
Murg‘ak go‘dakni suyub-erkalab ko‘kka otsangiz, u qo‘rqmaydi, aksincha, shodon qiyqirib, sizni ham quvonchiga sherik qiladi. U biladi, ishonchli qo‘llar yiqilishiga aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bu – buyuk ishonch! Ana shu ishonchning hech qachon so‘nmasligi sizu bizga, ota-onaga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Inson yoshi bir joyga borib qolganida ham “onam qani?” degan so‘rov bilan eshikdan kirib keladi. Bolalar ota-onasi bilan baxtiyor. Ammo, ming afsuski, hayot ba’zan farzandlar istagi asosida qurilmagan bo‘lishi mumkin. Bunda ko‘proq jabr chekadigan, ruhan eziladigan o‘rtadagi bola bo‘lishi mumkin. Er-xotin munosabatlarining nomutanosibligi yoki qaynona kelinning o‘zaro kelishmovchiligi bois ajrashib ketgan oilalarda voyaga yetayotgan bolalar otasini tanlasa ona mehridan, onasini desa ota mehriga to‘ymay yashaydi. Biroq har qanday holatda ham qonun aytgan so‘z haq so‘zdir.
Matlyuba (ism va familiyalar o‘zgartirilgan) Shuxratjonga turmushga chiqqanda dunyoda undan baxtli ayol yo‘qdek edi. Ikki yosh tez orada 3 ta farzandning ota-onasi bo‘lishadi. Nima bo‘ldiki, turmushlari o‘xshamadi. Sabablar bisyor, oqibat esa Matlyuba uyni tashlab chiqib ketishi bilan tugadi. Mana, sud chiqargan qaror bo‘yicha bugun o‘g‘illari Muxammadjon va Muxammadsherlar onasi Matlyubaning bag‘riga qaytishi kerak.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudining 2023-yil 25-iyuldagi da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatga asosan qarzdor Sh.U.dan undiruvchi M.U.ga 2017-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan M.U va 2020-yilda tug‘ilgan M.U.lar onasi tarbiyasiga olib berish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi Farg‘ona tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
Majburiy ijro harakatlari davomida Byuroning Farg‘ona tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan joriy yilning 11 oktyabr kuni M.U (2017 y.) va M.U.(2020 y)lar ijro hujjatiga asosan onasi M.U.ga olib berildi.
Ammo farzandlari yillar o‘tib armon qilmasligi, ota-ona mehridan bahramand bo‘lib voyaga yetishga ming karra haqli ekanligini, vaqtida anglab yetish, pushaymonliklarni oldini olishni unutmaylik.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari