
Prezident qaroriga binoan, vazirliklar, idoralar va hokimliklar xizmat avtomobillari, mebel va ofis jihozlari xaridini kamaytirgan holda 2025-yilni tejamkorlik tamoyili asosida o‘tkazishi kerak.
«2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun bilan Birinchi darajali budjet mablag‘lari taqsimlovchilar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2025-yilda «tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash» tamoyili asosida budjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha zururiy choralar ko‘rish vazifasi yuklangan.
Bunda, jumladan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno) bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlandi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida foydalanadiganlardan tashqari) xarid qilish ham taqiqlandi. Yuqorida xaridi taqiqlangan tovarlar faqatgina Vazirlar Mahakamasi bilan kelishilgan holda xarid qilinadi.
Bundan tashqari, budjet tashkilotlarining 2025-yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024-yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish so‘raladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari