
Avvalroq, Rasul Kusherbayev Quvasoyda hokim topshirig‘i bilan 300 dan ortiq qimmatbaxo daraxtlar o‘zboshimcha ko‘chirilgani haqida yozgandi. Ekologiya boshqarmasi daraxtlarning ko‘chirilishiga qarshi bo‘lishiga qaramay Jamoat parkidagi 300 dan ortiq qimmatbaxo daraxtlar noqonuniy ravishda ko‘chirilgan va qisman yo‘q qilingan, deyilgan edi postda.
Undan keyin Kun.uz nashri holatni o‘rgandi va yoritdi. “Quvasoy shahar prokuraturasining shundoqqina qarshisida yuzlab daraxtlar “ko‘chirib o‘tkazish” bahonasi bilan qo‘porib tashlandi. Bu shahar hokimi Zafar To‘raqulovning shaxsiy tashabbusi bo‘lgan: ekologiyadan rozilik olinmagan. “Qabristonlarga ko‘chirildi” deyilgan daraxtlarning keyingi taqdiri ham noma’lum”.
Ushbu videoda esa Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov Quvasoy shahar hokimi qo‘portirib tashlagan daraxtlar o‘rnida barpo etiladigan ko‘p qavatli uylar loyihasi bilan tanishgani aytilgan.
Ekologiya vazirligining ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyati Quvasoy shahar “Huvaydo” MFY hududidan oqib o‘tgan “Besholish” soy bo‘yidan 270 tup ko‘p yillik sog‘lom daraxtlar noqonuniy ko‘chirilishi holati bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu yer maydonida ko‘p yillik qimmatbaho daraxtlar mavjudligiga qaramasdan, 2025-yil 22-yanvarda Quvasoy shahar hokimi tomonidan auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi qaror (31-11-167-Q/25-sonli) qabul qilingan.
Shuningdek, ushbu yer maydonida ko‘p qavatli turar joy binolari, yirik universal va ixtisoslashtirilgan savdo do‘konlari, supermarketlar, restoranlar qurish loyihasini amalga oshirish va auksion savdolariga chiqarish maqsadida yer maydoni 2 ta lotga bo‘lingan holda “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan.
Ta’kidlash joizki, kelishish jarayonida Quvasoy shahar ekologiya bo‘limi tomonidan 2025-yil 3-fevralda “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ko‘p yillik daraxtlar mavjud bo‘lganligi sababli ushbu yer maydonida loyihani amalga oshirish mumkin emasligi ko‘rsatilgan va rad javobi berilgan.
Shunga qaramasdan, Quvasoy shahar hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari v.b. N.M.ning topshirig‘iga asosan 11–14-fevral kunlari shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalar yordamida 270 tup (sasna, kashtan, katalpa, Yapon saforasi, tut, aylant) daraxt 16 ta joyga noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tqazilgan va 9 tup daraxt ko‘chirish jarayonida nobud qilingan.
Shuningdek, hokimlik mansabdor shaxslarining noto‘g‘ri qarorlari va noqonuniy topshiriqlari oqibatida ko‘chirilgan daraxtlar kelgusida nobud bo‘lishi xavfi yuqori bo‘lgan yer maydonlariga ekilgan.
Daraxtlarni noqonuniy ko‘chirish natijasida tabiatga umumiy 1 mlrd 829 mln 437 ming 500 so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi. To‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish maqsadida Bosh prokuraturaga yuborildi, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida 2023-yil oktyabr oyida hokim qarori bilan (budjet mablag‘i evaziga) tashkil etilgan yashil jamoat parki yo‘q qilingan.
Iqtibos, kun raqami, qiziqarli ovozli xabarlar va kun deyjesti - Telegram kanalimizda!
Muhokama qoldirish
Muhokama qonun-qoidalari