• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

10820.00

Sotish

10880.00

Bosh sahifa Jamiyat Narkotrafik, transmilliy jinoyatchilik - xavfsizlik tizimiga tahdid!
Jamiyat

Narkotrafik, transmilliy jinoyatchilik - xavfsizlik tizimiga tahdid!

  • 09.10.2024 / 18:15
  • 200
  • 0
111

Giyohvandlik dunyo miqyosida o‘ta dolzarb va xatarli muammoga aylanib bormoqda. Xalqaro va milliy qurilmalar doirasida unga kurash kuchaytirilib, samarali vositalar va usullar amaliyotga joriy qilinayotganligiga qaramay, giyohvand moddalar iste’mol qiluvchilar soni ortib bormoqda.

Agar muammoga faqat taklif nuqtayi nazaridan, ya’ni aloxida mamlakatlarda tabiiy va kimyoviy narkotiklar yetishtirish va ishlab chiqarish xajmi ortib borayotganligini sabab qilib ko‘rsatilsa, muammoga bir tomonlama yondashish bo‘ladi. Albatta bu omil, ya’ni ularni ishlab chiqarish foydalilik omili tufayli ortib borayotganligini nazardan qochirib bo‘lmaydi, lekin jarayon ko‘proq talabga, ya’ni uni iste’mol qilishga ehtiyojning ortib borayotganligiga ko‘proq bog‘liqligi asosiy omil sifatida qaralishi kerak.

Muammoning yana bir muhim tomoni, narkotiklarning ong qarshiligini susaytirishi, qaramlikni orttirishi, giyohvandlar o‘rtasida hamdardlik va hissiy yaqinlikni kuchaytirishi ularni zararli g‘oyalarni ijtimoiy ong tarkibiga joylash, ma’naviy-axloqiy hamda g‘oyaviy-mafkuraviy tahdidlarning kuchli quroliga aylantirib qo‘ydi. Shuning uchun ham transmilliy narkotrafiklarning tobora takomillashib borayotganligini ayrim o‘yinchi davlatlar tomonidan atayin turli davlatlar milliy xavfsizlik tizimiga psixologik xurujning tarkibiy qismi sifatida baholash uchun yetarlicha asoslar bor.

Giyohvand moddalarni ishlab chiqaruvchilardan iste’molchilarga kontrabanda yo‘li bilan ulgurji yetkazib berish marshrutlarini tanlash, transport vositalari bilan ta’minlash, chegaralarni kesib o‘tishda jinoiy guruh-chegara-bojxona tizimidan iborat korrupsion-lobbistik qalqonni yaratish, tashuvchilar va tarqatuvchilardan iborat guruhni tanlash va xavfsizligini ta’minlash tizimi narkotrafikni tashkil qiladi.

Giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasini ta’minlovchi narkotrafik tranzit, hududidan narkotik moddalar olib o‘tiladigan davlatlarning siyosiy va iqtisodiy barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, korrupsiyani avj oldiradi va giyohvand moddalar iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarni ko‘paytiradi. 

Hozirda jahon narkotrafigi 800 milliard dollarga baholanmoqda, bu deyarli jahon neft bozori narxi bilan teng, bir yilda narkotrafik daromadlarining atigi 0,5 % igina musodara qilinadi xolos, bu dalil narkotrafiklar faoliyatida banklar muhim rol o‘ynashini isbotlaydi.

Hozirda dunyoda ikkita, planetar miqyosda narkotiklar ishlab chiqaruvchi hudud tan olinadi, Afg‘oniston va Janubiy Amerika va shunga mos ikkita narkotrafik faoliyat ko‘rsatmoqda, afg‘on geroini va lotinamerika kokaini narkotrafiklari. Afg‘oniston O‘zbekiston va Markaziy Osiy davlatlari bilan chegaradosh ekanligini inobatga olsak, tranzit davlatlar sifatida narkotrafik biz uchun o‘ta xatarli ekanligini his qilish mumkin.  

Dunyo miqyosida an’anaviy tarzda narkotiklar yetishtiradigan hududlar: Oltin yarimoy, Afg‘oniston, Eron, Pokiston, bu mamlakatlarda geroin olinadigan ko‘knori va nasha yetishtiriladi. Oltin uchburchak, Myanma, Laos, Tailand, bu yerda katta miqdorda ko‘knori va undan olinadigan geroin ishlab chiqariladi. Janubiy Amerika Kolumbiya, Peru, Venesuela, Boliviya, bu mamlakatlarda asosan koki o‘simligi yetishtiriladi va kokain hamda krek-kokain yetishtiriladi. Gollandiyada marixuana va sintetik narkotiklar, Marokkoda nasha, Xitoyda sintetik narkotiklar hamda narkotik moddalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar ishlab chiqariladi.

O‘zbekiston uchun tarkotrafikning eng xatarli manbai yuqorida ta’kidlaganimizdek, Afg‘oniston bo‘lib qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2001 yildan 2010 yilgacha Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish 40 baravar ortgan, hozir bu mamlakatda oxirgi 10 yilda dunyo bo‘yicha yetishtirilgan geroindan ikki baravar ko‘p geroin ishlab chiqarmoqda va kelajakda bu ko‘rsatkich yanada ortishi ehtimol qilinmoqda. Kokain yetishtirish bo‘yicha liderlik an’anaviy tarzda Kolumbiyaga tegishli hisoblanadi, birgina Amerika Qo‘shma Shtatlariga har yili bu mamlakatdan 500 tonna kokain kirib keladi, ayni paytda uning Yevropaga oqimi kuchaymoqda.

Geroin, kokain va opiatlar tarkibida tabiiy narkotik moddalar mavjud o‘simliklardan olinadigan mahsulotlar hisoblanadi, lekin so‘nggi yillarda narkoaylanma bozorida sintetik, kimyoviy narkotiklarning salmog‘i ortib bormoqda. Sababi ularni yetishtirish nisbatan arzon, salomatlik uchun salbiy ta’siri esa bir necha barobar ortiq. Bu jarayonda farmatsevtika-tibbiyot-narkobiznes-ma’naviy-axloqiy, g‘oyaviy-mafkuraviy tahdid ko‘rinishidagi psixologik xuruj xufyona kelishuvini ham inobatga olish kerak.

Kimyoviy narkotiklar ta’sirida kasallanishlar farmatsevtika va tibbiyot uchun oltin irmoq bo‘lsa, ularning ta’sirida psixikaning buzilishi ijtimoiy ong tarkibiga kerakli qadriyatlarni joylashni osonlashtiradi, manqurtlashishga zamin yaratadi. Kimyoviy psixotrop moddalar iste’mol qilayotgan yoshlar tahdidlarga transformatsiyalashgan zararli qadriyatlarni ongli qarshiliksiz osongina o‘zlashtiradilar va amal qila boshlaydilar, ular o‘zga madaniyat va ma’naviyatning quliga aylanadilar.  

Hech kim dunyoga giyohvand bo‘lib tug‘ilmaydi. Giyohvandlik va shunga o‘xshash boshqa destruktiv hulq elementlariga moyillik shakllanishining psixologik omillari mavjud va bu omillar ota-onalar tomonidan qo‘llaniladigan ikki xil tarbiya modeli jarayonida vujudga kelishi mumkin.  

Birinchi model, hamma narsaga ruxsat berish, bola uchun cheklash va ta’qiqlarning yo‘qligi, uning har qanday istagini darxol bajarish, xatolarini jazolamaslik oqibatida bolada mas’uliyat hissi shakllanmaydi, u o‘zi uchun hamma narsa mumkin, deb hisoblashga o‘rganadi. Hozir g‘arb pedagogik, psixologik va sotsiologik nazariyalarida “bola markazda, uning har qanday istagi qonun”, degan konsepsiya rivojlantirilmoqda. Zo‘ravonlikka qarshi kurash niqobida bu fikr boshqa jamiyatlarga singdirilmoqda, natijada bolaning tasavvurida oilada zo‘ravon ota, zo‘ravon ona, ta’lim musassasida zo‘ravon o‘qituvchi obrazlari shakllanmoqda. Ularning oddiy munosabati ham tayyor zo‘ravon obrazi prizmasida zo‘ravonlik sifatida baxolanmoqda. Masalaning mohiyatini tushunmagan ota-onalar farzandlarini tasavvurlaridagi zo‘ravon o‘qituvchilarga qarshi qo‘yishmoqda, bu narsa ta’limning sifatiga salbiy ta’sir qilibgina qolmasdan, bolalarning o‘z ota-onalariga munosabatlarida ham aks etmoqda. Yoshligidan har qanday talabi kattalar tomonidan so‘zsiz bajarilishiga o‘rgangan bolada keyinchalik boqimandalik va har qanday destruktiv hulqqa moyillik shakllanadi. Adlerning fikricha, taltaytirb yuborilgan bolalar ko‘proq avtoritar va shafqatsiz bo‘lishadi, ayni paytda e’tiborsiz o‘sgan bolalarda ko‘proq aybdorlik va to‘laqonli emaslik hissi rivojlanadi.

Oilada tarbiyaning ikkinchi modeli bolaga nisbatan befarqlik, uning erkinligini to‘la cheklash ko‘rinishidagi avtoritar usul hisoblanadi. Bunda vaqt o‘tishi bilan bolada psixik jarohatlar va alam to‘planib, ular keyinchalik uni giyohvandlikka undashi mumkin.

Tarbiya va boshqa omillar ta’sirida narkotik tobelik paydo bo‘lishi xavfining yuqori darajasiga sabab bo‘ladigan xarakter sifatlari shakllanadi. Bunday sifatlarga arazchilik, o‘zi xaqida qayg‘ura olmaslik, infantillilik, hissiy yetuk emaslik yoki o‘z-o‘ziga past baho yoki bahoning eng past darajasidan eng yuqorisiga keskin o‘zgarishi, ijtimoiy fikrni mensimaslik, atrofdagilarga boqimandalik munosabati, yolg‘onchilik, o‘ziga achinish, maqsadga intilishning yo‘qligi, boshlagan ishni oxiriga yetkazmaslik, orqaga surish, tashabbus ko‘rsatmaslik, xato qilishdan, mas’uliyatni zimmasiga olishdan, yaqin munosabatlardan qo‘rqish, befarqlik, hamdardlik qobiliyatining past darajasi kiradi. Sanab o‘tilgan sifatlardan bitta yoki ikkitasi ham bolani giyohvand moddalar iste’mol qilishga undashi mumkin. Aksariyat stress vaziyat tufayli himoya reaksiyasi sifatida birinchi marta narkotik iste’mol qilgan odam keyin davom ettiraveradi.

Yuqorida sanab o‘tilgan xarakter xususiyatlaridan tashqari narkotik tobelikning shakllanishiga norozilik, qiziquvchanlik, ziddiyatlar, kuchli kechinmalar, atrofdagilarning ta’siri ham sabab bo‘lishi mumkin.

Sanab o‘tilgan xolatlarning barchasida odam giyohvand moddani himoya reaksiyasi sifatida, reallikdan qochish, qaror qabul qilishni o‘rnini almashtirish, giyohvandlik kayfida qiyinchilik va ziddiyatlardan berkinish uchun iste’mol qiladi. Giyohvand modda dastavval emotsional holatni o‘zgartiradi, keyin to‘g‘ridan to‘g‘ri psixikaga ta’sir qila boshlaydi, borib-borib psixikani to‘la vayron qiladi.

Giyohvand modda ta’sirida odam tez o‘zgara boshlaydi, butun fikri-zikri o‘zi va giyohvand modda iste’mol qilish bo‘lib qoladi, yolg‘onchilik, nosamimiylik, boshqalarni manipulyatsiya qilishga intilish avj oladi. Emotsional fonning o‘zgarishi tufayli quvonch, qoniqish, baxt hissi yo‘qoladi, kognitiv funksiyalar buziladi, xotira susayadi, tafakkur chalkashadi, narkotik tobelik ijtimoiy aloqalar ahamiyatini pasaytiradi. Yaqinlari, do‘stlari va hamkasblari bilan munosabatni siqib chiqaradi, oilaga befarqlik paydo bo‘ladi.

Giyohvand moddalarni muntazam iste’mol qilish og‘ir psixik buzilishlar ko‘rinishidagi maniakal-depressiv psixoz (psixik funksiyalarning keskin pasayishida namoyon bo‘ladigan qo‘zg‘alish va tushkun xolatning yoki birga, yoki almashib kelishi), shizofreniya, depressiya, nevrozlar, xavotirlilik kabi psixikani to‘la vayron qiladigan patologiyaga sabab bo‘ladi.

Giyohvandlikka qarshi kurashish tizimida giyohvand moddalar yetishtirishni bartaraf qilish, ularning tashqaridan kirib kelish yo‘llarini berkitish yaxshi samara berishi mumkin, lekin yetarli emas. Chunki narkotikka ruju qo‘ygan odam har qanday jinoyat yo‘li bilan bo‘lsa ham unga yetishish yo‘llarini qidiradi. Shakllanib bo‘lgan giyohvandni davolash jarayonida psixoterapevtik muolaja ham samarali hisoblanadi, buning uchun narkodispanserlar, poliklinikalarda psixik salomatlik kabinetlarini kerakli tayyorgarlikdan o‘tgan, maxsus ma’lumotli psixologlar bilan ta’minlash kerak bo‘ladi, terapevtik muolaja esa uzoq vaqt talab qiladi.

Yana ham samarali yo‘l, tibbiyotda aytilganidek, kasallikni davolashdan ko‘ra oldini olgan foydali, qoidaga ko‘ra odatda jamiyat o‘zi jinoyatni tayyorlaydi, jinoyatchi esa uni amalga oshiradi xolos. Giyohvandlikka sabab bo‘ladigan tarbiyadagi psixologik omillarni bartaraf qilish, bolani o‘ta taltaytirmaslik, unga nisbatan o‘ta qattiqqo‘l ham bo‘lmaslik, munosabatlarni oddiy insoniy ko‘rinishda tashkil qilish kelajakda unda giyohvandlikka moyillik shakllanishining oldini olishga yordam berishi mumkin.

Mamirjon Atadjanov
Farg‘ona davlat universiteti
psixologiya fanlari nomzodi, dotsent

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar