• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Oilamizda o‘g‘il yo‘qligini bilintirmaslikka harakat qilardim”-mahallaning raqqosa raisi
Jamiyat
Qiziqarli

“Oilamizda o‘g‘il yo‘qligini bilintirmaslikka harakat qilardim”-mahallaning raqqosa raisi

  • 29.03.2023 / 11:39
  • 1178
  • 0
111

Bahorni, yorug‘-issiq kunlarni sog‘ingan xalqimiz Navro‘zni bu yil o‘zgacha nishonladi. Farg‘onada 2,5 tonna osh, Namanganda 80 metrli megalavash tayyorlangan bo‘lsa, Аndijonda 8 tonnalik megasumalak tayyorlandi. Osh musobaqalari, ko‘pkari uloqlar zavqi xanuz qalblarimizni tark etgani yo‘q.

Аndijonda Lo‘g‘umbek degan qishloq bor. 8 tonnalik megasumalak aynan shu go‘zal qishloqning mashhur bog‘ida pishirildi. Bu saylda asosiysi xalq yayradi. Tantanalarni tashkil etishda mahallalarning, oddiy qishloq aholisining mehnati va roli katta bo‘ldi.

Navro‘z tantanalarida mahalla raislari “Аndijon polkasi”ga yayrab raqs tushdilar. Ular orasida boshiga chorsi tang‘ib olgancha, oq yaktakda shox tashlayotgan Oysuda opa alohida ajralib turardi.

- Oilamizda o‘g‘il farzand bo‘lmagan, biz besh qiz edik, - deydi “Yuqori” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Oysudaxon Ibragimova. – Dadam “o‘g‘lim yo‘q” deb o‘ksimasligi uchun o‘g‘il bolalar qiladigan barcha yumushlarni ham o‘zimiz bajarardik. Baʼzan dadam xursand bo‘lishi uchun boshimga do‘ppi, egnimga yaktak kiyib “Аndijon polkasi”ga o‘ynab berardim. Yoshim 60 ga kirayotgan bo‘lsada, hozir ham raqsni ancha-muncha yoshlardan qoyillataman.

Izboskan tumanida 63 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Ularning 15 tasini ayol raislar boshqaradilar. Oysuda opa uzoq yillar mahalla tizimida samarali faoliyat yuritib kelgan. Dastlab maslahatchi, so‘ngra mutaxassis, mahalla raisining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifalarida ishladi. Nafaqaga chiqqach esa “Yuqori” mahallasiga rais etib saylandi.

-Mahallamiz bu yil dasturga tushdi. Joriy yilda o‘ydim-chuqur, qishda loy, yozda chang ko‘tariluvchi ko‘chalarimizda asfalьtlash ishlari boshlanadi. Shunga kayfiyatimiz ko‘tarinki, bu kunlarni ozmuncha kutdikmi?, - deydi Oysuda opa.

Kontsert dasturi davomida tinmay raqs tushgan Oysuda opa “charchamadingizmi?” deb bergan savolimizga “O‘yinga tushsam charchamayman, aksincha, qonim yurishadi, o‘zimni sog‘lom va tetik his etaman”, deb javob berdi.

Darhaqiqat, inson qancha faol harakatda bo‘lsa, shuncha sog‘lom va baquvvat bo‘ladi. Buni Oysuda Ibragimova misolida ham ko‘rish mumkin. Kichik jussali, jikkak bu ayol bugun mahallasi obodligi, oilalar tinchligi, hudud farovonligi yo‘lida bor kuch-g‘ayratini ayamay mehnat qilib kelmoqda.

- Kelin bo‘lib tushganimga 35 yildan oshdi. Shaharda o‘sganligim uchun meni “bu qiz qishloqqa ko‘nikolmaydi”, deb gapirishgan. Аmmo, hozir qizlik uyimga borib, bir kun yotolmayman. Qishlog‘im men uchun jonday aziz, Vatan ichra – Vatan. Mahallam - jon tomirim. Lo‘g‘umbekning bir bo‘lagi ekanligimdan faxrlanaman. Inson harakatda bo‘lsa hech qachon maqsadiga erishmay qo‘ymaydi. Maqsadlarimga erishdim, baxtliman, Аlloh yana qancha umr bersa, shuncha vaqt qishlog‘im, mahalla-ko‘yim orasida bo‘laman! – deydi u.

Muazzam Sobirjon qizi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar