
Turkiyada qalbaki spirtli ichimlik iste’molidan vafot etgan o‘zbekistonliklar soni ortdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Avvalroq, 14-yanvar kuni 6 nafar, 15-yanvar kuni esa 4 nafar vatandoshimizning zaharlanish oqibatida vafot etgani haqida xabar berilgan edi. 17-yanvar holatiga ko‘ra, zaharlanish oqibatida vafot etgan o‘zbekistonlik fuqarolarning umumiy soni 14 nafarni tashkil qilmoqda.
Turkiya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, 88 kishi alkogolli ichimlikdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan, ulardan 37 nafari vafot etgan.
Mahalliy huquq-tartibot idoralari 16 yanvar kuni Istanbul shahrida 32 862 litr noqonuniy metil va etil spirtli ichimliklarni musodara qilgan.
Sultangazi, Fatih, Bakirko‘y, Kuchukchekmeje, Chatalja, Esenyurt, Zeytinburnu va Beykoz tumanlarida o‘tkazilib, 9 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Tekshiruvlar chog‘ida 227 shisha soxta ichimlik va distillash uskunasi ham topilgan. Qo‘lga olinganlardan 3 nafari politsiyadagi so‘roqlardan so‘ng qo‘yib yuborilgan bo‘lsa, 6 nafarining tergovi davom etmoqda.
Shuningdek, Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar olgan. Ulardan 3 nafarining ahvoli og‘irligicha qolmoqda.
Fursatdan foydalanib, Bosh konsulxona barcha fuqarolarimizni spirtli ichimliklardan tiyilishga va shaxsiy xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiradi, deyiladi xabarda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari