
O‘zbekistonning so‘nggi o‘n yillik tarixida amalga oshirilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar mamlakatni global maydonda yangi mavqega ko‘tarishda muhim rol o‘ynaydi.
Prezidentimiz boshchiligida iqtisodiyotda diversifikatsiya, korrupsiyaga qarshi kurashga bel bog‘landi, erkin bozorni rivojlantirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikka keng yo‘l ochildi, huquqiy islohotlarni targ‘ib qilish boshlandi. Bundan tashqari ijtimoiy sohaga ham bir qator yangi o‘zgartirishlar kiritildi. Respublikamiz uchun ijtimoiy himoyalash tizimini tanlab olishda xalqning uzoq yillar mobaynida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlari, turmush tarzi va dunyoqarash xususiyatlari hisobga olindi. Bundan tashqari, ta’lim sohasida ham aniq maqsadli umummilliy ijtimoiy dasturlar amalga oshirilib, o‘tgan yillar davomida salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. Umumiy qilib aytganda, O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy, ijtimoiy hamda siyosiy tizimlariga innovatsiya va investitsiyalar kiritishda yangi bosqichga o‘tdi.
Mamlakatimizda inson huquqlari, matbuot erkinligi va siyosiy raqobatni rivojlantirishga katta ahamiyat berildi. Davlat iqtisodiyotini bozor mexanizmlari bilan boshqarish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. Mamlakatimiz iqtisodiy siyosatidagi eng katta yangiliklaridan biri –liberalizatsiya jarayoni bo‘ldi. Xususan, so‘nggi yillarda valyuta kursining erkinlashuvi, soliqlarni yengillashtirish va turli to‘siqlarning kamaytirilishi iqtisodiyotning rivojlanishiga imkon yaratdi.
Yangi hukumat tomonidan ta’lim sohasidagi islohotlar va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yangi maktablar va universitetlar qurilishi, o‘qituvchi va shifokorlar malakasini oshirishga qaratilgan dasturlar, xotin-qizlarga ta’lim sohasida moddiy ko‘mak berish, ularning imkoniyatlarini kengaytirish kabi tashabbuslar ilgari surilmoqda va izchillik bilan amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Ayniqsa, o‘z tovarlari bilan jahon bozoriga kirib borish, iqtisodiy va siyosiy sohalarda dunyo mamlakatlari bilan hamkorlik qilish, har bir sohalarga eng zamonaviy texnologiyalar bilan birgalikda xorijiy investitsiya hamda dasturlarni olib kirish, dunyo mamlakatlari bilan iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish samarali natijalarga zamin yaratmoqda.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi, o‘zgarishlarga ochiqligi, iqtisodiy rivojlanish yo‘lidagi sa’y-harakatlari keng ko‘lamli islohotlar orqali mustahkamlanmoqda. Kelajakda mamlakatning yangi davrga intilishi va xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirishi O‘zbekistonni yanada kuchli davlatga aylantirishi kutilmoqda. Demakki, yurtimiz istiqbolida har birimizning munosib vazifamiz, yorug‘ kelajagimiz bor. Shu ulug‘vor vazifani ado etishda davlatimiz rahbari olib borayotgan islohotlarga qanot bo‘lish – eng oliy maqsadimizdir.
Dilnavozxon A’ZAMJONOVA,
Farg‘ona davlat universiteti iqtisodiyot fakulteti talabasi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari