
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining hujjatiga ko‘ra, da’vogar M.N.ni javobgarlar B.N. va boshqalarga nisbatan kelin bo‘lib tushgan xonadonga majburiy tartibda kiritish belgilangan va bu ijro ishi Majburiy ijro byurosining Bog‘dod tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan.
MIB Farg‘ona viloyati boshqarmasining ma’lum qilishicha, kelin ushbu xonadonda oila a’zolari bilan birgalikda yashash istagida bo‘lsa-da, noma’lum sabablarga ko‘ra, qaynona sud qaroriga tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilgan.
Navbatdagi majburiy ijro harakatlari davomida ham uy egalari sud qarori ijrosiga qarshilik qiladi. Shu jarayonda xonadon bekasi - "qaynona"ning qo‘shtirnoq ichida mazasi qochadi, ya’ni u o‘zini hushidan ketganday ko‘rsatib, yerga yiqiladi.
Biroq, Byuro organlari tomonidan majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish maqsadida, ijro harakatlari jarayoniga tegishli tashkilot va organlar, shu jumladan, tez tibbiy yordam vakillari ham jalb etiladi.
Ijro harakatlari amalga oshirilayotgan joyda ishtirok etgan tibbiyot xodimlarining xulosasiga ko‘ra, fuqaro L.N.ning sog‘ligi yaxshi ekanligi, hushi joyida ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Ijro harakatlari yakunida kelinning uyga kiritilishi ta’minlandi va "aktrisa" qaynonaning hiylasi ish bermadi, deyiladi xabarda.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari