• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat O‘z zurriyodini o‘ldirayotganlar yohud yo‘llardagi “qotilliklar”!
Jamiyat
Voqealar

O‘z zurriyodini o‘ldirayotganlar yohud yo‘llardagi “qotilliklar”!

  • 22.11.2023 / 15:32
  • 613
  • 0
111

Kecha, 21-noyabr 2023-yil kuni soat 07:30 lar atrofida Andijon-Qo‘qon (A-373) avtomobil yo‘lining Uchko‘prik tumani Mehnatobod qishlog‘i hududida Damas va Isuzu rusumli avtomashinalar ishtirokida sodir bo‘lgan YTH natijasida 4 nafar yo‘lovchi vafot etgani, ularning ikki nafari maktab o‘quvchilari ekanligi xabar qilingan edi.

Rasmiy idoralardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, YTHga uchragan Damas avtomashinasining ichida 10 nafar yo‘lovchi, haydovchi bilan 11 nafar odam bo‘lgan.

YTH natijasida 5 nafar yo‘lovchi voqea joyida vafot etgan. Ulardan 2 nafari Buvayda tumanidagi 7-maktabning o‘quvchilari bo‘lgan. Qolgan uch nafar marhumalar esa, Buvayda tumani Yangiqishloq qishlog‘ida yashovchi 27 va 37 yoshli ayollar bo‘lgan.

Avtomashina ichida bo‘lgan yana 5 nafar fuqarolar hozirda Bag‘dod hamda Buvayda tumanlari shifoxonalarida og‘ir ahvolda ekanligi ma’lum qilingan. Ulardan 3 nafari maktab o‘quvchilari.

Uchko‘prik tumani Paloxon qishlog‘ida yashovchi Damas haydovchisining ahvoli o‘rta og‘ir holatda ekanligi, u ham shifoxonada davolanayotgani aytildi.

YTH sababchilaridan biri Isuzu haydovchisi E.Sh.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tarmoqlarda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Damasdagi yo‘lovchilar kunlik ishga, ya’ni shu atrofdagi yerlarga ekilgan sabzilarni kavlashga ketayotgan bo‘lishgan.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, nega biz shunaqamiz? O‘zimiz qoidalarga bo‘ysunmaymiz, o‘z burchimizni bajarmaymiz, lekin o‘zgalarni ayblaymiz. Damasga 10 nafar yo‘lovchi chiqarish mumkin emasligini hamma biladi, lekin amal qilmaydi. Maktabga borish majburiy ekanligini hamma biladi, lekin... Ha, tirikchilik o‘lsin...a.

O‘sha norasida go‘daklarning otalari bormikan? Shu yerda, shu tumanda, ertalab qizi maktabga bormay, kunlik ishga ketayotganini bilib turganmikan?

O‘lgan o‘ldi, o‘tgan ish o‘tdi, bu gaplarga ne hojat deyishingiz mumkin. Lekin, qachongacha o‘zimizni o‘zimiz o‘ldiramiz? O‘zbekistonda YTH natijasida vafot etganlar soni pandemiyada virusdan o‘lganlar sonidan ko‘pligi, nahot bizni tashvishga solmayapti?!

Avtomashina qimmat deymiz, monopoliya va yana allambalo muammolar bilan miyamizni band qilib olganmiz. Pul topsak uy quramiz, mashina olamiz, yana pul ko‘paysa, eskisini buzib solamiz. Kim o‘zarga bo‘layotgan to‘ylar-u, Umra safarlarini gapirmasak ham bo‘ladi. O‘sha hoyu-havas o‘lgurni pulini ta’limga, kelajakka sarflashni qachon o‘rganamiz?

Haydovchilikka o‘qib, qoidalarni o‘rganib, qoyillatib qo‘ygan bo‘lsak ham mayli, buyog‘i ham o‘zimizga ma’lum-ku...

O‘tgan yili aynan shu noyabr oyida Andijon viloyatining Bo‘ston tumanida ham huddi shunga o‘xshash YTH sodir bo‘lgan edi. Unda ham ayollar kunlik ishga, ya’ni sabzi kavlashga ketayotgan bo‘lishgan. Yo‘l qurilish firmasining aybi bilan yo‘l beton bilan yopilib, tegishli yo‘l belgilari qo‘yilmagani oqibatida avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Buning natijasida 6 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan, bir nechta odam mayib bo‘lgan.

Xo‘p, aybdorlar jazosini olgandir, lekin yetim qolgan farzandlarga ona mehrini kim bera oldi, o‘lgan insonlarni kim hayotga qaytara oladi? Qo‘limizdan kelmaydigan ishlar aniq, lekin qo‘limizdan keladiganini qachon qilamiz?

Qachongacha o‘zimiz, o‘z zurriyodlarimizni o‘ldiramiz?!

Abdulatif Akbarov, Vodiy24.uz

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar