• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: 100 ta maqsad, 5 ta ustuvor yo‘nalish!
Siyosat
Huquq

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: 100 ta maqsad, 5 ta ustuvor yo‘nalish!

  • 05.12.2023 / 20:15
  • 816
  • 0
111

2023-yil 11-sentyabrda Prezidentning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Shu asosda tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalqqa xizmat qilishi shart bo‘lgan adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash kabi g‘oyalar aks etgan.

Strategiyadagi jami 100 ta maqsad quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan.

Birinchi ustuvor yo‘nalish: Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan 44 ta maqsad, ya’ni 1-maqsaddan – 44-maqsadgacha ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda ta’lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma’naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 130 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish belgilangan. Shuningdek, 38 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash va qabul qilish ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi ustuvor yo‘nalish: Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash bilan bog‘liq 17 ta maqsad (45-61-maqsadlar) doirasidagi 68 ta amaliy chora-tadbir va 55 ta vazifani qamrab olgan. Mazkur ustuvor yo‘nalishda YAIM, budjet, sanoat, investitsiya, bank, “yashil iqtisodiyot”, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, eksport, monopoliyalar, IT, turizm, xizmatlar, infratuzilma, uy-joy masalalariga oid 75 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 29 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash belgilangan.

Uchinchi ustuvor yo‘nalish: Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 12 ta maqsad (62-73-maqsadlar) ushbu ustuvor yo‘nalish tarkibiga kiradi. Bunda 31 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifa qamrab olingan bo‘lib, 39 ta maqsadli ko‘rsatkich ishlab chiqiladi hamda 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari tayyorlanadi.

To‘rtinchi ustuvor yo‘nalish: 16 ta maqsad (74-89-maqsadlar) doirasida qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish borasida belgilab berilgan 51 ta amaliy chora-tadbir va 21 ta vazifani o‘zida qamraydi. Bunda mahalla, mahalliy davlat organlari, vakillik organlari, davlat xizmati, fuqarolik jamiyati institutlari, sud-huquq, inson huquqlari, advokatura, korrupsiya masalalariga oid 41 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 25 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan.

Beshinchi ustuvor yo‘nalish: “Xavfsiz va tinchliksevar davlat” tamoyiliga asoslangan siyosatni izchil davom ettirishga qaratilgan 11 ta maqsad (90-100-maqsadlar) doirasida 63 ta chora-tadbir va 23 ta vazifa bajariladi. Xususan, tashqi siyosat, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik, xorijdagi vatandoshlar, mehnat migratsiyasi, Qurolli kuchlar, favqulodda vaziyatlar, millatlararo totuvlik masalalariga aloqador 21 ta maqsadli ko‘rsatkichni ishlab chiqish va 11 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalarini tayyorlash talab etiladi.

Azamat Temirov 
Andijon viloyati FIB 
Bo‘ston tumanlararo sudining sudyasi

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar