
“Uddaburon” haydovchining avtoraqamni almashtirib yurishi uzoqqa bormadi 666 raqami o‘rniga 183 raqami qo‘yilgan “Lacetti” topildi.
MIB Farg‘ona viloyat boshqarmasining Vodiy24.uz`ga ma'lum qilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi qarzdor D.K.dan “Kapitalbank” Farg‘ona viloyat filiali foydasiga 145 mln. 940 ming so‘m undirish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Shunga asosan Majburiy ijro byurosi Farg‘ona tuman bo‘limi xodimlari harakatga tushgan. Avvaliga qarzdorga sud belgilagan summani ixtiyoriy ravishda to‘lash uchun muddat berilgan.
Natija bo‘lmagach, unga tegishli mol-mulklar tekshirildi va aniqlandiki, D.K.ning ikki qo‘li tosh orasida emas - “Lacetti” rusumli 40 * 666** davlat belgili avtomashinasi bor ekan.
Biroq davlat ijrochilari qancha urinishmasin, avtomashina topilmagan. Shundan keyin avtomashinaga qidiruv berildi. Oradan vaqt o‘tdi.
Nihoyat, Byuroning Farg‘ona viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limi xodimlari tezkor tadbir o‘tkazib, “Lacetti”ni topdilar.
Mashina osmonga uchmabdi, yer yutmabdi: uni D.K.ning o‘zi bemalol boshqarib yurgan ekan. “Lacetti”ga boshqa davlat belgisi - 40 *183** raqamini qadab olgan ekan.
Tekshiruvda 40 *183** davlat raqami “Moskvich” rusumli avtomashinaga tegishli bo‘lib chiqdi.
Majburiy ijro byurosi xodimlari belgilangan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirib, qarzdorning mashinasini jarima maydoniga olib kirishdi. Agar qarzdor shunda ham qarzini to‘lamasa avtomashina belgilangan tartibda auksion orqali sotuvga chiqariladi.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari