• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Mening ismim Muslima, men 12 yoshdaman. Meni yomon amaki zo‘rladi va o‘ldirdi!
Jamiyat
Voqealar

Mening ismim Muslima, men 12 yoshdaman. Meni yomon amaki zo‘rladi va o‘ldirdi!

  • 03.02.2023 / 20:17
  • 1096
  • 0
111

“Mening ismim Muslima. Men 12 yoshdaman. Men endi oralaringizda yo‘qman. Meni o‘ldirishdi. O‘sha kuni dugonam bilan maktabdan kelayotgandim. Biz qorning kir bo‘lib ketayotgani haqida gaplashdik. Mazza qilib qorda toyganimizni gaplashdik. Dugonamning qo‘lidan ushlab keldim. Uning qo‘llari issiq va yumshoq edi. Keyin yo‘l boshida ayrildik. Orqamda qo‘shnimiz-amaki kelayotgan edi. Meni chaqirdi. Men u amakini yaxshi bilardim. Uyimizda yozda ishlagan edi. Men to‘xtadim. Senga qiziq narsa ko‘rsataman dedi. Men ergashdim. Men u amaki meni qiynamaguncha yomon amaki qanaqa bo‘lishini bilmasdim. Meni bo‘g‘ayotganda, men o‘layotganimda hatto o‘lim nimaligini bilmasdim. Hozir ham bilmayman o‘lim nima? Chunki men 12 yoshda edim, bu haqda biron marta o‘ylamaganiydim. Men uyalaman va qo‘rqaman. Meni shunaqa azoblashganidan uyalayapman. Mening yaqinlarim ismimni aytib izlashayotganda men sovuq va og‘ir toshlarning ostida edim, men hammasini eshitib yotardim. Ular kech qolishgandi, men o‘lib bo‘lgandim. Hatto amaki yuzimga tosh bilan urayotganda ham o‘lib bo‘lgandim. Bo‘ldi boshqa urmang, deganimni eshitmadi. O‘lganlar gapirmaydi deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Shunda ham meni UYAT hissi tark etmagandi. Qanday ko‘rinaman ularga... Ularga bu yerdaman deb aytgim kelardi, aytdimam ammo hech kim meni eshitmadi. Yana men izlayotgan boshqa amakilardan ham qo‘rqib qolgandim. Men dugonam meni topishini istardim. Men negadir faqat unga dardimni ayta olaman deb o‘ylardim. Meni topishdi. Negadir hamma yig‘ladi. Meni ko‘tarib OLIB ketishdi, bir poy etikcham yo‘qoldi, sumkamdan yaxshi ko‘rgan ruchkam tushib qoldi. Ustozim yodlashga bergan yaxshi inson haqidagi sheʼrni yodlay olmadim. Mening kundaligim, daftarlarimga o‘sha kuni uy vazifasi yozilmadi. Bu yerda o‘zimga o‘xshagan qizaloqlar juda ko‘p. Аna 14 yoshli opacha, ana 7 yoshli Natasha, Meni yetaklab boshqalar bilan tanishtirayotgan 4 yoshli Zilola, 6 yoshli Emma, o‘zi qora, sochlari jingalak afrikalik 5 yoshli Nadiza, biz juda ko‘pmiz, bizni bitta birlashtirib turgan narsa bor — biz qizaloqlarmiz — biz farishtachalarmiz. Hammamizni yomon amakilar qiynagan, o‘g‘irlab ketgan, o‘ldirgan. Ota-onalarimiz, yaqinlarimiz bizni yaxshi ko‘rishardi. Dugonam yig‘lab ko‘zlari shishib ketdi. Bilaman bizni hech qachon unutishmaydi... Mening ismim Muslima, men 12 yoshdaman. Meni yomon amaki zo‘rladi va o‘ldirdi!

Barno Sultanova

 

***

Bugun bir tadbirda yonimga bir qiz kelib, "Opa nega fikr bildirmadiz?"- deb so‘radi. Meni fikrim qizni qaytarib berarmidi?! ... dedim ichimda. Telefonimni qo‘limga olsam, mana shu “maktub”ni o‘qib tamom bo‘ldim! Farzanding tengi qiz kuppa kunduzi mana shunday o‘lim topib tursa, naqadar dahshat...

Inson unutuvchan bo‘ladi. Erta indin kunlar isiydi, qo‘yosh chiqadi, yangi kunlar navbatma-navbat keladi, hayotimiz davom etadi. Muslimani ham esimizdan chiqara boshlaymiz, afsus. Nima demoqchiman... media maydonda katta muhokama qilingan bu keys faqatgina bizni yig‘latadigan, hissiyotlarimizni uyg‘otadigan, qayg‘uga tushiradigan postlar bilan shunchalik qolib ketmasligi kerak.

Muslima o‘z hayotini bizni sergak bo‘lishimiz uchun qurbon qildi. Lekin men mana shu voqea ketidan barchani birdamlikka chaqiraman, atrofimizda bo‘layotgan narsalarga va havf nafasi kelayotgan tomonlarga befarq bo‘lmaylik. Muammoning kelib chiqish risklarini (havfini), chet el tajribasini chuqur o‘rgangan holda to‘g‘ri yechimini topaylik.

Bu borada menga eng maʼqul kelgani Polshaning tajribasi. Polshada zo‘ravonni 17 yilgacha qamoq jazosi kutadi, (aslida soliq to‘lovchi sifatida ularni qamoqda o‘tkizadigan, umri uchun bir tiyin ham berishga rozimasman), bundan tashqari pedofillarning rasm va turar joy maʼlumotlari bilan keltirilgan ro‘yxati adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik uchun ochiqlanar ekan.

Pedofilizm tuzalmaydigan psixologik kasallik. U o‘z vaqtida zo‘ravonlikka uchragan va boshqa insonlar tomonidan o‘ta tahqirlangan shaxslarda uchraydi. Bunga moyilligi borki odamlarning ro‘yxati ochiq reestrda bo‘lishi shart, zero biz o‘z farzandlarimizni hech bo‘lmasa ogoh qilib himoya qila olaylik.

Kecha qizchaning haqqiga qurʼon o‘qidim, qo‘limdan kelgani shu bo‘ldi.

Аlloh rahmatiga olgan bo‘lsin!

Kamola Shavkatovna

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar