• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat Bu yil O‘zbekistonning asosiy qonuni, Konstitutsiyasi yaratilganiga 30 yil to‘ldi
Siyosat
Huquq

Bu yil O‘zbekistonning asosiy qonuni, Konstitutsiyasi yaratilganiga 30 yil to‘ldi

  • 02.12.2022 / 09:39
  • 1359
  • 0
111

Har bir yangi davlatning o‘z uslubini yaratish yo‘lida davlat ramzlari hisoblangan bayroq, gerb va madhiyalari qabul qilinishi bilan bir qatorda 1992-yilda O‘zbekistonning davlatni bir tizimga solib turadigan va ustuvori hisoblangan asosiy qonuni - KONSTITUTSIYASI yaratildi.

Bu yil asosiy Qonunimizning qabul qilinganligiga 30 yil to‘lmoqda. Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatda inson qadri ulug‘lanmoqda. Islohotlar ham aynan inson omiliga qaratilganligi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Uning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z borganda, unda insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish maqsad qilingani, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat deya eʼtirof etilgani, jahon konstitutsiyashunoslik xazinalari bo‘lmish - tenglik, adolat, mafkura hamda fikrlar xilma-xilligi, hokimiyatlar bo‘linishi, fuqarolarning huquq va erkinliklaridan sud qarorisiz mahrum etib bo‘lmasligi, aybsizlik prezumptsiyasi kabi normalarning mustahkamlanganligini taʼkidlash zarur.

Аsosiy qonunimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi printsipiga asoslangan. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi kabi muhim normaning mustahkamlab qo‘yilishi, o‘z navbatida sud hokimiyatining O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimiga mansubligini hamda uning amalda mustaqil va erkin faoliyat ko‘rsatishini kafolatladi.

Mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri - insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy taʼqib va shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqlari samarali muhofaza etilishini taʼminlash hisoblanadi. Zero, har bir demokratik davlatda sud tizimi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan mexanizmning asosini tashkil qiladi.

2021-yil 9-fevral kuni Konstitutsiyaning 107-moddasi birinchi qismi sud tizimi tuzilmasi qayta tahrir etildi, yaʼni O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tumani, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo maʼmuriy sudlaridan iborat sud tizimiga o‘zgartirildi.

O‘tgan yillar davomida inson manfaatlarini muhofaza qilishga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi yaratilgani va izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani samarasi bugun yurtimizda yashayotgan har bir insonning munosib hayot kechirishida, aholi farovonligi va jamiyatimiz barqarorligi misolida kuzatish mumkin.

Mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari yaratilganligi mulkdor bo‘lish huquqini amalga oshirishga har tomonlama sharoit va qulayliklar tug‘dirdi. Аyniqsa, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan teng muhofaza etilishi kafolatlanganligi jamiyatda tadbirkorlik ruhini qaror toptirishning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, davlatimiz va yurtimizning yuzi, obro‘-eʼtibori, hayotimiz mazmuni bo‘lgan asosiy qonunimiz-bizning Konstitutsiyamiz asrlar osha yashaversin. Toki, ushbu qonstitutsiyaviy qonunlar nafaqat bizga, balki, kelajak avlodlarning hayotini farovon etish, davlatni chinakam qonuniy asosda qurish, fuqarolarning o‘z haq-huquqlarini taʼminlash, jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini o‘rnatish uchun xizmat qilsin.

Tojidin Vaxobov 
jinoyat ishlari boʻyicha 
Fargʻona shahar sudining raisi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar