
Ko‘klam kelishi bilan mahallalar, aholi tomorqasi-yu, dala-dashtda mehnat zavqi boshlanib ketdi. Zero, xalqimizga xos bo‘lgan ezgu amallar sog‘lom turmush tarzi va sanitariya-gigienik madaniyatni targ‘ib qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish imkoniyatini bermoqda.
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyat bo‘limi boshqaruvi sa’y-harakati bilan ”Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona” va “Yoshlar” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida 100 tupdan ortiq mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi, ariq va suv yo‘llari tartibga keltirildi, ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar xabar olindi.
“Yoshlar” mahalla fuqarolar yig‘ini, Turon ko‘chasi, 51-uyda istiqomat kilayotgan Valya Yedixanova qirq yildan ortiq yoshlarga saboq bergan ustoz muallim, bu yil 94 yoshni qarshi oldi. Yakka-yolg‘iz, ko‘zi nogiron. Mahalla faollari ustoz xonadonida “hashar” tashkillab, uy-joy, hovli sahnida ta’mirlash, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirdi, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minladi.
“Farg‘ona” mahalla fuqarolar yig‘ini, Oq suv qo‘chasida istiqomat qiluvchi Lolaxon Abdurahmonova 82 bahorni ko‘rdi, birinchi guruh nogiron, o‘zi mustaqil harakatlana olmaydi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj. Onaxon xonadoniga ko‘ngil so‘rab kelgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi vakillari Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan qutlab, 7 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ulashdilar.
– Mehr-saxovat ko‘rsatib, yo‘qlab keluvchilar ko‘p, – deydi shu mahalladagi Shukrona ko‘chasida istiqomat qilayotgan Halimaxon Ismoilova. – Yakka-yolg‘iz bo‘lsam-da, yaxshilar mehrini his qilib yashayapman. Bayram arafasida mahalla faollari kelib, imkon qadar yordam berishganidan juda xursand bo‘ldim. Baraka topishsin.
Bunyodkorlik, obodonchilik, mehr-muruvvat tadbirlari har bir mahalla, mehnat jamoalarida quloch yoymoqda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari