• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Qotgan non ham, bolasining “pampersi” ham, yeyilmagan ovqatlar ham bitta idishda turadi...”
Jamiyat
Madaniyat

“Qotgan non ham, bolasining “pampersi” ham, yeyilmagan ovqatlar ham bitta idishda turadi...”

  • 12.03.2023 / 18:19
  • 655
  • 0
111

Chiqindi, ahlat...

Bu so‘zning o‘ziyoq ko‘ngilni xira qiladi. Doimo ozodalik va pokizalikni xush ko‘rgan, uyi-yu ishxonasini, ko‘cha-yu bog‘ini doimo saromjon-sarishta tutib o‘rganib qolgan odamlar keyingi yillarda atrof-muhit tozaligi, ko‘cha-yu xiyobonlar ozodaligi haqida qayg‘urmay qo‘ygandek nazarimizda.

Hamma o‘z uyini tozalash bilan bandu, ammo hech kim ko‘chasini, qishlog‘ini, shahrini ozodaligi va shinamligini, ko‘z ko‘rsa quvnaydigan darajada saramjonligini o‘ylamayotgandek.

Bo‘lmasa, ko‘cha ko‘yda ahlatlar to‘planib yotarmidi? Obodonlashtirish xodimlari ham baʼzida shahar va tuman markazlaridagi ahlat uyumlarini yig‘ib olishga ulgura olmay qolayotgani ham achchiq haqiqat.

Аhlatlarni kim oladi? Nega avvalgidek xonadonlarda ahlat uchun maxsus chuqurlar qazilmayapti? Nega hamma o‘z chiqindisini ko‘chaga olib chiqib qo‘yyapti, degan savollar hammani o‘ylantirishi tabiiy.

Bugun shu mavzuda so‘z yuritar ekanmiz, Uchko‘prik tumanidagi Qumariqobod qishlog‘i faoli zamiraxon Ergashevaning so‘zlaridan iqtibos keltirishni maʼqul topdik.

-Yoshim 60 ga yetyapti. Bolaligimni juda yaxshi eslayman. Biz qishloqda katta bo‘lganmiz. Аvval, yaʼni men bola bo‘lgan paytlarda hech kim ekologik muammolar, atrof-muhitning ifloslanishi, tabiatga yetkazilayotgan zararlar haqida bugungidek kuyib-pishib gapirmas edi. Biz bolalarga eng avvalo, suvni iflos qilmaslik, unga ahlat tashlamaslik, suvga tupurmaslik o‘rgatilardi. Shuningdek, ko‘cha va hovlilarni tozalaganimizda ham eng birinchi navbatda ahlatni uch qismga ajratish buyurilardi. Bu hamma ota-onaning talabi bo‘lardi. Yaʼni yoqiladigan narsalar – qog‘oz parchalari, daraxt shoxlari, makkajo‘xori poyalari, keraksiz mato parchalarini yoqish uchun o‘choqqa tashlardik. Ikkinchisi ko‘miladigan narsalar tuproq, mol-qo‘yga berib bo‘lmaydigan po‘choqlar, turli urug‘ va danaklarni ko‘mardik. Uchinchi chiqindi esa mol-qo‘y ozuqasi hisoblanardi. Yaʼni, meva va sabzavotlarning po‘choqlari, daraxtlarning barglari, qotgan non va eskirgan oziq-ovqatlar. Hozir esa qarashlar butunlay o‘zgarib ketdi. Yoshgina kelinlar ko‘chani ariq tomonga qarab supuradi, ahlati suvga tushadi. Аhlat chelagini olib chiqsa, hamma narsa aralash-quralash bo‘lib yotadi. Qotgan non ham, bolasining “pampersi” ham, yeyilmagan ovqatlar ham bitta idishda turadi. Keyin uni ahlat mashina haftada bir yoki 15 kunda bir kelib olib ketgunicha, eshik tagida dilni xira qilib turaveradi. Balki biz o‘z bolalarimizga chiqindiga qanday munosabatda bo‘lishni o‘rgatmayotgandirmiz, deb ham o‘ylanib qolaman. Аvval ko‘chalarimizda ahlat mashina yurmasdi. Hech kim chiqindi uchun pul to‘lamasdi. Hozir esa ahlatni olib ketishyapti, bir oyda 6 yoki 7 ming so‘m pul to‘layapmiz.

Chiqindilarni qaerga olib borishyapti, nima qilishyapti biz bilmaymiz. Lekin televizorda ko‘rib qolamiz. Baʼzi davlatlarda chiqindilarni ham qayta ishlab, ulardan qandaydir buyumlar tayyorlanar ekan. Balki bizning O‘zbekistonda ham shunday ishlab chiqarish korxonalari bordir?

- Ha, bor, - deb javob berdi bizga Buvayda tumani hokimining o‘rinbosari G‘ayratjon Mamajonov, - tumanimizda ko‘plab qo‘shma korxonalar faoliyat olib bormoqda. Аna o‘shalarning eng yirigi xitoylik investor tomonidan ochilgan “Lanmei” xorijiy korxonasidir. U yerda chiqindilardan, asosan yelim idishlar yaʼni “baklashkalar”dan sunʼiy tola ishlab chiqarilmoqda. Tumandagi barcha qishloqlardagi aholi bugungi kunda yelim idishlarni axlatga uloqtirmay yig‘ib qo‘yishni o‘rgandi. Chunki uni to‘plab, xorijiy korxonaga olib kelsa, albatta pul ham oladi. Yaʼni bunda atrof-muhitga ziyon ham yetkazmaydi, ham moddiy manfaatdorlik oladi. Biz tumanda chiqindilarni qayta ishlash korxonalari sonini ko‘paytirmoqchimiz. Va turli chiqindilardan turli mahsulotlar ishlab chiqishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz, - deydi hokim o‘rinbosari.

Аfrof-muhitga do‘stona munosabatda bo‘lish, chiqindilarni turlarga ajratib saralash, ko‘cha chetlariga ahlat uloqtirmaslikni o‘rgansak-gina, ekologiyani asrab-avaylab qolamiz. Kelgusi avlodga ozoda va obod bir nurli go‘sha qoldira olamiz.

Sharifa Madrahimova, jurnalist

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar