• USD
  • EUR
  • RUB
Sotib olish

12810.00

Sotish

12860.00

Bosh sahifa Jamiyat Farg‘onada "Tozalash" tadbirlari davomida bir qancha qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Jamiyat
Huquq

Farg‘onada "Tozalash" tadbirlari davomida bir qancha qonunbuzilish holatlari aniqlandi

  • 11.02.2025 / 22:52
  • 888
  • 0
111

Farg‘ona viloyati IIB hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda viloyatda “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari davom ettirilmoqda. Bu haqda IIV Tezkor qidiruv departamenti xabar berdi.

“2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirining 47-son Farmoyishi ishlab chiqildi. Mazkur farmoyish asosida IIV ishchi guruhi tomonidan Farg‘ona viloyati IIB hamda huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda Farg‘ona viloyatida “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari davom ettirilmoqda.

Tadbirlar avvalida tashkil etilgan yo‘riqnomalarda har bir xodimga fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy rioya qilish borasida tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishlarida reyd tadbirlari tashkil etilib, 8 nafar ov qurolini hujjatsiz noqonuniy saqlab kelayotgan, 27 nafar jamoat joyida tig‘li buyum olib yurgan shaxslarga nisbatan jinoiy va ma’muriy choralar ko‘rildi. Avtoreyd tadbirlarida 1321 nafar qoidabuzar haydovchilar aniqlanib, 131 ta transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Shuningdek, “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1986 hamda 1988-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs qo‘lga olindi. Ular o‘zaro jinoiy til biriktirib, tovlamachilik yo‘li bilan 1987-yildan tug‘ilgan fuqaroning sir saqlanishi lozim bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarni ruxsatsiz qo‘lga kiritib, tarqatish bilan qo‘rqitib kelgan. Shu maqsadda undan 2 ming 500 AQSH dollari talab qilib, oldindan 1 ming 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Buvayda tumanida huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa 1991-yilda tug‘ilgan shaxs 2022-yilda diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzganligi uchun sudlangan bo‘lishiga qaramasdan 1996-yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda yashash xonadonining yerto‘la qismida 30 nafar shaxslarga hujra sharoitida diniy saboq berib kelganligi aniqlandi. Yerto‘lada ta’lim olayotganlarning 23 nafari voyaga yetmaganlar bo‘lib, ular orasida nafaqat Farg‘ona viloyati Sirdaryo, Namangan, Surxondaryo viloyatlaridan ota-onalari tomonidan olib kelinganlari ham bor.

“Ko‘mir ta’minot” MCHJ Farg‘ona viloyati filiali So‘x ko‘mir ombori 2024-yil davomida 10,7 tonna arzonlashtirilgan ko‘mir mahsulotlarini yetkazib bergan. Predmetlarni va hujjatlarni tekshirish tezkor tadbiri davomida So‘x ko‘mir ombori mudiri va mansabdor shaxslari tomonidan yuk xati hujjatlarini soxtalashtirish orqali chiqim hujjatlariga nisbatan 10,7 tonna ko‘mir mahsulotlaridan 8,7 ming tonnasini o‘rnatilgan tartibda aholi hamda ijtimoiy soha obyektlari ehtiyojlari uchun yetkazib berilib, 2 ming tonna qiymati 780 mln so‘mlik “BR” markali ko‘mir mahsulotlari chiqim hujjatlariga qo‘shib yozish orqali o‘zlashtirib, talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

“Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!

Muhokama qoldirish

Muhokama qonun-qoidalari


So'ngi Muhim Media Dolzarb yangiliklar