• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Siyosat Umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan imtiyozlardan xabardormisiz?
Siyosat
Iqtisodiyot

Umumiy ovqatlanish korxonalariga berilgan imtiyozlardan xabardormisiz?

  • 20.12.2024 / 15:13
  • 389
  • 0
111

Xizmat ko‘rsatish sohasi - qo‘shilgan qiymat yaratish va aholi bandligini ta’minlashda muhim iqtisodiyot tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatimizda ham mazkur sohani rivojlantirish maqsadida qator islohotlar amalga oshirilmoqda.

Islohotlar va berilgan imtiyozlar natijasida sohaning yalpi ichki maxsulotdagi ulushi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2024-yilning 1-iyul holatiga sohada faoliyat ko‘rsatayotgan subyektlar soni 330 mingdan ortiqni tashkil etgan, yanvar-iyun oylarida 28 mingga yaqin mazkur sohada yangi subyektlar tashkil etilgan.

O‘z navbatida, aholi jon boshiga xizmatlar xajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,5 foizga o‘sib, 7,3 mln so‘mni tashkil etgan.

Sohadagi islohotlarni jadal davom ettirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 20-avgustda bo‘lib o‘tgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida ham bir qator takliflar ilgari surildi.

Muloqot doirasida kelib tushgan taklif va tashabbuslarni amalga oshirish hamda ochiq muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.08.2024 yildagi PF-132-sonli Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmonda bir qator ustuvor yo‘nalishlar bilan bir qatorda xizmatlar sohasiga yangi turtki berish alohida yo‘nalish sifatida belgilanib, IT, umumiy ovqatlanish va mexmonxona xizmatlari ko‘rsatishni yanada rivojlantirishga chora-tadbirlar belgilandi.

Xususan, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlarini yanada rivojlantirish maqsadida sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga bir qator imtiyozlar nazarda tutildi. Jumladan, kelgusi yilning 1-yanvaridan umumiy ovqatlanish korxonalariga qo‘shimcha qiymat solig‘ining bir qismi “keshbek” sifatida qaytarib beriladi.

2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytirildi.

2024-yil 1-oktyabrdan boshlab turoperatorlik va mehmonxona xizmatlarini, 2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga 2028-yil 1-yanvarga qadar har oyning 25 sanasiga qadar to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini respublika budjetidan qaytarish tizimi joriy etildi.

Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan naqd pulga xarid qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kirim hujjatlarisiz rasmiylashtirish, mavsumiy kafe tashkil qilish tartibini soddalashtirish yuzasidan tegishli tartib ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, Farmon bilan kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish maqsadida mikromoliya va faktoring xizmatlarini rivojlantirish va Islom moliyasini joriy qilish bo‘yicha tegishli qonun hujjatlari qabul qilinishi belgilandi.

Iqtisodiy rivojlanishda xizmat ko‘rsatish aholi bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratishda katta salohiyatga ega soha. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatishga bo‘lgan talabning ortishi aholi daromadlarining real o‘sishini ifodalovchi ko‘rsatkichlardan hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan mamalakatimizda xizmatlar sohasini rivojlantirishga va iqtisodiyot tarkibida uning rolini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.

O.Imomov 
Biznes-ombudsman devoni 
Farg‘ona viloyati sho‘basi inspektori

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar