• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Huquq Farg‘onada IIB xodimi xizmat quroli bilan hazil qilib, o‘z hamkasbini otib qo‘ygan edi
Huquq
Voqealar

Farg‘onada IIB xodimi xizmat quroli bilan hazil qilib, o‘z hamkasbini otib qo‘ygan edi

  • 18.05.2023 / 09:51
  • 1123
  • 0
111

Qadimdan qolgan gap bor, “O‘qi yo‘q miltiq ham bir marta otadi”. Farg‘ona viloyati IIB idoralarida masʼul vazifada ishlagan M.G‘offorov ham yuqoridagi gapni mubolag‘a bilib, bunga jiddiy qaramay pand yeganlardan biri.

Keling, gapni ko‘p chuvalamay, sobiq ichki ishlar xodimi tomonidan qurolga ehtiyotsizlik bilan munosabat qanday hodisaga sabab bo‘lganini bayon etaylik.

M.G‘offorov bo‘y-basti kelishgan, jismonan baquvvat bo‘lgani sabab, turli sinovlardan o‘tib Farg‘ona viloyati IIB patrulь-post xizmatiga ishga qabul qilindi, u o‘ziga yarashgan formani kiyib, xizmat uchun berilgan aslahalar bilan yanada ko‘rkamlashdi, ko‘rgan kishini havasi keladigan yigit bo‘ldi.

Xizmatga qabul qilingach, boshqa xodimlar singari M.G‘offorov ham o‘q-otar qurolidan foydalanish, saqlash va muomala qilish qoidalarini to‘liq o‘rgandi. Bu sohadagi ichki ishlar vazirining buyruqlarini bilishi bo‘yicha imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdi va unga xizmat jarayonida foydalanish uchun “АK-74” rusumli o‘q otar quroli (avtomat) biriktirildi.

Ichki ishlar idoralaridagi bir necha yillik namunali xizmatdan so‘ng, M.G‘offorovda o‘ziga ishonch paydo bo‘ldi, bu albatta ijobiy holat, lekin ishonchni suisteʼmol qilinishi beparvolik yoki o‘ziga-o‘zi bino qo‘yish kabi salbiy xislatlarni ham kishi tabiatiga joylar ekan.

2021-yil 16-avgust kuni ertalab, viloyat IIB PPX xodimi M.G‘offorov xizmatdosh sherigi А.Raximov tomonidan stol ustiga qo‘yilgan “АK-74” rusumli o‘q otar qurolini olib, beparvolikka yo‘l qo‘yib, sherigiga hazillashib, ehtiyotsizlik qilgani oqibatida qo‘li avtomat tepkisiga tegib, quroldan ikki dona o‘q otilib, А.Raximovga tegib, unga hayoti uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar yetkazgan.

Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi va M.G‘offorov Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanib, jinoyat ishi sudga yuborildi.

Sudda ham M.G‘offorovning ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoiy qilmishi tasdig‘ini topdi va u sud hukmi bilan tegishli jazoga tortildi hamda ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan ham mahrum etildi.

Qurol bilan bog‘liq vaziyatda, masʼuliyatni bir oz bo‘lsa-da yo‘qotgan M.G‘offorovning qilmishi, uning sevgan kasbini yo‘qotib, jazoga tortilishiga va eng asosiysi o‘ziga o‘xshagan, yosh va norg‘ul hamkasbini nogironga aylanishiga sababchi bo‘lgani o‘ta achinarli holdir.

Yuqoridagilarni bayon etish bilan birga, dono xalqimizning har bir gapi hayotiy haqiqat ekaniga yana bir karra ishonch hosil qildik. Zero, bekorga aytilmagan, qurol – o‘yinchoq emas, har doim ehtiyot bo‘ling, beparvolikka yo‘l qo‘yib, aybdorga aylanmang!

Zafarjon Omonov
Jinoyat ishlari bo‘yicha 
Quva tumani sudining raisi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar