Andijon viloyati hududida "Dolzarb 40 kunlik" maxsus profilaktik tadbirlari doirasida bir qator jinoyat olami vakillari, o‘zidan “Yetakchi” yasab olganlar hamda ularga yaqin bo‘lgan shaxslar ushlanmoqda, deya xabar bermoqda viloyat IIB Axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 5-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Andijon shahrida yashovchi muqaddam Jinoyat kodeksining 104, 277-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun sudlangan, 1988-yilda tug‘ilgan Kiselov Andrey Xodjamqulovich, Andijon shahrida yashovchi 1989-yilda tug‘ilgan fuqaro Shodiboyev Farrux Patidin o‘g‘li, Xo‘jaobod tumanida yashovchi 1973-yilda tug‘ilgan Ergashev Baxtiyor To‘xtasinovich hamda 1985-yilda tug‘ilgan Parpiyev Alisher Adxamovichlar viloyat hududida oilaviy zo‘ravonlik, mayda bezorilik, valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etganliklari aniqlanib, ularning har biriga nisbatan ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanildi.
“Hozirda ularning sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarga aloqadorliklari o‘rganilmoqda. Hurmatli fuqarolar! Agar Sizlar ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Andijon viloyati IIBning “102” raqami yoki 97-432-10-20 telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Murojaat qilgan fuqaro shaxsining sir saqlanishi kafolatlanadi. Unutmang, sodir etilgan har qanday jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlanadi!”, - deyiladi xabarda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari