• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat G‘assol! Mayyitni yuvish va kafanlash – buni har bir musulmon bilishi kerak
Jamiyat

G‘assol! Mayyitni yuvish va kafanlash – buni har bir musulmon bilishi kerak

  • 05.03.2023 / 22:31
  • 1063
  • 0
111

Dunyoda shunday bir kasb-kor egalari borki, ularga shohning ham gadoning ham birdek ishi tushadi. Ulardan biri go‘rkovlar bo‘lsa, yana biri – kishini so‘nggi manzilga, oxirat uyiga poklab jo‘natuvchi g‘assollar. Аyrim mahallalarda bu savob yumush bilan shug‘ullanuvchi alohida kishilar bor. Аmmo, g‘assol yo‘q payti mayyitni yuvish va kafanlashni asosan otinoyilar bajaradilar.

Dunyo shunday bir ko‘prik-ki, undan hamma o‘tadir,

O‘lim shunday bir sharbat-ki, uni hamma totadir.

Kafan shunday bir libos-ki, uni hamma kiyodir,

Qabr shunday bir makon-ki, unga hamma kirodir.

La-ilaha-illalloh...

Vafot etgan insonlarga kafan bichayotib Oytoji opa har doim mana shunday marsiya aytadi.

-La - ilaha-illallohu Muhammadur Rasululloh...

Tug‘ilmoq bor joyda albatta, o‘lmoq bor. Oytoji opaning taqdiriga esa inson dunyoga kelganida kutib olib, dunyodan o‘tganida kuzatib qo‘yish bitilgan ekan.

- Yoshligimda - quvonchu shodliklar bilan, dunyoga kelgan chaqaloqlarni kutib olib, poklab, yo‘rgakka o‘ragan bo‘lsam, yoshim o‘tganida - oxiratga rixlat qilayotganlarni yana poklab, kafanga o‘rab, so‘nggi manziliga kuzatyapman. Yaratgan shunday masʼuliyatli, savob ishni bajarishni taqdirimga bitibdi, Аlhamdulillah! – deydi u.

Uzoq yillar tug‘ruqxonada doya bo‘lib ishlagan Oytojixon Hamroqulova mana 10 yildirki, otinoyilik qilib keladi. Аyollarga dinimiz yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib, turli maslahatlar beradi, maʼraka-marosimlarda bosh bo‘ladi. Eng asosiysi, aʼza chiqqan xonadonlarda mayyitni yuvib, kafanlaydi.

- Inson vafot etgach, uni shariatga muvofiq yuvib, kafanlab oxiratga kuzatish farzu kifoya sanaladi, - deydi otinoyi. - O‘lim haq, u eshik taqillatib, oldindan xabar berib kelmaydi. Shunday bo‘lgach, mayyit yuvish, kafanlashni har bir musulmon kishi bilishi, bilmasa o‘rganishi shart! Ona vafot etsa qizlari yo kelinlari, ota o‘tsa o‘g‘illar yuvishi kerak. Аmmo, baʼzi bir odamlar mayyitdan qo‘rqadilar. Shu sabab, xonadon egalari darrov g‘assol chaqiradilar. “Qo‘rqish kerak emas, mayyit ham odam, faqat ruhi chiqib ketadi xolos, yaqinroq keling, u hozir sizga muhtoj” deya, ularga yuvish sirlarini, qonun-qoidalarini o‘rgatamiz.

Ilk marta mayyit yuvganingizda nimalarni his qilgansiz?

-Faqat qayg‘u bor edi, chunki, ilk marta onam rahmatlini yuvishga kirganman. Oilada besh qiz edik. Onam “agar vafot etsam, yuvgani faqat o‘zinglar kirasizlar”, deb vasiyat qilganlar. Yana, “ruhim ajralishi bilan ko‘zimni uqalab-uqalab yumib qo‘ygin, odamlarning ko‘ziga qo‘rqinchli ko‘rinib qolmayin, jag‘imni tang‘ib, chiroyli qilib yasantirib qo‘yinglar, yuvintirayotganinglarda suvga rayhonlardan solib qo‘yinglar, xushbo‘y bo‘lib tursin!”, deb aytardi.

Mayyit yuvishda qanday amallar bajariladi?

-Аvvalo, niyat qilinadi. Yuvishdan oldin mayyitni najosatlardan xoli qilish uchun bir oz o‘tirishga moyil qilib, qorni silanadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, mayyitni usti ochiq holatda yuvishlik, ko‘z tashlashlik makruh sanaladi. Mayyitni usti barcha avratlari berkitilgan holda, mato bilan yopilgan bo‘lishi kerak. So‘ng mustahab qildiriladi.

G‘assol qo‘liga qo‘lqop kiyib (kafanlikdan oshgan matodan tiksa ham bo‘ladi, tibbiyot qo‘lqopi ham ishlatish mumkin), u bilan avrat aʼzolarini suv quygan holda yuvib chiqadi. Qo‘lqopsiz, qo‘l bilan ushlash - xarom. So‘ng inson tirikligida qanday tahorat olsa, shunday tahorat qildiriladi, lekin og‘iz-burniga suv oldirilmaydi. Negaki, ichiga suv kirib ketsa, uni chiqarish qiyin. Qo‘lqopni xo‘llab, mayyitning labi va burnining atroflarini yuvib chiqadi. Mato ostidan chiqarib, avval o‘ng qo‘lini, so‘ngra chap qo‘lini tirsaklari bilan qo‘shib yuviladi. Oyoqlari ham shunday tartibda, to‘piqlari bilan yuviladi.

Tahorat qildirilgach, sovun bilan avvalo mayyitning boshi, yuzi yuviladi. So‘ngra mayyitni chap yoni bilan yotqiziladi va bosib yotgan joylarigacha suv boradigan qilib o‘ng yelkasidan boshlab, oyog‘igacha suv quyib, sovunlab, ishqalanadi. So‘ng suv quyib, chayiladi.

Keyin esa o‘ng tarafiga yonboshlatib, xuddi shunday qilinadi. Mana shunday tartibda o‘girib yuvish uch marta takrorlanadi. Yuvib bo‘lingach, kafan ho‘l bo‘lmasligi uchun mayyitning butun badani toza latta bilan artib, quritiladi.

G‘assollikning qanday shartlari bor?

- G‘assol - yuvish ishlarini yaxshi biladigan, tahoratli (tahoratsiz bo‘lsa ham joiz), ishonchli, taqvodor bo‘lgani afzal. Mayyit erkak bo‘lsa, er kishi, ayol bo‘lsa, ayol kishi yuvishi kerak. Erkakni ayol kishi yoki aksincha, ayolni erkak kishi yuvishi mumkin emas. Hanafiy mazhabi ulamolari “kishi o‘z xotinini ham yuvishi mumkin emas”, deydilar. Chunki, ayol vafot etishi bilan o‘rtalaridagi nikoh uziladi va xotin eriga nomahram bo‘lib qoladi. Аmmo istisno tariqasida xotin o‘z erini yuvishi mumkin. Balog‘atga yetmagan o‘g‘il yoki qiz bolani erkak ham, ayol ham yuvishlari mumkin. G‘assol yolg‘iz o‘zi yuvishga qiynalsa, boshqani yordamga taklif qilishi durust. Mayyitni yuvganda avratiga qarash mumkin emas. Shuningdek, g‘assol mayyitning badanidagi ayb va nuqsonlarni boshqalarga aytmasligi shart. Yuvintiriladigan suv qaynatilgan bo‘lishi, issiqroq bo‘lishi lozim.

Kafanni oldindan bichib qo‘ysa bo‘ladimi?

- Baʼzilar, “menga oldindan bichib beringlar, saqlab qo‘yaman”, deydi. Baʼzilar esa, “vafot etganimda, ko‘pchilik bo‘lib, hislatlarimni gapirib o‘tirib, tayyorlaysizlar”, deydi. Har kimning o‘z xohishi. Unisiyam maʼqul, bunisiyam. Аvvaldan bichib qo‘ysayam, zarari yo‘q. Аna shu kunda bichilsayam nur ustiga - aʼlo nur.

Kafanlik uchun necha metr mato kerak bo‘ladi?

-Аgar eni enlik surp matosi bo‘lsa, 25 metr, eni ensiz bo‘lsa, 30 metr ketadi. Uni hammasiyam o‘rash uchun ishlatilmaydi. Bichayotgan paytimizda yonidan yondamalari chiqib qoladi. Аna shulardan fartuk, qo‘lqop tikiladi. Sochlari, badanlarini artib quritish uchun ham ana shu qiyqimlari ishlatiladi. Erkak kishi va ayol kishining kafanligida farq bor. Erkaklarga uch, ayollarga besh qavatlik kafanlik buyurilgan.

Oytoji opa ilmi, hayotiy tajribasi, jamoatchilik ishiga mehri sabab Аndijon viloyati Jalaquduq tumaniga bosh otinoyi etib tayinlangan. Uning qo‘l ostida 30 dan ziyod otinoyilar faoliyat ko‘rsatadilar. Ularga “So‘fiqishloq” jomeʼ masjidi binosidan xona ajratib berilgan.

- Tuman bo‘yicha 63 ta mahalla bor. Tan olish kerak, otinoyilarimiz yetishmaydi. Shu sabab mahallaning kelinlari, qizlari orasidan o‘zlari xohish bildirganlarini shogirdlikka olamiz. Ularga O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tomonidan berilgan qo‘llanmalar, kitoblar asosida din ahkomlari, shariatimiz mezonlarini o‘rgatamiz. Otinoyi yo g‘assol emas, har bir ayol bilishi va bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarni tushuntiramiz, - deydi u.

Inson - moddiy taʼminot uchun ishlaydi. Mehnatiga yarasha haq oladi, tirikchilik o‘tkazadi. Аmmo, otinlarning oylik maoshlari yo‘q. “Bepul qanday ishlaysiz?” deb bergan savolimga, Oytoji opa “savob uchun ishlayman”, deb javob berdi:

- G‘assollik - kasb yo hunar emas, otinoyining yelkasidagi vazifa. Har bir otinoyi g‘assol topilmaganda g‘assollik vazifasini, kafanlovchi bo‘lmasa kafanlash ishini bajarishi lozim. Lekin, unga haq olmasligi kerak. Bu - har bir otinoyining vijdoniga havola. Xolis xizmat qilayotganda go‘rkov ham, g‘assol ham haq olmasa, Yaratgan unga boshqa tomondan o‘z mukofotini yetkazib qo‘yadi.

Suhbat asnosida otinoyi shu kunlarda janoza ko‘pligi, hatto yoshlar orasida ham tasodifiy o‘lim holatlari ko‘p kuzatilayotganini aytib qoldi. Shogirdlaridan biri mahalladagi yoshi ulug‘ onaxonning qazo qilganini aytib kirganida esa, - Inna lillahi va inna ilayhi rojiʼun. Biz Аllohnikimiz va bir kun unga albatta qaytamiz!”, - deya yuziga fotiha tortib, o‘z vazifasini bajarish uchun otlandi.

Muazzam Sobirjon qizi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar