• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Siyosat Advokatlarning kasbiy obro‘si va nufuzini oshirishga nima monelik qiladi?
Siyosat
Huquq

Advokatlarning kasbiy obro‘si va nufuzini oshirishga nima monelik qiladi?

  • 20.05.2024 / 16:33
  • 512
  • 0
111

Mamlakatimizda so‘ngi yillarda advokatura to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar bu sohada tub islohotlarni boshlab berdi.

Sir emaski, avvallari fuqarolarning tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqini mustahkamlaydigan konstitutsiyaviy norma yo‘q edi. Bu esa - advokaturaning to‘liq mustaqilligini ta’minlash, kafolatlash, kasbiy obro‘si va nufuzini oshirishga monelik qilar edi. O‘tgan yilda qayta qabul qilingan Konstitutsiyamizda advokatlar to‘g‘risida alohida bob kiritilishi tarixiy muhim ahamiyat kasb etdi.

 – Advokaturani rivojlantirish uchun mamlakatimizda o‘nga yaqin qonun hujjatlari qabul  qilindi, –  deydi  Andijon viloyati Baliqchi tumani Adliya bo‘limi boshlig‘i Sayidmuhammadali Salohiddinov.  – Advokat jinoyat, ma’muriy va iqtisodiy ishlarini sudda ko‘rish jarayonining shunday bir ishtirokchisi hisoblanadiki, usiz sud davlat hokimiyati sifatida faoliyat ko‘rsata olmaydi. Bu holat o‘z navbatida, advokatura institutining alohida maqomini belgilaydi.

Hozirgi kunda Andijon viloyatida 351 nafar advokat faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, viloyatda 228 ta advokatlik tuzilmalari mavjud bo‘lib, 26 tasi firma va 199 tasi byuro va 3 ta hay’at sifatida tashkil etilgan. O‘tgan 2023-yil davomida advokatlar tomonidan fuqarolar va tashkilotlarga 100 mingdan ortiq yuridik xizmatlar ko‘rsatilgan.

So‘nggi yillarda bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-maydagi 3993-son “O‘zbekiston Respublikasida Advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2018-yil 12-maydagi 5441-son “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-sentyabrdagi “Advokatlik guvohnomasini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 807-son qarorlar kabi o‘nga yaqin muhim hujjatlar  qabul qilindi.

Boshqacha aytganda, mamlakatimizda advokatura fuqarolar va tashkilotlarga malakali yuridik yordam ko‘rsata oladigan, ijtimoiy ahamiyatli - maxsus huquq layoqatiga ega institut sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda.

– Advokatura sohasiga bir qator zamonaviy yondoshuvlar joriy etildi, – deydi Andijon viloyati advokatlar palatasi raisi Adiljon Yunusov. – Xususan, advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish va advokatlarga litsenziya berish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi. Advokatlarga orderlar elektron shaklda rasmiylashirish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Advokatlarning elektron reyestri yaratilib, barcha uchun ochiq portalga joylashtirildi. 

Xususan, Sud va tergov jarayonlarida shaxs huquqlarini himoya qilishda advokatning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydi. Biroq advokatning o‘zi himoyaga muhtoj bo‘lsa-chi? Advokatga o‘z mijozini professional himoya qilishi uchun ko‘p narsa kerak emas, aslida. Bilim, malaka, erkinlik, daxlsizlik berilsa bo‘lgani.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu yangi normaning kiritilishi sud va tergov jarayonlarida advokatlarning imkoniyatlarini yanada oshirib yubordi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1971-moddasiga binoan advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

– Yangi konstitutsiya qabul qilingunga qadar advokatlarning daxlsizligi bo‘yicha qoidalarni qonunlarda ko‘rsatilishining o‘zi yetarli emas edi, – deydi advokat Olimjon Otaxo‘jayev.  – Ularning huquqlari Konstitutsiya darajasida belgilanishi hayotiy zarurat edi. Chunki inson huquqlari himoyasini kuchaytirish uchun inson huquqlarini himoya qiluvchi advokatlar faoliyatining kafolatlarini ham kuchaytirish zarur. Shu sababli Konstitutsiyaga advokatlarning huquqlari himoyasiga oid yangi normalarning kiritilishi birinchi galda inson huquqlarini sifatli va samarali himoya qiladi.

Har qanday demokratik jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashda asosiy vazifasi boshqa shaxslarning huquqlarini professional tarzda himoya qilish bo‘lgan advokatlar muhim o‘rin egallaydi. O‘z navbatida advokatlar erkin faoliyat yuritishlari uchun davlat va jamiyat zarur sharoitlarni yaratib berishi, kerak bo‘lganda tegishli huquqiy mexanizmlar bilan advokatlar faoliyatini turli tazyiqlardan kafolatlashi lozim. Yangi qabul qilingan konstitutsiyamizda esa aynan mana shu vazifalar aks etgan bob va moddalar kiritildi.

Oxirgi yillarda yuritimizda sud-huquq sohasida olib borilgan islohotlar advokatura institutini mustahkamlashga, advokatlarning rolini oshirishga hamda himoya va ayblov taraflari o‘rtasida balansni ta’minlashga erishishga yordam berdi.

Sayidmuhammadali Saloxiddinov 
Andijon viloyati Baliqchi tumani
Adliya bo‘limi boshlig‘i

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar