• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat “Damas qulay emas, ammo pultopar mashina” - andijonlik ayol taksichi
Jamiyat
Qiziqarli

“Damas qulay emas, ammo pultopar mashina” - andijonlik ayol taksichi

  • 05.04.2023 / 20:44
  • 1567
  • 0
111

Аyollarga ko‘proq qaysi mashinani minish yarashadi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz? “Spark”mi yoki “Jentra”? Yoki eng so‘nggi rusumdagi “inomarka”mi? Pul bo‘lsa, har qanday mashina ham yarashaveradi, deydiganlar topiladi.

To‘g‘ri, keyingi paytlarda avtomashina haydaydigan ayollar soni ko‘paygan. “Matiz”, “Spark”, “Neksiya”, “Lasetti”... Xullas, ularni barcha avtomobillar boshqaruvida ko‘rishimiz mumkin. Faqat “Damas” minadigan ayollar biroz kamroq.

- “Damas” - ayollar uchun ancha noqulayda, - deydi 35 yildan buyon haydovchilik qilib kelayotgan Hamroxon Sheralieva. – Nozik xilqat vakilalariga bu mashina yarashmaydi, chunki qattiq, xuddi yuk mashinasiday. Аmmo, “tirikchilik qilaman”, degan odamga bu - yaxshi moshina! Mana, 15-20 yildan beri minib, tirikchilik qilib kelayapmizu.

Eski shahardan - Oq-yor qishlog‘iga qatnaydigan “41” yo‘nalishida 10 ga yaqin haydovchi Damas minadi. Ular orasida albatta, Hamro opaning alohida o‘rni bor. Аyol o‘zining “Damas”ini juda yaxshi ko‘radi. Har tong yuvib-tozalab, “pitak”ga navbatga qo‘yadi. Haydovchilar har 10 daqiqada navbat almashadilar. Yaʼni, hech kim bekatda soatlab kutib qolmaydi.

- Mashina yo‘lovchi bilan to‘ladimi-to‘lmaydimi, sherigimizning navbati keldimi, darrov bekatdan jilamiz. Olloh bersa, qolgani yo‘ldan chiqadi, - deydi haydovchi ayol.

Hamro opaning aytishicha, haydovchilik avvaliga uning uchun sevimli mashg‘ulot-xobbi bo‘lgan. Аmmo, bora-bora hayotiy zarurat, daromad topish manbaiga aylangan. Аyol savdo-sotiq qilish bilan birga, “Damas” avtomashinasida kirakashlik ham qiladi.

- Аyol kishi tadbirli bo‘lishi kerak-da, singlim!, - deydi u. - Oilada har-xil vaziyatlar bo‘ladi. Erkak kishining topish-tutishi yaxshi bo‘lsa-ku, nur ustiga - aʼlo nur. Аmmo, ro‘zg‘orga yetkaza olmasachi? To‘rt muchasi sog‘, ishlashga imkoniyati bo‘la turib, “bersang – yeyman, ursang – o‘laman!”, deb o‘tirgan ayoldan qanday qilib yaxshi xotin chiqishi mumkin? Erimga xarna yengillik bo‘ladi, deb yoniga kirib, birgalikda savdoniyam yurgizamiz, kiragayam birga chiqamiz.

Sheralievlar oilasi bekat yonidagi eski do‘konni kengaytirib, Minimarket ochishdi. Oilaning barcha aʼzosi savdo-sotiq bilan band. “Damas”ni navbatga qo‘yib qo‘yishgan. Orada g‘ir etib, shaharga yo‘lovchi tashib turishadi.

- Bu kunlar o‘z-o‘zidan kelgani yo‘q. Ehhe, ne-ne qiyinchiliklarni ko‘rmadik, deysiz. Uch nafar yosh bolam bilan ijarama-ijara sarson bo‘lganmiz. Kezi kelganda bozorda yuk tashidik, kirakashlik qildik, farroshlik, dehqonchilik bilan shug‘ullandik. Nima bo‘lgandayam, tinmadik. Muhimi, halol mehnat qildik. “Er-xotin – qo‘sh xo‘kiz” deyishadi-ku, axir. Mana, hozir o‘z uy-joyimiz, ikkita mashinamiz bor, farzandlarni uylab-joylaganmiz. Harakat qilganga - Olloh berarkan, - deydi ayol.

Kasbning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. To‘g‘ri, kirakash ayollar juda kam. Boz ustiga “Damas” minadiganlari. Аmmo, menimcha, kishi qaysi kasb-korning etagidan tutishi ahamiyatsiz, muhimi, topgani halol bo‘lsin! Halol mehnat bilan topilgan rizqda esa baraka bor!

Muazzam Sobirjon qizi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar