• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Marg‘ilon shahar hokimligi o‘zining qaroriga qarshi sudga daʼvo kiritdi
Jamiyat
Voqealar

Marg‘ilon shahar hokimligi o‘zining qaroriga qarshi sudga daʼvo kiritdi

  • 29.05.2023 / 23:23
  • 533
  • 0
111

Vanihoyat, Marg‘ilon shahar hokimligi o‘zining noqonuniy hamda sohtalashtirilgan qaroriga qarshi sudga daʼvo kiritdi.

O‘tgan 2022-yilda Vodiy24.uz tahririyatiga Marg‘ilon shahar B.Marg‘iloniy ko‘chasida yashovchi bir nechta fuqarolar tomonidan mahalladagi yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘ining muhofaza maydoniga qurilgan ikki qavatli binoning qurilishidan norozi ekanliklarini bildirib, murojaat qilingan edi.

Tahririyat xodimlari tomonidan murojaatni o‘rganish maqsadida jurnalistik surushtiruv o‘tkazilganda, Farg‘ona viloyati Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2022-yil 18-iyulda berilgan №01-16/1345-sonli maʼlumotga ko‘ra, Marg‘ilon shahar hokimining 2020-yil 25-dekabrdagi fuqaro Z.Toshtemirovaga “Rohat” MFY B.Marg‘iloniy ko‘chasidan davlat xususiy-sherikchilik shartlari asosida 890 kv.m yer maydonini ajratish haqidagi 584-sonli qarori O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaliklari obʼektlarini muhofaza qilish qoidalari”ning 14 va 15-bandlariga, “Er kodeksi”ning 23-moddasiga, “Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunining 3 va 31-moddalariga zid ravishda qabul qilinganligi maʼlum bo‘ldi.

Jumladan, qaror osti xujjatlarida davlat xususiy-sherikchilik bo‘yicha tuzilgan kelishuv bitimi shahar hokimi А.Ziyavitdinov tomonidan emas, nomaʼlum shaxs tomonidan imzolanganligi aniqlangan. Mazkur bitimda aynan qaysi yer maydoni, kimga davlat xususiy-sherikchilik shartlari asosida ajratib berilgani haqida maʼlumotlar keltirilmagan. Bitimda ko‘rsatilgan yer maydoni qarorda ko‘rsatilganiga nisbatan farq qilgan. Investorga ajratilgan yer maydoni qancha muddatga berilgani bitimda ham shahar hokimining yuqoridagi qarorida ham ko‘rsatilmagan.

O‘zbekiston Respublikasi “Davlat xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasida xususiy sherik yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs bo‘lishi belgilangan bo‘lsada, yer maydoni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jismoniy shaxsga ajratib berilgan.

O‘sha paytda fuqarolarning murojaatlari hamda jurnalistik surushtiruv davomida tegishli mutaxassislardan olingan maʼlumotlar aks etgan videomateriallar ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon qilingan edi.

Shundan keyin, Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi Marg‘ilon shahar hokimining 25.12.2020 yildagi 584-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish, Marg‘ilon shahar “Rohat” MFY, B.Marg‘iloniy ko‘chasida joylashgan Toshtemirova Zuxraxon Bokijonovna tomonidan egallab turilgan elektr xo‘jaligi muhofaza zonasidagi yer maydoniga qurilgan bino va inshootlarni o‘z hisobidan buzdirishga va muhofaza zonasi maydonini bo‘shatish haqida qaror chiqarish to‘g‘risida Farg‘ona tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qilgan.

Sud 2022-yil 9-sentyabr kuni ishni ko‘rib chiqib, daʼvo muddati sababsiz o‘tkazib yuborilganligi bois arizani rad qilgan bo‘lsada, Marg‘ilon shahar hokimligi huzuridagi qurilish inshootlarini loyihalash hamda qurish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bo‘yicha doimiy harakatdagi komissiya aʼzolari, shahar kadastr va qurilish bo‘limlari, elektr tarmoqlari korxonasi masʼul mansabdor shaxslarining harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 207-moddasida nazarda tutilgan jinoyat, yaʼni mansabga sovuqqonlik bilan qarash jinoyati alomatlari mavjudligi haqida Marg‘ilon shahar prokuraturasiga xabarnoma bergan.

Shu bilan birga Marg‘ilon shahar hokimining qonunchilikka zid bo‘lgan 25.12.2020 yildagi 584-sonli qarorini bekor qilish hamda Toshtemirova Zuxraxon Bokijonovna va fuqaro Raxmonov Dilshod Muxammadovichlarga kompensatsiya to‘lovlarini to‘lagan xolda yer uchastkasini jamiyat extiyojlari uchun olib qo‘yish va bino-inshootlarni buzish yuzasidan Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashiga taklif kiritish yoki havo uzatmali elektr tarmog‘ini boshqa joyga ko‘chirish masalalarini hal etish maqsadida Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashiga xususiy ajrim chiqarilgan.

Shundan so‘ng, Marg‘ilon shahar prokuraturasi tomonidan Farg‘ona tumanlararo maʼmuriy sudining yuqoridagi jinoyat alomatlari to‘g‘risidagi xabarnomasi asosida tergovga qadar tekshirish o‘tkazilgan. Tekshirish mobaynida fuqaro А.Usmanov tomonidan taqdim qilingan, rasmiy xujjat hisoblangan Marg‘ilon shahar hokimining 25.12.2020 yildagi 584-sonli qarori sohtalashtirilganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan 2022-yilning 20-oktyabr kuni Marg‘ilon shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun Marg‘ilon shahar IIB Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Farg‘ona viloyati prokuraturasining 2022-yil 27-oktyabrda berilgan javob xatida arizachi, yaʼni Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining 270-moddasi tartibida yangi ochilgan holatlar bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkinligi maʼlum qilingan.

Shuningdek, sud tomonidan Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar kengashiga chiqarilgan xususiy ajrim Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat kengashining navbatdagi sessiyasida ko‘rib chiqilgan. Tegishli tartibda ishchi guruh tuzilib, masalani to‘liq o‘rganib chiqib, kengashning keyingi sessiyasiga yakuniy xulosani taqdim etish topshirilgan...

2023-yilning aprel oyida Marg‘ilon shahar IIB huzuridagi TB tomonidan fuqaro U.А.ni O‘zbekiston Respublikasi JKning 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi bilan ayblash haqidagi jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasiga asosan tegishli sudga yuborilgan. Аyblanuvchi А.U.ga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish to‘g‘risida tilxat” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi qo‘shimcha qilingan.

2023-yilning 19-may kuni esa Marg‘ilon shahar hokimligi tomonidan shahar hokimining 2020-yil 25-dekabrdagi 584-sonli qarorini qalbakilashtirish yo‘li bilan “Rohat” MFY B.Marg‘iloniy ko‘chasidagi 890 m.kv yer maydoniga noqonuniy ravishda ikki qavatli qurilgan binoni javobgan T.Z. hisobidan majburiy ravishda buzdirish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishni so‘rab sudga murojaat qilingan.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar