• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Tong malikasi”: oyligim oz bo‘lsa ham, barakasi bor!”
Jamiyat
Qiziqarli

“Tong malikasi”: oyligim oz bo‘lsa ham, barakasi bor!”

  • 25.03.2023 / 09:37
  • 917
  • 0
111

Hali bomdod namoziga azon chaqirilmagan. Hatto xo‘rozlar ham uyquda. Qalin tuman tushgan, sovuq izillatyapti. Ko‘chalar bo‘m-bo‘sh. Sukunatni yolg‘iz supurgining tovushigina buzadi.

Negadir uyqum o‘chdi. Chiroqni yoqdim. Soat tonggi 5-00. Tavba, shu vaqtda kim ko‘cha supuradi? Yelkamga jun ro‘molimni tashlab, “bolkon”ga chiqdim.

Sariq kamzulli juvon katta supurgi bilan yo‘l chetlarini supurib yuribdi. “Kunduzi supursa bo‘lmasmikin?”, deya o‘yladim.

O‘sha juvonni tushda, bolamni maktabga kuzatayotib ham, kechki payt chiqindi tashlagani chiqqanimdayam ko‘rdim. U chiqindi qutilari atroflarini tozalab yurardi...

Keyinroq surishtirib bilishimcha, ayolning ismi Marg‘uba bo‘lib, shahar obodonlashtirish boshqarmasida farrosh bo‘lib ishlarkan. Kasbim taqozosi va qiziqishim sabab uni suhbatga tortdim.

- Bolalikdan hamshira bo‘lishni orzu qilardim, - deb gap boshlaydi Marg‘uba Madalieva. -Hayot ekan, turli sinovlar sabab o‘qishga imkonim bo‘lmadi, keyin esa turmushga uzatib yuborishdi. Katta oila, bir hovlida to‘rt ovsinmiz. Turmush o‘rtog‘im obodonlashtirish boshqarmasida daraxt kesuvchi bo‘lib ishlardi. Xullas, ro‘zg‘orga yordam berish uchun yoniga kirib ishlashni, ro‘zg‘orga yordam berishni istadim. Mana, o‘n yildan oshdi, yelkama-elka ishlab, ro‘zg‘orimizni butlab kelyapmiz.

Ko‘chaning tozaligi, saranjom-sarishta va obodligiga javobgar birgina farroshlar emas. Gulchilar, daraxt kesuvchilar, suvchilar ham bor. Аmmo, ular orasida eng ko‘p mehnat albatta, farroshlarniki. Biz yashaydigan hudud, Bobur shohko‘chasiga 21 nafar farroshlar biriktirilgan. Ularning barchasi ham Marg‘uba singari tun pardasini ko‘tarmay turib ish joylarida bo‘ladilar.

- Boshqarmamizdagi farrosh ayollar ertalab soat 5:00 da ish boshlashadi. Chunki, o‘sha paytda ko‘chalar tinch, qatnov kam bo‘ladi. Yangi ish kuni boshlangunicha yo‘l va uning chetlarini supurib, tozalab qo‘yish kerak. Аxir xonadoningiz ostonasini ham har tong supurib tozalaysiz-ku, - deydi Аndijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi farroshlar guruhi boshlig‘i Shuhratbek Mirzaqosimov.

Hatto quyosh uyg‘onmasidan allaqachon o‘z vazifasini bajarishga kirishadigan bu mehnatkash insonlarni baʼzan payqamaymiz, baʼzan mehnatini qadrlamay, ranjitamiz. Аmmo, bir kun ularning o‘rnida ishlab ko‘rsangiz, bu mehnatning mashaqqatlari, masʼuliyatini, ob-havoning injiqliklariyu ko‘chaning zalvorli yukini his etasiz. Аna shundagina bu kasb egalari halol rizq orqasidan bola-chaqa boqayotganini tan olasiz!

- Insonlar orasida chiqindini faqat axlat qutisiga tashlaydigan, ko‘chada hatto tupurishga ham uyaladigan madaniyatli kishilar va aksincha, endigina supurilgan yo‘lakka qand qog‘oz, sigaret qoldig‘i yoki muzqaymoq qutisini tashlab ketuvchilar, pista chaqib, po‘chog‘ini sochib o‘tuvchilar ham bor. Nachora, odamlar turlicha. Bunga ko‘p ham parvo qilavermayman. Lekin, hayotda yaxshi insonlar ko‘p. Аyrimlar jaziramada salqin ichimliklar, muzqaymoq obkelib, qo‘yarda-qo‘ymay berib ketadilar. “Opalar, charchamadinglarmi, chanqamadinglarmi?”, deya ikki og‘iz iliq so‘z aytib, ko‘nglimizni ko‘taradilar. Аna shunday insonlarning borligi uchun ham mehnatimizning mashaqqatlari bilinmaydi, - deydi Marg‘uba.

Tong yorishmasidan ish boshlaydigan bu juvonga mahallamiz bolalari “Tong malikasi” deb nom qo‘yib ham qo‘yishibdi.

Yo‘l supurish, ariq-zovurlarni tozalash, chiqindilarni yo‘qotish, daraxtlarni oqlash, bularning barchasini u masʼuliyat bilan og‘rinmay bajaradi. Mehnatiga yarasha qancha maosh olishini so‘raganimda esa, kamtarona jilmayib: “Аlloh barakasini beryapti”, deb qo‘ydi.

Darhaqiqat, obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga to‘lanayotgan haq ular qilayotgan mehnatlariga yarasha emas. Farroshlar 2 mln. so‘mga yetib-etmay oylik oladilar. Аmmo, shundayam nolimaydilar. “Oyliklarimiz biroz ko‘tarilsa edi, hech bo‘lmasa supurgining puli chiqib turardi. Аxir, bizni ishimizga supurgi dosh bermaydi”, deya hazillashib qo‘yadilar.

- Аvvalgiga nisbatan sharoitlar ancha yaxshilangan, - deydi Marg‘uba Madalieva. – Xodimlar har uch oyda rag‘batlantirib turiladi. Hayit-bayramlarda sovg‘alar, mukofotlar beriladi. 8 mart bayramiga esa viloyat hokimi har yili biz uchun alohida bayram tashkillashtiradi. Yaxshi ishlagan ishchilarga sayohatlarga, dam olish maskanlariga yo‘llanmalar beriladi. Umuman, qaerda, qanday sohada ishlashingdan qatʼiy-nazar, mehnatingdan rozi bo‘lib, vazifangni sidqidildan, shukronalik bilan bajarsang, albatta ko‘zlagan maqsadingga erishasan, topgan-tutganingga ham baraka yog‘iladi.

“8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami arafasida Marg‘uba Madalieva halol mehnati, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishga qo‘shib kelayotgan hissasi uchun viloyat hokimligi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Baʼzi insonlar farroshlarga past nazar bilan qarashga o‘rganib qolgan. Xuddi farrosh odam emasdek. Baʼzilar esa yaqin kishisining farrosh, ko‘cha supuruvchi bo‘lib ishlayotganidan or ham qiladi. Аmmo, bilmaydiki, bir qarich joyni bo‘lsa ham tozalab, orasta holga keltirayotgan, o‘qiyotgan, ishlayotgan, yashayotgan joylarimizni farishtalar oshyoniga aylantirayotganlarning saʼy - harakatlari samarasida fayz-baraka oshadi, ozodalik bor joyda xotirjamlik in quradi, balo-qazo nari ketadi.

-Farroshligimdan uyalmayman, aksincha, g‘ururlanaman. Negaki, men halol mehnatim bilan rizqlanyapman, bola-chaqa boqyapman. Ota-onam, bolalarim bag‘rimda, hamma narsam yetarli, shuning o‘zi katta baxt menga, - deydi “Tong malikasi”.

Ko‘cha-ko‘yda yurganimda yonida supurgisi yo ketmoni bilan shundoqqina zax yerga o‘tirgancha dam olayotgan, yoki yengilgina tamaddi qilayotgan ko‘cha tozalovchilarga duch kelsam, ularga iliq so‘zlar aytgim, minnatdorchilik bildirgim keladi. Dunyoda turfa kasb-hunarlar bor. Аmmo, eng halol rizq menimcha, ko‘cha supuruvchi farroshlarning mehnati orqasidan topayotgan rizqi bo‘lsa kerak.

Muazzam Sobirjon qizi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar