• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Alisher Navoiy haqida 16 ta fakt!
Jamiyat

Alisher Navoiy haqida 16 ta fakt!

  • 09.02.2025 / 17:16
  • 147
  • 0
111

2025-yil 9-fevral kuni buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludiga 584 yil to‘ldi. Sana munosabati bilan O‘zbekistonning barcha hududlarida hamda bir nechta qo‘shni va xorijiy davlatlarda Navoiyni xotirlash va uning nomini yod etish maqsadida tadbirlar tashkil etildi.

Uning asarlari nafaqat o‘zbek adabiyotining eng yirik yodgorliklari, balki butun dunyo madaniyatining qimmatli xazinasidir. Navoiy nafaqat adabiyotda, balki ilm-fan, falsafa va axloqda ham chuqur iz qoldirgan.

Quyidagi Navoiy bilan bog‘liq 16 ma’lumotni keltirmoqchimiz:

  1. Uch-to‘rt yoshligidan she’r yod olgan, to‘rt yoshida maktabga chiqqan, o‘n-o‘n ikki yoshida she’r yoza boshlagan.
  2. Bolaligida Farididdin Attorning 4600 baytdan iborat falsafiy-irfoniy dostoni “Mantiq ut-tayr”ni boshdan oxirigacha yodlab olgan.
  3. Shatranj o‘yinida mohir bo‘lganki, bir paytning o‘zida ikki kishi bilan tosh sura olgan.
  4. Musiqada yaxshi asarlar bastalagan. Qulmuhammad, Shiyxam Noiy va Husayn Udiylar uning tarbiyasi va quvvatlashi bilan taraqqiy etganlar.
  5. Homiyligi va bevosita rahbarligi ostida 370 ta bino va inshootlar qurilgan.
  6. G‘aznasidagi yetmish besh ming dinorning o‘n besh mingini kambag‘allarga sarflagan. Har yili ularga ming sidra bosh-oyoq kiyim ulashishni buyurgan.
  7. Turkiy tilning nazm va nasrda shuhrat qozonib, xalq tilidan mukammal adabiy til darajasiga ko‘tarilishida fidoyilik ko‘rsatgan.
  8. Olti dostonining hajmi 60 mingga yaqin misrani tashkil etadi.
  9. Boyazid II ga Navoiy g‘azallari ma’qul kelib, shoir Ahmad Poshoga usmonli turkchasida shu g‘azallarga o‘xshash ash’or bitishni buyurgan.
  10. Navoiy ijodi tadqiqiga boshlangan dastlabki yirik ishlardan biri turkiyalik navoiyshunos Ogah Sirri Levend (1893-1978)ning to‘rt jildlik kitobidir.
  11. G‘arbda fransuz olimi Mark Toutantning Navoiyga bag‘ishlangan 700 betli kitobi nashr etilgan.
  12. Navoiyning forsiy she’rlariga Usmonli turk hukmdori Sulton Salim nazira bitgan.
  13. Turk sultoni Sulaymon Qonuniy (“Muhtasham yuz yil” orqali tanish) Alisher Navoiy ijodiga yuksak ehtirom ko‘rsatgan va “Xazoyinul-maoniy”, “Xamsa” singari asarlari qo‘lyozmasini kutubxonasida saqlagan.
  14. Merkuriydagi kraterlardan biriga Navoiy nomi berilgan.
  15. Moskva, Toshkent, O‘sh, Boku, Samarqand, Navoiy va Tokio kabi shaharlarda buyuk shoirga haykal o‘rnatilgan. Olma-Ota, Kiyev, Boku, Ashxobod va yurtimizning ko‘plab shaharlaridagi ko‘chalar Navoiy nomi bilan ataladi.

Suratda Alisher Navoiyning Minsk shahridagi byusti.

Suratda Alisher Navoiyning Minsk shahridagi byusti.

16. Navoiyning qo‘lyozmalari Rossiya, Angliya, Turkiya, Eron, AQSH, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar kutubxonalari hamda muzeylarida saqlanadi.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar