjon ASQAROV,

Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi

yetakchi maslahatchisi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar