Har yili 25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonliklarga qarshi kurashish kunida BMTning “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” global kampaniyasiga start beriladi va ushbu kampaniya 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunigacha davom etadi.
Shu o‘rinda “Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” global kampaniyasi tarixi haqida qisqacha ma’lumot bersak. Mazkur kampaniya tarixi 1960-yil 25-noyabr kuni Dominikan Respublikasida uch Mirabal opa-singillari o‘ldirilishidan boshlangan. Ular Lotin Amerikasidagi inson huquqlari harakati timsoli bo‘lgan, ularning vahshiyona o‘ldirilishi barcha turdagi zo‘ravonlikka qarshi xalqaro norozilikni qo‘zg‘atgan.
Bugungi kunda kishilarga nisbatan muayyan bir jinsga mansub bo‘lganligi sabab ishlatilgan har qanday zo‘ravonlik, bir so‘z bilan aytganda, gender zo‘ravonlikning turli shakllari mavjud bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarga ta’sir o‘tkazayogan doimiy muammo sifatida saqlanib qolmoqda. Mazkur muammo alohida shaxslar, oilalar va umuman jamiyatga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda, iqtisodiy taraqqiyot hamda inson huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish yo‘lida to‘siq bo‘lmoqda.
Barchaga ma’lumki, yer yuzidagi mavjudotlarning eng oliysi insondir. Biroq bugun yaxshi bilamizki, barcha muammolar markazida inson turadi, inson muammosi hal etilmas ekan, boshqa muammolar o‘z yechimini topmaydi. Demak, rivojlangan mamlakatlarda inson erkinligini ijtimoiy, oilaviy, shaxsiy hayotda har tomonlama ta’minlashga muhim ahamiyat berib kelinayotgani bejiz emas. Gender muammosi ana shunday dolzarb masalalardan biridir.
Gender zo‘ravonlik haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Gender zo‘ravonlik – bu erkaklarni ayollardan ustun qo‘yuvchi patriarxal munosabat tuzilmalari va madaniy me’yorlar sabab saqlanib qolayotgan inson huquqlarining buzilishi va gender tengsizligining yuzaga kelishidir. Uning oqibatlari keng qamrovli bo‘lib, jismoniy, psixologik va ijtimoiy farovonlikka tezkor va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatadi.
Oiladagi zo‘ravonlik – bu gender zo‘ravonlikning, odatda, turmush o‘rtoqlar, juftliklar yoki oila a’zolari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar doirasida sodir bo‘ladigan shakli. Bu holat jismoniy, hissiy va jinsiy zo‘ravonlik hamda ruhiy qiynoq va moliyaviy holatini suiiste’mol qilish kabi turli shakllarda namoyon bo‘lishi mumkin. Undan, asosan, ayollar aziyat chekadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda, taxminan, har uchinchi ayol umri davomida o‘z jufti tomonidan jismoniy yoki jinsiy zo‘ravonlikka yoki begona shaxs tomonidan jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Afsuski, iqtisodiy beqarorlik va ijtimoiy izolyatsiya gender zo‘ravonlikning yuzaga kelishi va davom etishi uchun qulay muhit yaratganligi bu muammoni hal etish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni har qachongidan ham muhimroq vazifaga aylantirdi.
Oiladagi zo‘ravonlik yoshi, etnik kelib chiqishi, ta’lim darajasi yoki ijtimoiy-iqtisodiy holatidan qat’i nazar, jamiyatning barcha qatlamlariga mansub kishilarga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan keng tarqalgan muammo.
Gender zo‘ravonlikning iqtisodiy yuki nafaqat alohida shaxslar va oilalarga ta’sir qiladi, balki milliy iqtisodiyotlar uchun ham jiddiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Gender zo‘ravonlik va uning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etish profilaktika, jabrlanganlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat berilgan keng qamrovli siyosat, dasturlar va tadbirlar o‘tkazishni talab qiladi. Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirish orqali jamiyatlar barcha uchun xavfsizroq, adolatliroq va farovonroq kelajakni yaratishi mumkin.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng qabul qilingan qonunlarimizda ayol huquqlariga inson huquqining alohida ajralmas qismi sifatida qaralgan. Ularning erkaklar bilan teng huquqli ekanligini ta’minlash, gender zo‘ravonliklardan himoya qilish borasida bir qator qonunlar qabul qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida: “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar” deya e’tirof etilgan. Bu mamlakatimizda ayollar jamiyatning faol a’zosi sifatida barcha sohalarda keng qamrovli ishtirok etishining huquqiy kafolati belgilanganidan dalolat beradi. Shuningdek, davlatimiz inson huquqlari bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro hujjatlarga, jumladan, 1995-yili “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvensiyaga qo‘shilishi ham mamlakatimizda xotin-qizlar masalasiga jiddiy e’tibor berilayotginini ko‘rsatadi.
Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida to‘laqonli ishtirok etishiga erishish, ularga nisbatan sodir etilayotgan gender zo‘ravonliklar, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida 2019-yil 2-sentyabrda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘RQ-561-son Qonuni qabul qilindi. Unga asosan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-yanvardagi “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga “himoya orderi” berish to‘g‘risida Nizomi ishlab chiqildi.
Aynan shu kuni “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ-562-son Qonuni ham qabul qilindi.
Bundan tashqari, 2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-829-son Qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunga asosan O‘zbekiston Respublikasining MJtK 59 prim 2-modda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan to‘ldirilib, ma’muriy jazo choralari belgilandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 1261-modda, 1413-modda bilan to‘ldirildi. 128-modda, 129-modda, 130-moddasi 3-qismida belgilangan jazo choralari kuchaytirildi.
Yana bir ahamiyatli tomoni Jinoyat kodeksining 73-moddasida ko‘rsatilgan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish quyidagi shaxslarga nisbatan qo‘llanilmasligi belgilab qo‘yildi:
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tekkanlik yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgan;
o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxsni jinsiy aloqada bo‘lish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda jinsiy aloqa qilishga majbur etgan;
o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilganlik yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirganlik yoki unga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan;
voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirganlik, xuddi shuningdek uni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik yoxud voyaga yetmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etgan;
voyaga yetmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilganlik, fohishaxonalarni tashkil etganlik yoki saqlagan.
Xulosa qilib aytganda, xotin-qizlar huquq va erkinlarini qonun talabi asosida ta’minlash muammosi turli omillarga, jumladan, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlangani, umumiy madaniyat, fuqarolik jamiyatining shakllanish darajasiga bog‘liq. Gender muammosini hal etish uchun davlat va jamiyatning birgalikdagi kuch-g‘ayrati talab qilinadi. Ya’ni gender tengligi davlatning himoya siyosati hamda xotin-qizlarning tashabbusi orqali amalga oshirilishi mumkin. Bu esa, kelajakda siyosiy faol, huquqiy bilimga ega, fuqarolik jamiyati qurishga kamarbasta faol ayollar safini yanada kengaytirish imkonini beradi. Har bir jamiyatning mavqei uning ayollarga bo‘lgan munosabatiga qarab baholanar ekan, Yurtboshimiz aytganidek, “Ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz”.
L.Xazratkulov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Marg‘ilon shahar sudining sudyasi
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari