• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Rustamjon domlaning videosini tarqatib, 4,9 mln. so‘m jarima to‘lagan “huquqbuzar”
Jamiyat
Huquq

Rustamjon domlaning videosini tarqatib, 4,9 mln. so‘m jarima to‘lagan “huquqbuzar”

  • 30.05.2023 / 06:04
  • 494
  • 0
111

Tasavvur qiling, Sizning telefoningizga yoki boshqa elektron qurilmangizga ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘zga ko‘ringan din vakillarining (masalan, Shukrullo domla, Аbror Muxtor Аliy, Rustamjon domla yoki marhum shayhimizning) biror video yoki audio yozuvli chiqishlari kelib tushdi. Ushbu din vakillarining chiqishlari yurtimizda taqiqlanmaganini hammamiz yaxshi bilamiz, shuning uchun hech bir xavotirsiz eshitamiz va amal qilamiz. Shu bilan kifoyalansak yaxshi. Lekin, biz nima qilamiz?

Аlbatta bunday manfaatli maʼlumotlarni boshqalarga ham ilingimiz, ulashgimiz, tarqatgimiz keladi. Hatto audio-video faylni ijtimoiy tarmoqdan yuklab, telefon yoki kartaning xotirasida saqlab ham olamiz.

Xuddi shu xatti-harakatlarimiz bilan esa, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1842- moddasida belgilangan “Diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish” huquqbuzarligini sodir etgan bo‘lamiz. Mazkur huquqbuzarlik uchun tegishli vositalarni musodara qilish va bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan yuz baravarigacha miqdorida jarima nazarda tutilgan.

Quruq gap quloqqa yoqmas deganlaridek, sud amaliyotidan misollarni keltiraman: fuqaro “Redmi 6 pro” rusumli telefon apparati orqali telegram messenjeridan 2021-yil mobaynida “Gapchilar” nomli guruhga Rustamjon domlaga tegishli “Qizimga uch yoshdan sep qildim” va “Аroq harom qilgan kun” nomli audio-video yozuvli diniy mazmundagi maʼruzalarni tarqatganligi aniqlangan. Sud tomonidan 2021-yilda 4.900.000 so‘m miqdordagi jarima (eng kam jazo, yaʼni 20 barobar qo‘llanilgan) jazosi tayinlangan.

Yoki 2022-yilda 1.500.000 so‘m miqdorda maʼmuriy jarimaga tortilgan (eng kam jazodan ham kamroq jazo qo‘llanilgan) fuqaro “Samsung” rusumli telefonida Sodiq Samarqandiyga tegishli bo‘lgan “Jinsiy nuqsoni bor erkaklarning nikohi”, “Yaxshi qiz topish uchun duo qilish kerakmi yoki namoz o‘qish” kabi diniy mazmundagi maruzalarni saqlab kelyotganligi aniqlangan.

Yoki 2022-yilda 900.000 so‘m miqdorda jarima jazosi tayinlangan fuqaro o‘ziga tegishli “Redmi Note 8” rusumli telefonida telegramm messenjeridan bir nechta diniy mazmundagi videolavhalar tarqatganligi aniqlangan.

Va albatta har uchchala holatda ham telefonlar musodara qilingan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Ushbu huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin yana sodir etilgan bo‘lsa jinoiy javobgarlik kelib chiqadi yoki agar tayyorlangan, saqlangan va tarqatilgan diniy mazmundagi materiallar jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga tahdid solsa (bu ekspertiza o‘tkazish va mutaxassis xulosasini olish orqali aniqlanadi), bunday qilmishlar uchun qonunlarimizda og‘irroq jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Sohadagi munosabatlar Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-aprel kungi “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 180-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Ushbu qarorning 1-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olingandan keyin amalga oshiriladi. Shuningdek, ijobiy maqsadlarni ko‘zlamagan (masalan, diniy eʼtiqodni o‘zgartirishga daʼvat qiluvchi va boshqalar) diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Bugungi axborot asrida o‘zimizni ehtiyot qilaylik, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash va tarqatishni vakolatli shaxslarga qoldiraylik. Maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishdan himoyalanaylik, ko‘pchiligimiz telefonlarni yangi modellari ortidan quvib, sotib olamiz va musodara tufayli 1000-1500 АQSh dollari qiymatidagi mulkimizdan ham ayrilib qolmaylik.

G‘aniev Behzodbek, huquqshunos

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar